Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 21250 marta o'qildi

Tijorat banklari - O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining moliyaviy  savodxonlik bo‘yicha axborot-ta’lim veb-sayti

Jamg‘arma sertifikati nima?

Omonat sertifikati egasining nomi yozilgan qimmatli qog‘oz bo‘lib, bankka mablag‘ qo‘yilganini hamda sertifikat egasining belgilangan muddat tugaganidan keyin omonat summasi va sertifikat shartlarida ko‘rsatilgan foizni olish huquqini tasdiqlaydi.

Sertifikatning qiymati milliy valyutada ifodalanadi. Uni xorijiy valyutada chiqarishga yo‘l qo‘yilmaydi. Sertifikatlar 6 oydan 3 yilgacha muddatga chiqariladi.

Sertifikat bo‘yicha foiz qanday belgilanadi?

Foiz stavkasi sertifikatni chiqarayotgan bank tomonidan belgilanadi. Bank sertifikat berilgan paytda belgilangan foiz stavkasini uning amal qilish davrida bir tomonlama kamaytirish yoki ko‘paytirishga haqli emas.

Foiz sertifikat to‘lovga taqdim etilganda yoki chiqarilish shartlarida nazarda tutilgan bo‘lsa, uning amal qilish davrida belgilangan davriylikda to‘lanishi mumkin.

Sertifikatni boshqa shaxsga berish mumkinmi?

Ha. Sertifikat bo‘yicha huquqni boshqa shaxs foydasiga o‘tkazish mumkin.

Qimmatli qog‘ozlarning uyushgan savdosidagi bitimlar elektron shaklda amalga oshirilishi mumkin. Boshqa hollarda sertifikatga oid bitim yozma shaklda tuziladi va qonunchilikda belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkaziladi.

Sertifikatni tovar, ish yoki xizmat uchun oddiy to‘lov vositasi sifatida ishlatish mumkin emas.

Sertifikatni muddatidan oldin qaytarish mumkinmi?

Bank sertifikatni chiqarish shartlarida uni muddatidan oldin to‘lovga taqdim etish imkoniyatini nazarda tutishi mumkin.

Sertifikat egasi mablag‘ni muddatidan oldin olish niyati bo‘lsa, bankni rejalashtirilgan sanadan kamida 1 oy oldin xabardor qilishi shart. Agar sertifikat chiqarilish shartlarida boshqacha qoida bo‘lmasa, bunday holda foiz talab qilib olinguncha saqlanadigan omonat uchun belgilangan stavka bo‘yicha to‘lanadi.

Sertifikatdagi mablag‘ ham kafolatlanadimi?

Ha. Omonat sertifikati bilan tasdiqlangan pul mablag‘lari qoldig‘i omonatlarni kafolatlash tizimida omonat sifatida hisobga olinadi. Umumiy qoida bo‘yicha bir bankda bir omonatchi uchun kompensatsiyaning yuqori chegarasi 200 mln so‘m.

Eslatma: sertifikat sotib olishdan oldin uning muddati, foiz stavkasi, foizni to‘lash vaqti, boshqa shaxsga o‘tkazish va muddatidan oldin qaytarish shartlarini tekshirish lozim.

Chat