2024/2025 o‘quv yilidan oliy va professional ta’lim tashkilotlarining talaba va o‘quvchilariga ta’lim kreditlari quyidagilarni nazarda tutgan holda ajratiladi:
- oliy va professional ta’lim tashkilotlarida tahsil olish uchun ta’lim krediti faqat kunduzgi ta’lim shaklida o‘qiyotgan talaba va o‘quvchilarga ajratiladi;
- ta’lim krediti:
- oliy ta’lim tashkilotlarining birinchi bosqich talabalari hamda professional ta’lim tashkilotlari o‘quvchilari uchun to‘lov-kontrakt summasi miqdorida;
- oliy ta’lim tashkilotlarining ikkinchi va undan yuqori kurs talabalari uchun fanlarni o‘zlashtirishning o‘rtacha ko‘rsatkichi “3” dan past bo‘lgan taqdirda to‘lov-kontrakt summasining ko‘pi bilan 80 foizi miqdorida ajratiladi.
Bundan “Ijtimoiy himoya yagona reestri”ga kiritilgan oilalar farzandlari mustasno.
Bunda ta’lim krediti:
- OTM talabalari uchun – talabalar to‘g‘risidagi ma’lumotlar “Talabalarga shartnoma asosida ko‘rsatiladigan xizmatlar hisobini yuritish” (kontrakt.edu.uz) axborot tizimi va “Oliy ta’lim jarayonlarini boshqarish” (HEMIS) axborot tizimida mavjud bo‘lganda;
- professional ta’lim tashkilotlari o‘quvchilari uchun – o‘quvchilar to‘g‘risidagi ma’lumotlar “Professional ta’lim jarayonlarini boshqarish” (prof.edu.uz) axborot tizimida mavjud bo‘lganda ajratiladi.
2024/2025 o‘quv yili boshlangungacha ta’lim krediti olish uchun arizalarni “Ta’lim krediti” axborot tizimi (taʼlim-krediti.mf.uz) va YaIDXP (my.gov.uz) orqali topshirish imkoniyati yaratildi.