Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

Nogironligi bo‘lgan shaxslarning auksion orqali yer uchastkasi sotib olish xarajatlarining bir qismi qoplab beriladi

  • 25.03.2023
  • 581 marta o'qildi

Hukumat qarori (122–son, 23.03.2023 y.) bilan Nogironligi bo‘lgan shaxsning va tarkibida nogironligi bo‘lgan shaxs bor oilaning elektron onlayn-auksion orqali yer uchastkasini sotib olish bilan bog‘liq xarajatlarini qoplab berish tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlandi.

Nizomga ko‘ra, yer uchastkasini auksion orqali sotib olish xarajatlaridan kelib chiqqan holda, oilasi tarkibida nogironligi bo‘lgan shaxslar sonidan qatʼi nazar, BHMning 100 baravarigacha (30 mln so‘mgacha) miqdorda bir martalik to‘lov ajratiladi. 

Bunda xarajatlar ushbu miqdordan yuqori bo‘lgan hollarda BHMning 100 baravarigacha (30 mln so‘mgacha) bo‘lgan qismi qoplab beriladi.

Imtiyozli toifadagi shaxslar quyidagi mezonlarga muvofiq kelishi kerak:

  • oxirgi 12 oy davomida o‘zi yoki oila aʼzolari nomida yashash uchun mo‘ljallangan turar joyi yoki yer uchastkasi mavjud bo‘lmasligi;

  • yer uchastkasi oxirgi 3 oy ichida auksion orqali xarid qilingan va O‘zbekiston hududida bo‘lishi;

  • nogironligi bo‘lgan shaxs deb topilgan, shuningdek, “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ning birida turgan bo‘lishi.

Imtiyozli toifadagi shaxs auksion orqali yer uchastkasi sotib olgandan boshlab 3 oy ichida o‘z hududidagi tuman (shahar) kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limiga murojaat qilishi lozim (ushbu muddatdan kechikib berilgan arizalar ko‘rib chiqilmaydi).

Mablag‘ ajratish to‘g‘risida belgilangan tartibda qaror qabul qilingandan so‘ng 5 ish kunida imtiyozli toifadagi shaxslarning arizasida ko‘rsatilgan bank plastik hisobvarag‘iga mablag‘ o‘tkazilishi taʼminlanadi.

Chat