Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

O‘zbekistonda daraxt ekish uchun joy va turlarni sun’iy intellekt tanlashga yordam beradi

  • 22.09.2026
  • 11 marta o'qildi

“Yashil makon” loyihasi doirasida “Yashil AI” modulini sinov tariqasida ishga tushirish rejalashtirilmoqda. Tizim tuproq, iqlim va suv ta’minotini tahlil qilib, qaysi hududga qanday daraxt ekish ma’qul ekani bo‘yicha tavsiya beradi.


21-sentabr kuni Prezidentga “Yashil makon” umummilliy loyihasini yangi bosqichga olib chiqish va ko‘kalamzorlashtirishda zamonaviy texnologiyalardan foydalanish bo‘yicha takliflar taqdim etildi.

Takliflar orasida “Yashil AI” sun’iy intellekt modulini tajriba tariqasida joriy etish ham bor.

Tizim hududning tuproq holati, iqlimi va suv bilan ta’minlanganligini tahlil qilib, ko‘chat ekish uchun maqbul joylar hamda mahalliy sharoitga mos daraxt turlarini tavsiya qilishi ko‘zda tutilgan.

“Yashil AI” ko‘chatlarning qurib qolishi, suv tanqisligi, kasallik va zararkunandalar xavfini erta aniqlashga ham yordam berishi rejalashtirilgan.

Muammo aniqlanganda mas’ullarga ogohlantirish yuborish, ko‘kalamzorlashtirish natijalarini esa yagona xarita orqali ochiq kuzatish imkoniyatini yaratish taklif qilingan.

Shuningdek, har bir mahalla uchun ko‘chat turi, ekish joyi va sug‘orish tizimini ko‘rsatuvchi “yashil xarita” ishlab chiqiladi.

Ko‘kalamzorlashtirishda “3–30–300” tamoyilini qo‘llash ham taklif etilmoqda: inson yashash, ishlash yoki o‘qish joyidan kamida 3 ta daraxtni ko‘ra olishi, hududning kamida 30 foizi daraxtlar soyasi bilan qoplanishi, uyidan 300 metr masofada yashil dam olish hududi bo‘lishi nazarda tutiladi.

❗️ Muhim: “Yashil AI” hozircha ishga tushgan tayyor xizmat emas. Uni tajriba tariqasida joriy etish taklif qilingan.

Chat