Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 7622 marta o'qildi

Mahallalarda ijtimoiy muammolarni aniqlash va hal etish ishlarini kompleks tashkil etish, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholiga «oilabay» yondashuv tizimini joriy etish, ko‘rsatilayotgan ijtimoiy xizmatlarning soni va sifatini oshirish, bunga javobgar bo‘lgan vazirlik va idoralarning mas’uliyatini kuchaytirish hamda xotin-qizlarni kasbga o‘qitish tizimini yanada jadallashtirish maqsadida 2022-yil 1-iyuldan boshlab quyidagilarni nazarda tutuvchi Mahallalarda kompleks yondashuv asosida ijtimoiy xizmatlarni tashkil etish tizimi bosqichma-bosqich joriy qilindi.

Bo‘nga ko‘ra:

a) mahallalardagi xotin-qizlar faollariga quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklatilgan:

  • har bir xonadon ahvolini o‘rganib, oilalardagi haqiqiy holat va ijtimoiy xizmatlarga bo‘lgan ehtiyojni aniqlash;
  • ijtimoiy yordamga muhtoj har bir oilani individual ijtimoiy himoya qilish rejasini ishlab chiqish;
  • aholi murojaatlari asosida va ijtimoiy himoya rejasining ijrosini o‘rganish jarayonida ijtimoiy xizmatlarning o‘z vaqtida va sifatli ko‘rsatilishini doimiy nazorat qilib borish;
  • murakkab va yuqori texnologik tibbiy amaliyotlarga, nogironligi bo‘lgan shaxslarning protez-ortopediya buyumlariga va shu kabi boshqa ijtimoiy xizmatlarga oilalarning ehtiyoji bo‘yicha tavsiyalar va buyurtmalar berish;
  • ijtimoiy himoyaga mas’ul barcha idoralar tomonidan ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatilishi ustidan monitoring olib borish;

b) Mahallalarda kompleks yondashuv tizimi asosida ijtimoiy xizmatlarni joriy qilishni muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika shtabi (keyingi o‘rinlarda — Muvofiqlashtirish shtabi) 1-ilovaga muvofiq tashkil etilgan va unga ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash borasida quyidagi vazifalar yuklatilgan:

  • oilalardagi ijtimoiy muammolarni hal etishda kompleks yondashuv tizimini yo‘lga qo‘yish;
  • oilalardagi ijtimoiy muammolarni aniqlash uchun xotin-qizlar faoli bilan hamkorlik qilish;
  • oilalarni iqtisodiy nochor ahvoldan chiqarish va mehnat orqali barqaror daromad manbai bilan ta’minlash choralarini ko‘rish;
  • sog‘lom hayot tarzini targ‘ib qilish hamda tibbiy yordamga muhtoj oilalarga o‘z vaqtida sifatli tibbiy ko‘mak ko‘rsatilishini tashkillashtirish;
  • yuridik ko‘mak ko‘rsatish va huquqbuzarliklarning oldini olish choralarini ko‘rish.

Muvofiqlashtirish shtabining ishchi organi etib Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi belgilandi.

2022-yil 1 noyabrga qadar:

a) mahallalardagi xotin-qizlar faollari tomonidan har ikki haftada Hududiy shtablarga quyidagi ma’lumotlar kiritib boriladi:

  • mahallalarda xonadonlar ahvoli, oilalardagi haqiqiy holat asosida ularning ijtimoiy xizmatlarga bo‘lgan ehtiyoji;
  • mahallalardagi oilalarni o‘rganish natijalari bo‘yicha ularga aniq ijtimoiy xizmat ko‘rsatish bo‘yicha ma’lumotlar;
  • murakkab va yuqori texnologik operatsiyalarga, nogironligi bo‘lgan shaxslarning protez-ortopediya buyumlariga va shu kabi boshqa ijtimoiy xizmatlarga oilalarning ehtiyoji bo‘yicha tavsiyalar va buyurtmalar;
  • mahallalarda xonadonlar ahvolini kuzatib borish hamda aholi murojaatlari asosida ularga ijtimoiy xizmat ko‘rsatilishining o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi bo‘yicha ma’lumot;

b) Hududiy shtablar mahallalardagi xotin-qizlar faollaridan kelib tushgan ma’lumotlarni o‘z hududi kesimida umumlashtirgan holda 2 kun muddatda ularni Muvofiqlashtirish shtabiga yuboradi;
v) Muvofiqlashtirish shtabi kelib tushgan ma’lumotlar asosida 3 kun muddatda haqiqatda ijtimoiy xizmatga ehtiyojmand bo‘lgan oilalarga Hududiy shtab a’zosining mas’ul xodimi tomonidan manzilli ijtimoiy xizmat ko‘rsatilishini tashkillashtiradi.

«Ijtimoiy himoya yagona reestri» axborot tizimi negizida «Mahallada ijtimoiy xizmat» avtomatlashtirilgan maxsus elektron modulini 2022-yil 1-avgustgacha ishlab chiqilgan va ishga tushirilgan.

«Mahallada ijtimoiy xizmat» moduli:
  • mahallalarda oilalarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishni axborot-kommunikatsion texnologiyalar asosida amalga oshirish bo‘yicha maxsus elektron dasturiy ta’minot hisoblanadi;
  • foydalanuvchisi Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi hisoblanadi;
  • «Ijtimoiy himoya yagona reestri» axborot tizimining tarkibiy qismi bo‘lib, uning funktsional imkoniyatlarini kengaytirish, takomillashtirish hamda texnik qo‘llab-quvvatlash Moliya vazirligi tomonidan amalga oshiriladi;
  • mahallalarda davlat ijtimoiy xizmatini yoki yordamini ko‘rsatishda davlat organlari va tashkilotlarining idoralararo elektron hamkorligini amalga oshirishga xizmat qiladi.

  • 2022-yil 1-avgustdan boshlab, dastlab Surxondaryo viloyatining mahallalarida «Mahallada ijtimoiy xizmat» moduli orqali ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimi joriy etiladi.
  • 2022-yil 1 noyabrdan boshlab, respublikaning boshqa barcha mahallalarida «Mahallada ijtimoiy xizmat» moduli orqali ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimi to‘liq joriy etiladi.

Mahallalarda xotin-qizlar faollari orqali «Mahallada ijtimoiy xizmat» modulini joriy etishning quyidagi 3 bosqichini nazarda tutuvchi tartib belgilandi:
  • a) birinchi bosqichda«Mahallada ijtimoiy xizmat» moduli doirasida mahallalarda ijtimoiy xizmatlarga muhtoj bo‘lgan oilalarning ehtiyojmandlik darajasi avtomatlashtirilgan tarzda ob’ektiv qaror qabul qilish orqali baholanadi.
  • Bunda, oilalarning ma’lum bir turdagi davlat ijtimoiy xizmatiga bo‘lgan ehtiyoji fuqarolardan qo‘shimcha hujjatlar talab etmagan holda so‘rovnoma tarzda baholash mezonlariga muvofiq aniqlanadi;
  • b) ikkinchi bosqichda«Mahallada ijtimoiy xizmat» modulida har bir ijtimoiy xizmatga muhtoj bo‘lgan oilalar uchun individual ijtimoiy rejalar tuziladi.
  • Bunda, individual ijtimoiy rejalar oilalarga kompleks yoki ma’lum bir turdagi ijtimoiy xizmat ko‘rsatilishiga qarab tuziladi;
  • v) uchinchi bosqichda — individual ijtimoiy rejalarga muvofiq oilalarga ijtimoiy xizmatlarning ko‘rsatilishi jarayoni «Mahallada ijtimoiy xizmat» moduli orqali monitoring qilinadi.

 

Chat