Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 112803 marta o'qildi

Pedagog xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimiga quyidagilar kiradi:

  • O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi;
  • Maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktor va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti tarkibida maktabgacha ta’lim tashkilotlari pedagog xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish jarayonlarini takomillashtirish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash;
  • Xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazlari.

Pedagog xodimlarning malaka toifalarini olishi (o‘zgartirishi) va attestatsiyadan o‘tishi uchun qayta tayyorlash yoki malaka oshirish kurslaridan o‘tganligi to‘g‘risida hujjatning (diplom, sertifikat) mavjudligi talab etiladi.

Malakasini oshirish

Pedagog xodimlarning malakasini oshirish to‘g‘ridan-to‘g‘ri (ta’lim dasturlari bo‘yicha o‘qitish) va bilvosita (ta’lim dasturlarisiz o‘qitish) shakllari bo‘yicha tashkil etiladi.

Pedagog xodimlarning malakasini oshirish quyidagi ko‘rinishlarda amalga oshiriladi:

  • asosiy ishdan bo‘shagan holda;
  • asosiy ishdan qisman bo‘shagan holda (uyg‘unlashtirilgan usul);
  • asosiy ishdan bo‘shamagan holda (masofaviy ta’lim).

Asosiy ishdan bo‘shagan holda va asosiy ishdan qisman bo‘shagan holda (uyg‘unlashtirilgan usulda) malakani oshirish hududiy markaz bazasida o‘tkaziladi.

Asosiy ishdan qisman bo‘shagan holda (uyg‘unlashtirilgan usulda) malaka oshirish kursi umumiy davomiyligining 50 yoki 25 foizi — hududiy markazda auditoriya mashg‘ulotlariga ajratiladi. Kursning qolgan qismi amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazilishini nazarda tutadi. Amaliy mashg‘ulotlarni asosiy ish joyida o‘tkazishga yo‘l qo‘yiladi.

Amaliy mashg‘ulotlarning har bir o‘zlashtirilgan moduli bo‘yicha test sinovlari, referat topshirish, amaliyot bo‘yicha hisobot va shu kabilar shaklidagi nazorat nazarda tutiladi.

Asosiy ishdan bo‘shamagan holda o‘qitishning masofaviy ta’lim shakli qo‘llaniladi.

Pedagog xodimlarning malakasini oshirish davomiyligi uni tashkil etish shakllariga hamda pedagog xodimning kasbiy malaka darajasini va individual kasbiy ehtiyojini hisobga olgan holda buyurtmachi tomonidan belgilanadigan talablarga bog‘liq holda aniqlanadi.

Pedagog xodimlar 5 yilda kamida bir marta malaka oshirishlari shart.

Malaka oshirishning to‘g‘ridan-to‘g‘ri shakllari uchun auditoriya mashg‘ulotlarining va mustaqil ishlarning eng yuqori hajmi haftasiga 36 soat etib belgilanadi.

Qayta tayyorlash

Quyidagilar qayta tayyorlashning asosiy turlari hisoblanadi:

  • Pedagogik qayta tayyorlash — oliy ma’lumotli nopedagog mutaxassislarning bazaviy kasbiy ma’lumotini ta’limning tegishli turi malaka talablari bilan belgilanadigan o‘quv-tarbiya jarayonining talab etiladigan sifatini ta’minlaydigan darajada pedagogik faoliyatni yuritish uchun zarur va etarli bo‘lgan pedagogik tayyorgarlik talablariga muvofiqlashtirish maqsadida mutaxassislarni qayta tayyorlash;
  • Kasbiy qayta tayyorlash (ixtisoslashuv) — oliy pedagogik ma’lumotli mutaxassislar tomonidan ta’limning tegishli turi malaka talablari bilan belgilanadigan o‘qitishning talab etiladigan sifatini ta’minlaydigan darajada o‘quv fani yoki kurs bo‘yicha pedagogik faoliyatni yuritish uchun zarur va etarli hajmda yangi kasbiy bilimlar, malaka va ko‘nikmalarni o‘zlashtirish.

Pedagog xodimlarni kasbiy qayta tayyorlash yangi o‘quv fanlari yoki kurslar joriy etilishi munosabati bilan shartnoma asosida tashkil etiladi.

Qayta tayyorlash natijasida beriladigan hujjat (diplom) muayyan fanlar bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari olib borish huquqini beradi.

Pedagog xodimlarni qayta tayyorlash dasturlarini o‘zlashtirish muddati o‘quv rejasiga kiritilgan fanlar soni hamda ularning yuklamalari hajmidan kelib chiqib belgilanadi va u 16 haftadan (576 soatdan) kam bo‘lmasligi shart. Auditoriya mashg‘ulotlari va mustaqil ishlarning haftalik yuklamasi eng yuqori hajmi haftasiga 36 soat etib belgilanadi.

Auditoriya mashg‘ulotlarining barcha turlari 80 daqiqa davom etadi, o‘quv mashg‘ulotlari oralig‘idagi tanaffus kamida 10 daqiqani tashkil etadi.

Malaka oshirish va qayta tayyorlashda beriladigan imtiyozlar

Malaka oshirish kurslari tinglovchilari uchun o‘qishning barcha davrida ularning asosiy ish joyi bo‘yicha egallagan lavozimi va o‘rtacha ish haqi saqlanadi, ularning o‘quv yuklamasi esa boshqa a’zolar o‘rtasida taqsimlanadi.

Ishdan ajralgan malaka oshirishga boshqa hududlardan yuborilgan tinglovchilar uchun o‘qishga borish va undan qaytish bo‘yicha bir martalik yo‘l haqi xarajatlari ularni yuborgan tomon hisobidan qoplanadi.

O‘quv kurslaridan chetlatish

Tinglovchi quyidagi hollarda tinglovchilar safidan chetlashtirilishi mumkin:

  • o‘z xohishiga binoan;
  • o‘quv intizomini va hududiy markazning ichki tartib-qoidalarini buzganligi uchun;
  • o‘quv mashg‘ulotlarini uzrli sabablarsiz 18 akademik soatdan ortiq qoldirganligi sababli;
  • ta’lim dasturlarini o‘zlashtirmaganligi uchun;
  • salomatligi tufayli (tibbiy komissiya ma’lumotnomasi asosida);
  • sud tomonidan ozodlikdan mahrum etilganligi munosabati bilan;
  • vafot etganligi sababli.

Tinglovchi malaka oshirish kursidan chetlatilganda, unga hududiy markaz tomonidan sabablari ko‘rsatilgan holda ma’lumotnoma beriladi, shuningdek, bu haqda uni malaka oshirishga yuborgan buyurtmachiga xabar beriladi.

Malaka oshirish kursidan chetlatilgan yoki yakuniy nazoratdan o‘ta olmagan buyurtma asosida kelgan tinglovchi keyingi o‘quv yilida ish haqi saqlanmagan holda malaka oshirishga yuboriladi.

Malaka oshirish kurslariga qayta yuborilgan pedagog xodim o‘qish yakunlari bo‘yicha yakuniy nazoratdan takroran o‘tmagan yoki asosiy ish joyi bo‘yicha belgilangan muddatda malaka oshirish kurslaridan o‘tmagan taqdirda, u bilan tuzilgan mehnat shartnomasining amal qilish muddatidan qat’i nazar, mehnat shartnomasi belgilangan tartibda 2 oy mobaynida bekor qilinadi.

Ular kelgusida o‘z pedagogik faoliyatini davom ettirishi uchun hududiy markaz bilan bevosita tuzilgan shartnoma asosida o‘z malakalarini oshirgan bo‘lishlari talab qilinadi.

Qayta tayyorlash kursi ta’lim dasturlarini o‘zlashtirish yuzasidan yakuniy nazoratdan qoniqarsiz baho olgan tinglovchilarga kamida 1 oydan so‘ng yakuniy kursni tugatish ishini qayta himoya qilish imkoniyati beriladi.

Hujjatlar

Qayta tayyorlash va malaka oshirish bo‘yicha ta’lim dasturlari talablarini muvaffaqiyatli bajargan tinglovchilarga quyidagi hujjatlar beriladi:

  • malaka oshirish haqida davlat namunasidagi sertifikat — kamida 4 hafta (144 soat) hajmidagi ta’lim dasturlarini o‘tagan tinglovchilar uchun;
  • qayta tayyorlash haqida davlat namunasidagi diplom — kamida 16 hafta (576 soat) hajmidagi ta’lim dasturlarini o‘tagan tinglovchilar uchun;
  • yakuniy nazorat natijasida o‘qitish dasturini o‘zlashtirish yuzasidan qoniqarsiz baho olgan tinglovchilarga o‘quv kursini tamomlaganlik to‘g‘risidagi ma’lumotnoma.

Qayta tayyorlash haqida davlat namunasidagi diplom va malaka oshirish haqida davlat namunasidagi sertifikat belgilangan tartibda rasmiylashtiriladi.

Chat