Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

Pensiya xizmatlari raqamlashtiriladi: ayrim pensiyalar murojaatsiz tayinlanadi

  • 02.10.2026
  • 7 marta o'qildi

O‘zbekistonda pensiya taʼminotiga oid davlat xizmatlarini bosqichma-bosqich raqamlashtirish belgilanmoqda. Ayrim pensiyalar fuqarolarning alohida murojaatisiz tayinlanadi, interaktiv xizmatlar kengaytiriladi hamda 2027 yildan Pensiya jamg‘armasiga qog‘oz shaklidagi hujjatlarni taqdim etish amaliyoti bekor qilinadi.


Prezidentning 2026 yil 28 sentyabrdagi PQ-355-son qarori bilan pensiya taʼminotiga oid fuqarolarga ko‘rsatiladigan xizmatlarni 2027 yil 1 yanvarga qadar to‘liq interaktiv va proaktiv shaklga o‘tkazish belgilandi.

Xususan, 2026 yil 1 noyabrdan ishlar hajmi qisqargani yoki korxona tugatilgani sababli ishsiz deb eʼtirof etilgan shaxslarga umumiy belgilangan pensiya yoshidan ikki yil avval yoshga doir pensiya alohida murojaatsiz, proaktiv shaklda tayinlanadi.

2027 yil 1 yanvardan esa boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini tayinlash ham proaktiv tartibga o‘tkaziladi. Shu sanadan «Mening pensiyam» onlayn xizmati doirasida pensiya yoshiga bir yil qolgan fuqarolarni oldindan xabardor qilish imkoniyati yaratiladi.

Fuqarolarning xohishiga ko‘ra quyidagi xizmatlardan interaktiv tarzda foydalanish mumkin bo‘ladi:

  • 2026 yil 1 noyabrdan — mehnat sharoiti zararli va og‘ir ishlarda band bo‘lgan hamda pensiya yoshini qisqartirgan holda pensiya olish huquqiga ega shaxslarga imtiyozli shartlarda pensiya tayinlash;

  • 2026 yil 1 dekabrdan — pensiyaning boshqa turiga o‘tkazish uchun murojaat qilish;

  • 2027 yil 1 yanvardan — pensiya to‘lovini naqd pul shakliga o‘tkazish hamda to‘xtatib turilgan pensiya to‘lovlarini tiklash.

Shuningdek, 2027 yil 1 yanvardan Pensiya jamg‘armasi fuqarolardan qog‘oz shaklidagi hujjatlar va maʼlumotlarni qabul qilishni to‘xtatadi. Zarur maʼlumotlarni elektron axborot almashinuvi orqali olish mexanizmlari qo‘llaniladi.

Yana bir muhim o‘zgarish — 2026 yil 1 oktyabrdan fuqarolik-huquqiy shartnomalar asosida ishlayotgan shaxslar o‘zini o‘zi band qilganlar uchun belgilangan miqdorda ijtimoiy soliq to‘lasa, ularga bir yil ish staji avtomatik hisoblanadi.

2027 yil 1 yanvardan esa rasmiy daromadga ega shaxslar ishlamaydigan oila aʼzolariga ish staji hisoblanishi uchun har oy ixtiyoriy ravishda mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 12 foizi miqdorida ijtimoiy soliq to‘lashlari mumkin bo‘ladi.

Chat