Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

Retseptsiz beriladigan dorilar uchun yangi mezonlar belgilandi

  • 17.11.2026
  • 83 marta o'qildi

O‘zbekistonda dorilarni retseptsiz beriladigan toifaga kiritishda ularni mustaqil qo‘llash xavfsizligi, nojo‘ya ta’sirlar va noto‘g‘ri foydalanish xavfi baholanadi. Asosiy o‘zgartirishlar 2027-yil 14-fevraldan kuchga kiradi.


Adliya vazirligi dori vositalarini retsept bilan va retseptsiz beriladigan toifalarga ajratish tartibiga kiritilgan o‘zgartirishlarni 2026-yil 12-noyabrda 3430-2-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.

Dorining toifasi uni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, ro‘yxatdan o‘tkazish hujjatlarini o‘zgartirish yoki guvohnomaning amal qilish muddatini uzaytirish jarayonida belgilanadi.

Xavfsizlik va tushunarli yo‘riqnoma asosiy talablardan

Retseptsiz beriladigan toifaga kiritishda, jumladan, quyidagilar baholanadi:

  • dorini tibbiyot xodimining doimiy kuzatuvisiz xavfsiz qo‘llash imkoniyati;

  • ruhiy va jismoniy qaramlik keltirib chiqarmasligi;

  • noto‘g‘ri qo‘llash, dozani oshirish va uzoq qabul qilish xavfining pastligi;

  • yo‘riqnomadagi ma’lumotlarning aniq, to‘liq va iste’molchi uchun tushunarli bo‘lishi;

  • farmakonazorat va sotuvga chiqarilgandan keyingi kuzatuv natijalari.

Shuningdek, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti e’tirof etgan xorijiy tartibga soluvchi organlar tomonidan dorining retseptsiz toifaga kiritilgani haqidagi ma’lumotlar hisobga olinadi.

Bir nechta faol moddali dorilar uchun qo‘shimcha shartlar

Ikki yoki undan ortiq faol moddali preparat ham retseptsiz toifaga kiritilishi mumkin. Bunda har bir faol modda alohida retseptsiz beriladigan bo‘lishi lozim.

Moddalarni birgalikda qo‘llash klinik va ilmiy dalillar bilan asoslanishi, foyda–xavf nisbati ijobiy, o‘zaro ta’sir va noto‘g‘ri qo‘llash xavfi esa past bo‘lishi talab etiladi.

Dorining toifasi qayta ko‘rib chiqilishi mumkin

Retseptsiz toifaga o‘tkazish rad etilsa, rad etish sabablari bartaraf etilganida yoki xavfsizlik va samaradorlikka oid yangi ma’lumotlar paydo bo‘lganida ariza beruvchi qayta murojaat qilishi mumkin.

Vakolatli organ ham yangi ma’lumotlar, kuzatuv natijalari yoki qonunchilikdagi o‘zgarishlar asosida dorining toifasini qayta ko‘rib chiqish huquqiga ega.

Rasmiy manba: Lex.uz — 3430-2-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan buyruq.

Chat