Oliy Majlis Senati iste’molchilar huquqlarini himoya qilishni kuchaytirishga qaratilgan qonunni ma’qulladi. Hujjat bilan “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 14-moddasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilgan.
Amaldagi tartibga ko‘ra, tovarda ishlab chiqarish, tuzilish, tarkib yoki boshqa nuqson aniqlansa, sotuvchi yoki ishlab chiqaruvchi uni ayni shunday marka, model yoki artikuldagi tovarga 7 kun ichida almashtirishi kerak. Agar tovar sifatini qo‘shimcha tekshirish zarur bo‘lsa, bu muddat 20 kungacha uzaytirilishi mumkin.
Yangi tartibga ko‘ra, sotuvchida xuddi shunday sifatli tovar mavjud bo‘lsa, nuqsonli mahsulotni darhol almashtirib berish talab etiladi.
Shu bilan birga, tovarni qo‘shimcha tekshirish zarur bo‘lgan holatlarning aniq mezonlari belgilanadi.
Iste’molchi yoki uning vakili tovar sifatini tekshirish jarayonida shaxsan ishtirok etish, shuningdek, tekshiruv o‘tkaziladigan vaqt va joy haqida oldindan xabardor qilinishini talab qilish huquqiga ega bo‘ladi.
Yana bir muhim yangilik — iste’molchi tovar sifatini o‘z mablag‘i hisobidan mustaqil ravishda qo‘shimcha tekshirtirishi mumkin bo‘ladi. Bunday holatda tekshiruv xarajatlarini qaysi tomon — sotuvchi, ishlab chiqaruvchi yoki iste’molchi — qoplashi lozimligi qonun bilan tartibga solinadi. Qo‘shimcha tekshiruv Vazirlar Mahkamasi belgilaydigan talablar asosida o‘tkaziladi.
O‘zgarishlar sotuvchining tovarni tekshirish bahonasida almashtirish muddatini asossiz cho‘zishiga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan.
Bu masalaning dolzarbligi iste’molchilar murojaatlarida ham ko‘rinmoqda. 2025-yilda Raqobat qo‘mitasiga 53 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan. Ularning 12 136 tasi savdo sohasiga, qariyb 6 mingtasi esa nuqsonli mahsulotlarga oid bo‘lgan.
Ayrim hollarda sotuvchilar peshtaxtada aynan shu tovar mavjud bo‘lsa ham, uni darhol almashtirish o‘rniga 7 kunlik muddatdan foydalangan yoki almashtirishni rad etgani qayd etilgan.
Muhim: mazkur o‘zgarishlarni nazarda tutuvchi qonun hozircha Senat tomonidan ma’qullangan. Yangi tartib tegishli qonun belgilangan tartibda kuchga kirganidan keyin qo‘llaniladi.
“Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 14-moddasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun.