Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 3134 marta o'qildi

1. Korruptsiya holatlarida qaysi organlarga murojaat qilishim mumkin?

Korruptsiyaga qarshi kurashishni bevosita amalga oshiruvchi davlat organlari:

Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligi

Manzil: 100070 Toshkent sh., Yakkasaroy tumani, Sh.Rustaveli ko‘chasi, 8 A (mo‘ljal: sobiq “Rossiya” mexmonxonasi), ishonch telefoni - 1253

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi

Pochta manzili: bp@prokuratura.uz, ishonch telefoni - 1007;

O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati;

Manzil: Toshkent sh., Mirzo-Ulug‘bek tumani, prospekt. Mirzo Ulug‘bek, 102 A, telefon: (71) 233 09 94;

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi;

Manzil: indeks 100029, Toshkent sh. Yunus Rajabiy 1-uy, telefon 102, ishonch telefoni - 1002;

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi;

Manzil: 100047, Toshkent sh. Sayilgox, 5, ishonch telefoni - 1008;

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti.

Manzil: Toshkent shahri, M.Ulugbek tumani, ko‘ch. Akademik Ya.G‘ulomova D-39A, telefon 71-233 10 07.

Korruptsiyaga qarshi kurash qonun hujjatlariga muvofiq boshqa davlat organlari tomonidan ham amalga oshiriladi.

Korruptsiya haqida Telegram bot https://t.me/antikor_uzb orqali xabar berish mumkin

Veb-sayt: https://anticorruption.uz/uzc

2. Korruptsiya to‘g‘risida xabar berish uchun qanday imtiyozlar taqdim etiladi?

Korruptsiyaga qarshi kurashishda faol ishtirok etish — tayyorgarlik ko‘rilayotgan, sodir etilayotgan yoki sodir etilgan korruptsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar berish yoxud korruptsiyaga oid jinoyatlarni sodir etganligi uchun qonun hujjatlariga muvofiq qidiruv e’lon qilingan shaxslarni topishda yordam ko‘rsatish.

Korruptsiyaga haqida xabar berganlik shaxslarga bir martalik pul mukofotlari:

a) korruptsiyaga oid ma’muriy huquqbuzarlik haqida berilgan xabar uchun — BHMning 3 baravari miqdorida;

b) pora summasi yoki etkazilgan zarar yoxud o‘zlashtirilayotgan (o‘zlashtirilgan) mulkning qiymati BHMning 30 baravarigacha bo‘lsa:

  • ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyat uchun — BHMning 5 baravari miqdorida;
  • uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyat uchun — BHMning 7 baravari miqdorida;
  • og‘ir jinoyat uchun — BHMning 10 baravari miqdorida;
  • o‘ta og‘ir jinoyat uchun — BHMning 15 baravari miqdorida;

v) pora summasi yoki etkazilgan zarar yoxud o‘zlashtirilayotgan (o‘zlashtirilgan) mulkning qiymati BHMning 30 baravaridan 100 baravarigacha bo‘lsa:

  • ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyat uchun - BHMning 10 baravari miqdorida;
  • uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyat uchun — BHMning 15 baravari miqdorida;
  • og‘ir jinoyat uchun — BHMning 20 baravari miqdorida;
  • o‘ta og‘ir jinoyat uchun — BHMning 25 baravari miqdorida;

g) pora summasi yoki etkazilgan zarar yoxud o‘zlashtirilayotgan (o‘zlashtirilgan) mulkning qiymati BHMning 100 baravaridan ko‘p bo‘lsa, quyidagi foiz hisobida hisoblanadi:

  • ancha miqdor uchun — pora summasi yoki etkazilgan zarar yoxud o‘zlashtirilayotgan (o‘zlashtirilgan) mulk qiymatining 15 foizi miqdorida;
  • ko‘p yoki juda ko‘p miqdor uchun — pora summasi yoki etkazilgan zarar yoxud o‘zlashtirilayotgan (o‘zlashtirilgan) mulk qiymatining 10 foizi miqdorida.

Bunda pora summasi yoki etkazilgan zarar yoxud o‘zlashtirilayotgan (o‘zlashtirilgan) mulk qiymatini foizlarda hisoblashda qonun hujjatlarida belgilangan miqdorning eng kam miqdoridan kelib chiqiladi.

d) qidiruvda bo‘lgan shaxsning yashiringan joyi haqida xabar berganligi uchun BHMning 5 baravari, ikki yoki undan ortiq qidiruvda bo‘lgan shaxslarning yashiringan joyi haqida bir vaqtda xabar berganligi uchun esa — BHMning 7 baravari miqdorida.

3. Pora olganlik uchun qanday jazo choralari ko‘riladi?

Pora olish, ya’ni davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilot yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi mansabdor shaxsining o‘z xizmat mavqeidan foydalangan holda sodir etishi lozim yoki mumkin bo‘lgan muayyan harakatni pora berayotgan shaxsning manfaatlarini ko‘zlab bajarishi yoki bajarmasligi evaziga shaxsan o‘zi yoki vositachi orqali qonunga xilof ekanligini bila turib, moddiy qimmatliklar olishi yoxud mulkiy manfaatdor bo‘lishi - bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima yoki muayyan huquqdan mahrum etilgan holda 2 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. 

Pora olish:
a) takroran, xavfli retsidivist yoki ilgari Jinoyat Kodeksning 211 yoki 212-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etgan shaxs tomonidan;
b) ko‘p miqdorda;
v) tamagirlik yo‘li bilan;
g) bir guruh mansabdor shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bo‘lsa - 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Pora olish:
a) juda ko‘p miqdorda;
b) uyushgan guruh manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan bo‘lsa - 10 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

4. Davlat xizmatchisi sovg‘a olishi mumkinmi?

Davlat fuqarolik xizmatida davlat fuqarolik xizmatchisiga (uning oila a’zolariga) bepul berilgan, moddiy qimmatga ega bo‘lgan mol-mulk yoki davlat fuqarolik xizmatchisiga (uning oila a’zolariga) beg‘araz ko‘rsatilgan xizmat sovg‘a hisoblanadi.

Davlat fuqarolik xizmatchisining xizmat vakolatlarini jismoniy va yuridik shaxslar manfaatlarini ko‘zlab bajarish yoki bajarmaslik evaziga ulardan har qanday sovg‘alar olish taqiqlanadi. Bundan davlat fuqarolik xizmatchisi tomonidan alohida xizmatlari uchun davlat organining tegishli qarori asosida olingan sovg‘alar, shuningdek musobaqalar va tanlovlarda erishgan yutuqlari, davlat bayramlari, nishonlanadigan sanalar hamda boshqa rasmiy tadbirlar munosabati bilan mukofotlash natijasida olingan sovg‘alar mustasno.

Davlat fuqarolik xizmatchilari xizmat safarlari vaqtida, shuningdek xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar munosabati bilan sovg‘alar olishi mumkin.


Davlat fuqarolik xizmatchisi tomonidan xizmat safarlari, xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar munosabati bilan olinishi mumkin bo‘lgan sovg‘a qiymati, shuningdek uni tasarruf etish tartibi korruptsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha maxsus vakolatli davlat organi tomonidan belgilanadi.

Davlat fuqarolik xizmatchisi tomonidan xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlarda sovg‘a olish tartibi

5. Tovlamachilik uchun qanday javobgarlik nazarda tutilgan?

Tovlamachilik, ya’ni jabrlanuvchiga yoki uning yaqin kishilariga zo‘rlik ishlatish, mulkiga shikast etkazish yoki uni nobud qilish yoxud jabrlanuvchining axborot resursini yo‘q qilish, o‘zgartirish, egallab olish yoki to‘sib qo‘yish yoki jabrlanuvchi uchun sir saqlanishi lozim bo‘lgan ma’lumotlarni oshkor qilish, uni sharmanda qiladigan uydirmalar tarqatish bilan qo‘rqitib o‘zgadan mulkni yoki mulkiy huquqni topshirishni, mulkiy manfaatlar berishni yoxud mulkiy yo‘sindagi harakatlar sodir etishni talab qilish yoxud jabrlanuvchini o‘zining mulkini yoki mulkka bo‘lgan huquqini berishga majbur qiladigan sharoitga solib qo‘yish —

3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Tovlamachilik:
a) takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan;
b) ko‘p miqdorda;
v) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bo‘lsa, —
5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Tovlamachilik:
a) juda ko‘p miqdorda;
b) o‘ta xavfli retsidivist tomonidan;
v) uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan bo‘lsa, —
10 yildan 15 besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Chat