Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

Xavfli yuqumli kasalliklar tarqalish xavfida profilaktik emlash tartibi belgilandi

  • 14.09.2026
  • 57 marta o'qildi

Karantinli va inson uchun xavfli yuqumli kasalliklar tarqalishi xavfi yuzaga kelganda aholini profilaktik emlashdan o‘tkazish tartibi belgilandi. Emlash Bosh davlat sanitariya vrachining qarori asosida joriy etiladi.


Adliya vazirligi karantinli va inson uchun xavfli yuqumli kasalliklar tarqalishi xavfi mavjud bo‘lganda aholini profilaktik emlashdan o‘tkazishga oid idoraviy hujjatni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi. Hujjat 2026-yil 9-sentabrda 3936-son bilan ro‘yxatga olindi.

Profilaktik emlashni joriy etishga hududda yuqumli kasallik aniqlanishi, uning keng tarqalishi yoki muayyan aholi guruhlariga yuqish xavfi asos bo‘ladi.

Emlash birinchi navbatda kasallikni yuqtirish yoki boshqalarga yuqtirish xavfi yuqori bo‘lgan shaxslar, kasallik o‘chog‘ida bemor bilan muloqotda bo‘lganlar hamda epidemiologik ko‘rsatmalar bo‘yicha emlanishi lozim bo‘lgan shaxslardan boshlanadi.

Profilaktik emlash faqat davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan va tibbiyotda qo‘llashga ruxsat etilgan vaksinalar bilan amalga oshiriladi.

Emlashdan oldin shaxs tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Bunda vaksinaga sezuvchanlik, avval kuzatilgan og‘ir allergik reaksiyalar va boshqa qarshi ko‘rsatmalar bor-yo‘qligi aniqlanadi.

Shuningdek, shaxsga vaksina, uning ehtimoliy ta’siri, emlashdan keyingi tibbiy kuzatuv hamda emlashni rad etishning huquqiy oqibatlari haqida ma’lumot beriladi.

Emlangan shaxs dastlabki 30 daqiqa tibbiyot xodimi kuzatuvida bo‘ladi. Keyingi 3 kun davomida esa uni shifokor va patronaj hamshira kuzatib boradi.

Emlangan har bir shaxs haqidagi ma’lumotlar emlash o‘tkazilgan zahoti Yagona tibbiyot axborot tizimiga kiritiladi.

Huquqiy asoslar

Adliya vazirligi tomonidan 2026-yil 9-sentabrda 3936-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan idoraviy hujjat.

Chat