Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 5382 marta o'qildi

1. Men 1-kurs talabasiman. Men kreditni o‘zim to‘lay olmayman. Bankdan ta’lim krediti olsam bo‘ladimi?

Javob: Ta’lim kreditlari tijorat banklari tomonidan oliy ta’lim muassasalarining kunduzgi bo‘limlariga to‘lov-kontrakt asosida qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lgan talabalarning o‘qishi uchun talabalarning o‘zlariga, ularning ota-onalariga yoki vasiylariga beriladi.

  • Ta’lim kreditlari bakalavriatga o‘qishga qabul qilingan talabalarga 10 yilgacha, magistraturaga o‘qishga qabul qilingan talabalarga 5 yilgacha bo‘lgan muddatga beriladi.

Respublikadagi davlat oliy ta’lim muassasalarixususiy va xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari hamda ularning filiallari talabalariga kontrakt to‘lovlari uchun ta’lim kredit ajratiladi!

Ta’lim kreditlari uchun quyidagi foiz stavkalari belgilanadi:
  • chin etimlarga, «Mehribonlik uylari»da tarbiyalanganlarga hamda bolalikdan I va II guruh nogironligi bo‘lganlarga – nolь foiz stavkasi;
  • talabalarning qolgan toifalariga — 2020-yil 1 yanvardan boshlab foiz xarajatlarining bir qismini «Yoshlar — kelajagimiz» jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan kompensatsiya qilish mexanizmidan foydalanish imkoniyati bilan bozor stavkalari belgilanadi.

  • Ta’lim kreditlari bo‘yicha foiz stavkasi Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasi o‘zgarishiga qarab o‘zgarishi mumkin, bu kredit shartnomasida qayd etilishi kerak.
  • Kam ta’minlangan oilalardan bo‘lgan talabalar uchun kredit bo‘yicha foizlarning 50 foizi Ish bilan ta’minlashga ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘laridan to‘lanadi. Buning uchun tuman Aholi bandligiga ko‘maklashish markazlariga murojaat qilish lozim.
  • Ta’lim kreditlari, qoida tariqasida, qarz oluvchining (talaba, ota-ona yoki vasiy) yashash joyida joylashgan bank filiallari tomonidan beriladi.

Ta’lim kreditini olish uchun quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
  • ta’lim kreditini olish uchun ariza;
  • talaba va oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida tuzilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qish haqidagi shartnoma (kontrakt);
  • kreditni qaytarishning ta’minlanishi to‘g‘risida hujjat (masalan, jismoniy yoki yuridik shaxslarning kafolati, mol-mulk yoki qimmatli qog‘ozlar garovi, kreditning qaytarilmasligi xavfini sug‘urtalash haqidagi sug‘urta polisi);
  • imtiyozli ta’lim kreditlari olish huquqiga ega bo‘lgan chin etimlar, «Mehribonlik uylari»da tarbiyalanganlar, bolalikdan I va II guruh nogironligi bo‘lganlar, kam ta’minlangan oilalardan chiqqanlar tegishli tasdiqlovchi hujjatlarni ham taqdim etishadi.

2. Men 25 yoshdaman. Eshitishimcha, mahallalarda “Yoshlar etakchisi” lavozimi paydo bo‘lgan. Menga ushbu lavozim haqida ko‘proq ma’lumot bersangiz?

Javob: “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–92-son, 19.01.2022-y.) qabul qilindi.

  • Qarorga ko‘ra,har bir shaharcha, qishloq, ovulda, shuningdek, shaharlar, shaharchalar, qishloqlar hamda ovullardagi har bir mahallada yoshlar etakchisi lavozimi joriy etiladi.
  • Yoshlar etakchisi, jumladan, “Yoshlar balansi”ni shakllantirib, yoshlar to‘g‘risidagi zarur ma’lumotlarni “Yoshlar daftari” va “Yoshlar portali” elektron platformalariga kiritib boradi.
  • Qarorga ko‘ra, har bir mahallada “Bir nuroniyga o‘n nafar yosh”, “Keksa avlod uchrashuvlari” loyihalari amalga oshiriladi.
  • Har chorakda mahallada yoshlar siyosatini samarali amalga oshirishda yuqori natijadorlikka erishayotgan mamlakat bo‘yicha eng ilg‘or 100 nafar Etakchilar bir oylik ish haqiga teng miqdorda bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
  • Shuningdek, faoliyatini samarali tashkil etayotgan, o‘zining shaxsiy fazilatlari bilan yoshlarga namuna bo‘layotgan va ularga etakchilik qilayotgan Etakchilar “Yangi O‘zbekiston islohotchisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanadi.
  • 2022-yil 1-martdan Etakchining tavsiyasi asosida yoshlarga tegishli yordam turlari (13 ta) beriladi.

Qaror bilan quyidagilar tashkil etildi:

  • Vazirlar Mahkamasida Yoshlar ishlari sho‘’basi;
  • Yoshlar ishlari agentligi, uning hududiy boshqarmalari va bo‘limlari tuzilmalarida mahalla va ta’lim muassasalarida yoshlar bilan ishlash bo‘linmalari.

Davlat OTM va ularning filiallaridagi yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektorga (direktor o‘rinbosariga) birinchi prorektor (direktorning birinchi o‘rinbosari) maqomi beriladi.

  • Etakchi lavozimiga nomzodlar tumanlar (shaharlar) hokimlari boshchiligidagi tanlov komissiyalarini shakllantirish orqali ochiq tanlovlar asosida ishga qabul qilinadi.

Etakchining oylik ish haqi miqdori u biriktirilgan mahalladagi xonadonlar soniga mutanosib ravishda quyidagicha belgilanadi:

  • xonadonlar soni 500 tagacha bo‘lgan mahallada – mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 5 baravari miqdorida;
  • xonadonlar soni 501 tadan 1 000 tagacha bo‘lgan mahallada – MHEKMning 5,5 baravari miqdorida;
  • xonadonlar soni 1 000 tadan ortiq bo‘lgan mahallada – MHEKMning 6 baravari miqdorida.

Boshqa hududlardan kelib ishlayotgan Etakchi uchun BHMning 2 baravarigacha miqdorda turar joy ijara to‘lovi qoplab beriladi.

3. Men 23 yoshdaman va haqiqatan ham yordamga muhtojman. Yoshlar daftariga qanday kirishim mumkin?

Javob: «Yoshlar daftari» — ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy, psixologik qo‘llab-quvvatlashga, bilim va kasb o‘rganishga ehtiyoji va ishtiyoqi bo‘lgan, ishsiz yoshlarning muammolarini aniqlash, bartaraf etish va nazoratini olib borish bo‘yicha ma’lumotlar bazasi.

«Yoshlar daftari»ga 14 yoshga to‘lgan va 30 yoshdan oshmagan quyidagi toifadagi yoshlar kiritiladi:
  • oila a’zosi «Temir daftar», «Ayollar daftari» yoki «Ijtimoiy himoya yagona reestri»ga kiritilgan;
  • ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan;
  • boquvchisini yo‘qotgan, etim yoki ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan;
  • o‘ziga nisbatan vasiylik yoki homiylik belgilangan;
  • o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan ishga layoqatsiz;
  • I yoki II guruh nogironligi bo‘lgan;
  • farzandida I yoki II guruh nogironligi bo‘lgan;
  • jismoniy va (yoki) ruhiy rivojlanishida nuqsonlari bo‘lgan;
  • ota-onasidan birida I yoki II guruh nogironligi bo‘lgan, ikkinchisi esa ish faoliyatini to‘xtatgan holda bemorga qarashga majbur bo‘lgan yoxud ota-onasining har ikkisida I yoki II guruh nogironligi bo‘lgan;
  • yuzaga kelgan holatlar sababli og‘ir turmush sharoitida qolgan;
  • zo‘ravonlik va ekspluatatsiya, tabiiy ofatlar, halokatlar, yong‘inlar va boshqa favqulodda vaziyatlar oqibatida hayotiga, sog‘lig‘iga, mulkiga zarar etgan;
  • «Mehribonlik» uyi, Bolalar shaharchasi yoki oilaviy bolalar uyida tarbiyalangan;
  • haq to‘lanadigan ishga yoki ish haqi (mehnat daromadi) keltiradigan mashg‘ulotga ega bo‘lmagan;
  • davolanishga muhtoj bo‘lgan bemor yoshlar;
  • jazoni ijro etish muassasalaridan qaytgan;
  • muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan;
  • psixologik maslahatga muhtoj;
  • nikohi qayd etilganiga 3 yildan oshmagan yosh oila;
  • dehqonchilik yoki tomorqa xo‘jaligini yuritayotgan;
  • yosh tadbirkor yoki o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida soliq xizmati organlarida ro‘yxatdan o‘tgan yoshlar kiritiladi.

  • Moddiy ahvoli qiyin yoshlarga bir marta beriladigan moddiy yordamni tayinlashning aniq miqdori yoshning hayotiy vaziyati murakkabligini inobatga olgan holda BHMning 4 baravarigacha miqdorda Vasiylik kengashi qaroriga muvofiq to‘lab beriladi.

Bir marta beriladigan moddiy yordam to‘liq davlat ta’minotida bo‘lmagan, hayotiy murakkab vaziyatga tushgan yoshga, birinchi navbatda tayinlanadi.

Quyidagilarga birinchi navbatda tayinlanadi:
  • boquvchisini yo‘qotgan va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarga;
  • o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan ishga layoqatsiz yoshlarga;
  • I va II guruh nogironi bo‘lgan yoshlarga;
  • qaramog‘ida nogiron bola bo‘lgan yosh oila (er-xotinning biri)ga;
  • ota-onalardan biri I yoki II guruh nogironi bo‘lgan, ikkinchisi esa ish faoliyatini to‘xtatgan holda bemorga qarashga majbur bo‘lgan yoki ikkala ota-ona ham I yoki II guruh nogironi bo‘lgan yoshlarga;
  • tabiiy ofatlar, halokatlar, yong‘inlar va boshqa favqulodda vaziyatlar oqibatida hayotiga, sog‘lig‘iga, mulkiga zarar etgan yoshlarga.

Shaxsga bir martalik moddiy yordam berilishi uni «Yoshlar daftari»dan chiqarishga asos bo‘lmaydi.

Moddiy yordam shaxsga bir kalendarь yil davomida bir marotaba beriladi.

  •  «Yoshlar daftari»ga kiritilgan yoshlarga urug‘lik va ko‘chatlar xarid qilish uchun subsidiya ajratish tartibi

«Yoshlar daftari»ga kiritilgan yosh tadbirkor yoki o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida soliq xizmati organlarida ro‘yxatdan o‘tgan yosh fuqaroga faoliyatini amalga oshirayotgan noturar joyning 12 oygacha ijara xarajatlarining bir yilda BHMning 25 baravarigacha qismi qoplab berilishi mumkin.

  • «Yoshlar daftari»ga kiritilgan oilalar farzandlarining mamlakatimizdagi professional va oliy ta’lim muassasalarida to‘lov-kontrakt asosida o‘qish bo‘yicha yillik xarajatlarini to‘lab berish «Yoshlar daftari» jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan Vasiylik kengashi qaroriga muvofiq to‘lov-kontrakt summasining 50 foizigacha, biroq BHMning 50 baravaridan oshmagan miqdorda amalga oshiriladi.
  • «Yoshlar daftari»ga kiritilgan yosh oilalarning sektorlar rahbarlariga va Yoshlar ishlari agentligining tuman (shahar) bo‘limlariga bergan arizasiga muvofiq, ularga 12 oygacha turar joy uchun ijara kompensatsiyasi har oyda BHMning 3 baravaridan oshmagan miqdorda to‘lab berilishi mumkin.

«Yoshlar daftari»dan quyidagi hollarda chiqariladi:
  • bandligi ta’minlangan yoki doimiy daromad manbaiga ega bo‘lganda;
  • to‘lov-kontrakt asosida o‘qish bo‘yicha yillik xarajatlar belgilangan tartibda to‘lab berilganda;
  • tadbirkorlik faoliyati hamda o‘zini o‘zi band qilish maqsadida noturar joyning ijara xarajatlari qoplanganda yoki mazkur faoliyat uchun zarur bo‘lgan asbob-uskuna va mehnat qurollarini xarid qilish uchun subsidiya ajratilganda;
  • turar joy ijara kompensatsiyasi belgilangan tartibda to‘lab berilganda;
  • malakali tibbiy xizmat ko‘rsatilganda;
  • to‘liq davlat ta’minotiga olinganda;
  • aniqlangan boshqa muammolari qonuniy hal etilganda;
  • o‘z arizasiga ko‘ra;
  • «Yoshlar daftari»ga noqonuniy kiritish holati aniqlanganda;
  • boshqa davlatlarga ishlash yoki doimiy yashash uchun chiqib ketganda;
  • sudning ozodlikdan mahrum etishni nazarda tutuvchi hukmi qonuniy kuchga kirganda;
  • arizachiga ko‘mak berish bo‘yicha ish olib borish imkonini bermaydigan boshqa holatlar yuzaga kelganda;
  • arizachi vafot etgan taqdirda.

Doimiy va vaqtincha yashash uchun respublikaning boshqa hududiga ko‘chib o‘tganda, doimiy yashash va vaqtincha turar joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan kundan boshlab o‘n besh kundan kechiktirmasdan «Yoshlar daftari»ga tegishli o‘zgartirishlar kiritiladi.

Chat