Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

Toshkentda Maxtumquli ko‘chasida “yashil to‘lqin” ishga tushdi

  • 16.09.2026
  • 10 marta o'qildi

Maxtumquli ko‘chasida 11 ta svetofor o‘zaro sinxronlashtirildi. Natijada yo‘lning o‘tkazuvchanlik qobiliyati 12 foizga oshdi, o‘rtacha harakat vaqti esa 10 foizga qisqardi.


Toshkent shahri Yo‘l harakatini tashkil etish markazi mutaxassislari Maxtumquli ko‘chasidagi transport oqimi, svetofor sikllari va chorrahalar orasidagi harakat vaqtini tahlil qilib, 11 ta svetoforni “yashil to‘lqin” tamoyili asosida muvofiqlashtirdi.

Ushbu yo‘nalishda bir sutkada o‘rtacha 90 mingga yaqin avtomobil harakatlanadi. Tizimda hisobiy harakat tezligi 55 km/soat etib belgilangan. Shu tezlikka yaqin harakat qilinganda avtomobil keyingi chorrahalarda yashil signalga mos kelishi ko‘zda tutilgan.

Soat 00:00 dan 13:00 gacha “yashil to‘lqin” shahar markazi tomon, 13:00 dan 00:00 gacha esa teskari — Toshkent viloyati yo‘nalishida ishlaydi.

Optimallashtirish natijasida yo‘nalishning o‘tkazuvchanlik qobiliyati 12 foizga oshgan, marshrut bo‘yicha o‘rtacha harakat vaqti 10 foizga qisqargan.

Chat