Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 18978 marta o'qildi

Quyidagi shikastlanish belgilari mavjud bo‘lgan banknotalar muomalaga yaroqli to‘lov vositasi hisoblanadi
  • banknota tasvirini (shaklini) aniqlash imkonini beradigan darajada siyqalangan va ifloslangan bo‘lsa (siyqalanish banknotaning haqiqiyligini aniqlashga xalaqit bermaydigan va asosiy belgilaridan birining 50 foizidan ortig‘ini to‘sib qo‘ymagan holatlar bundan mustasno);
  • banknota enining (bo‘yining) to‘rtdan bir qismidan oshmagan yopishtirilgan yirtiqlarga ega bo‘lsa;
  • yopishtirib qo‘yilgan burchaklari yoki qismlari (1 sm2 dan oshmagan) bo‘lsa hamda yirtib olingan burchaklari yoki qismlar aniq ushbu banknotaga tegishli bo‘lsa;
  • mayda dog‘lar, yozuvlar, shtamp izi bo‘lganda (bunda yozuv yoki shtamp izi ikki donadan ortiq bo‘lsa, banknota tugatilganligi, soxtaligi yoki namunaviyligini tasdiqlovchi shtamplar bundan mustasno) hamda ular banknotaning haqiqiyligini aniqlashga xalaqit bermaydigan asosiy belgilaridan birining 50 foizidan ortig‘ini to‘sib qo‘ymagan bo‘lsa;
  • banknotada diametri 1 mm dan oshmagan va ikkitadan ortiq teshiklar bo‘lsa, bunda teshiklar banknotaning haqiqiyligini aniqlashga xalaqit bermaydigan va asosiy belgilaridan birining 50 foizidan ortig‘ini to‘sib qo‘ymagan bo‘lishi kerak.

  • Shikastlangan banknotalarni ayirboshlashda bank xodimi tomonidan ikki nusxada ma’lumotnoma rasmiylashtiriladi va uning bir nusxasi jismoniy shaxsga beriladi.
  • Tijorat banklari tomonidan jismoniy shaxslarning shikastlangan banknotalarini milliy valyutaga ayirboshlash yoki shu turdagi shikastlanmagan banknotalarga almashtirish, maydalash, yiriklash hamda konversiya operatsiyalarni amalga oshirishni rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.
  • Bunday turdagi operatsiyalar amalga oshirilganda bank tomonidan vositachilik haqlari undirilishi mumkin.

Quyidagi shikastlanish belgilari mavjud bo‘lgan banknotalar muomalaga yaroqsiz to‘lov vositasi hisoblanadi
  • bo‘laklarga ajratilgan, shu jumladan yopishtirilgan bo‘lsa;
  • dastlabki rangi o‘zgargan yoki rangi o‘chgan bo‘lsa;
  • yongan yoki kuygan holatda bo‘lsa;
  • qonuniy to‘lov vositasi ekanligini ko‘rsatuvchi asosiy belgilaridan birining 50 foizidan ortiq qismiga moy, bo‘yoq yoki siyoh to‘kilgan bo‘lsa;
  • banknotada kimyoviy reaktivlar ta’siri bo‘lsa;
  • muayyan darajada qasddan shikastlangan holda tasvir (surat, portret) o‘zgartirilganda, nominali o‘zgartirilgan, himoya ipchalari olib tashlangan, katta hajmdagi yozuvlar bo‘lsa;
  • banknotlar aniq bosma xatoga ega bo‘lgan (suv belgisi yoki himoya ipchalarining yo‘qligi yoki noto‘g‘ri joylashganligi), tasvirlari to‘liq bosilmagan yoki surkalib ketgan bo‘lsa;
  • banknota geometrik o‘lchamining 3 mm ga teng yoki undan ortiqqa o‘zgargan bo‘lsa;
  • banknota tasvirini (suratini, portretini, shaklini) aniqlash imkonini bermaydigan darajada sezilarli siyqalangan va ifloslangan bo‘lsa;
  • o‘zining qattiqlik darajasini sezilarli darajada yo‘qotib, yumshoq holga kelgan banknotlar.

  • Tijorat banklari tomonidan shikastlanish belgilari mavjud muomalaga yaroqli banknotalar bilan valyuta ayirboshlash operatsiyalarini amalga oshirish, shuningdek muomalaga yaroqsiz banknotalarni inkassoga qabul qilishni rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.
  • Valyuta ayirboshlash shoxobchalari tomonidan jismoniy shaxslarning muomalaga yaroqsiz banknotalarini inkkassoga qabul qilishni rad etish man etiladi.
  • Banknotalarni inkassoga qabul qilish jismoniy shaxsning arizasi bilan birga shaxsini tasdiqlovchi hujjatini  taqdim etgan holda amalga oshiriladi.
  • Jismoniy shaxslarning muomalaga yaroqsiz banknotalarini emitent-bank  tomonidan ayirboshlab berish rad etilishi mumkin.
  • Banknota inkassoga qabul qilinganda jismoniy shaxsga bu haqda ma’lumotnoma beriladi.
  • Tijorat banklari tomonidan jismoniy shaxslarning muomalaga yaroqsiz banknotalari bilan bog‘liq valyuta ayirboshlash operatsiyalari amalga oshirilganda vositachilik haqlari undirilishi mumkin.
  • Emitent bank  inkassoga qabul qilgan banknotani almashtirib berganda tijorat banki uni jismoniy shaxsning chet el valyutasi yoki milliy valyutadagi hisobvarag‘iga o‘tkazishi yoki uning xohishiga ko‘ra naqd shaklda berishi mumkin.

Markaziy bank ishonch telefoni

Chat