Toshkent shahrida parkovka joylarini boshqarish bo‘yicha yagona tizimni joriy etishga qaratilgan pilot loyiha ishga tushirildi. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, hozirda shaharda notartib parkovka qilish muammosi dolzarbligicha qolmoqda. Avtomobillar trotuarlar, kirish-chiqish yo‘laklari va binolar oldiga to‘g‘ri kelmagan holda joylashtirilib, piyodalar harakati cheklanishi va xavfsizlik darajasi pasayishiga sabab bo‘lmoqda.
Mutaxassislar maʼlumotiga ko‘ra, aholi gavjum hududlarda avtomobillarning 20–30 foizi qoidabuzarlik bilan to‘xtaydi. Bu esa trotuarlar o‘tkazuvchanligini 40–60 foizgacha kamaytiradi.
Yangi tizim doirasida savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari huzuridagi xususiy parkovkalar yagona shahar boshqaruv tizimiga ulanadi. Bu orqali parkovka joylarining aniq hisobi yuritiladi, ularning bandligi nazorat qilinadi va foydalanishning shaffof tizimi shakllantiriladi.
Loyiha doirasida tushum manbalari ham shakllantirilib, ular yo‘l infratuzilmasini rivojlantirishga yo‘naltiriladi.
Shuningdek, tahlillarga ko‘ra, tirband hududlarda transport oqimining 30 foizgacha qismi, ayrim joylarda esa 40 foizi parkovka joyi qidirish hisobiga to‘g‘ri keladi. Xalqaro tajriba raqamli boshqaruv tizimlari parkovka qidirish vaqtni 43 foizgacha, yo‘l bosish masofasini esa 30 foizgacha qisqartirishini ko‘rsatgan.
Loyiha hozircha pilot tarzda amalga oshirilmoqda. Uning samaradorligi baholangandan so‘ng, jamoatchilik muhokamasi asosida kengaytirilishi mumkin.