Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

O‘zbekistonda pensiya yoshini 3 yilga oshirish taklif qilinmoqda

  • 15.09.2026
  • 11 marta o'qildi

Loyihaga ko‘ra, 2028-yildan pensiya yoshini har yili 3 oydan bosqichma-bosqich oshirib borish taklif etilmoqda. Natijada 2039-yilga kelib erkaklar uchun pensiya yoshi 63 yoshga, ayollar uchun esa 58 yoshga yetishi mumkin.


O‘zbekistonda umumiy pensiya yoshini bosqichma-bosqich oshirish taklifi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Tegishli Prezident farmoni loyihasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan e’lon qilingan.

Amaldagi tartibga ko‘ra, umumiy asoslarda yoshga doir pensiya olish yoshi erkaklar uchun 60 yosh, ayollar uchun 55 yosh etib belgilangan. Loyiha bilan bu ko‘rsatkichlarni mos ravishda 63 va 58 yoshgacha oshirish taklif etilmoqda.

2028-yil 1-yanvardan boshlab pensiya yoshini har yili 3 oydan oshirib borish taklif qilinmoqda. Shu tartib saqlansa, 2039-yilga kelib pensiya yoshi erkaklar uchun 63 yosh, ayollar uchun 58 yoshga yetadi.

Shu bilan birga, loyihada 2027-yil 1-yanvardan umumiy belgilangan pensiya yoshini bir yilga qisqartirgan holda pensiya tayinlash tartibini bekor qilish ham nazarda tutilgan.

Taklif mualliflari bu o‘zgarishlarni aholining umr ko‘rish davomiyligi oshib borayotgani va fuqarolarning pensiya tizimida ishtirok etish davri bilan pensiya to‘lovlarini olish davri o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlash zarurati bilan izohlamoqda.

Pensiya yoshini oshirish jarayonida pensiya oldi yoshidagi fuqarolar uchun qo‘shimcha kafolatlar joriy etish ham taklif qilingan.

Jumladan, xodimni faqat pensiya oldi yoshida ekani uchun ishdan bo‘shatish yoki shu sababli ishga qabul qilishni rad etishga yo‘l qo‘ymaslik rejalashtirilmoqda.

Ishsiz deb e’tirof etilgan fuqarolarning pensiyaga ikki yil oldin muddatidan avval chiqish huquqini saqlab qolish, shuningdek, pensionerlarga beriladigan soliq, transport va tibbiy imtiyozlarni davom ettirish taklif qilingan.

Zararli va og‘ir mehnat sharoitida, shu jumladan yer osti ishlarida to‘liq ish kuni ishlaydigan 50–55 yoshdagi erkaklar va 45–50 yoshdagi ayollar uchun imtiyozli pensiya huquqini saqlab qolish ham ko‘zda tutilmoqda.

Yana bir muhim taklif: erkaklarga 60 yoshdan, ayollarga esa 55 yoshdan jamg‘arib boriladigan pensiya mablag‘larini olish huquqini saqlab qolish rejalashtirilgan.

❗️ Muhim: bu o‘zgarishlar hali kuchga kirmagan. Hozircha gap normativ-huquqiy hujjat loyihasi haqida ketmoqda. Loyiha bo‘yicha jamoatchilik muhokamasi 2026-yil 30-sentabrgacha davom etadi.

Huquqiy asoslar

Pensiya tizimini isloh qilishga oid O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni loyihasi, jamoatchilik muhokamasi portalida joylashtirilgan.

Chat