Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 39135 marta o'qildi

Ijro harakatlari amalga oshiriladigan vaqt

Ijro harakatlari ish kunlarida soat 8.00 dan 22.00 gacha amalga oshiriladi.

Ijro harakatlarini amalga oshirishning aniq vaqtini davlat ijrochisi belgilaydi.

Ijro ishi yuritishda qatnashuvchi taraflar ijro harakatlarini amalga oshirishning o‘zlari uchun qulay vaqtini taklif etishga haqlidirlar.

Ijro harakatlarini sutkaning boshqa vaqtida, shuningdek dam olish va bayram kunlarida amalga oshirishga belgilangan tartibda faqat kechiktirib bo‘lmaydigan yoki qarzdorning aybiga ko‘ra ularni boshqa vaqtda amalga oshirish mumkin bo‘lmagan hollarda yo‘l qo‘yiladi.

Qarzdorlikni majburiy undirish muddatlari

Ijro harakatlari ixtiyoriy ijro etish muddati tugagandan boshlab, 2 oy ichida davlat ijrochisi tomonidan amalga oshirilishi kerak. Ijro hujjatlarining quyidagi talablari darhol ijro etiladi:

  • alimentlar hamda 3 oygacha bo‘lgan ish haqini undirish to‘g‘risidagi talablar;
  • g‘ayriqonuniy mehnat shartnomasi bekor qilingan yoki boshqa ishga o‘tkazilgan xodimni ishga tiklash to‘g‘risidagi, mehnat shartnomasini bekor qilish asosini o‘zgartirish to‘g‘risidagi talablar;
  • ijro hujjatida nazarda tutilgan boshqa talablar.

Ijro hujjatlarini ijroga topshirish muddatlari
  • umumiy yurisdiktsiya sudlarining sud hujjatlari asosida beriladigan ijro varaqalari uch yil mobaynida;
  • hakamlik sudining qarorlarini majburiy ijro etish to‘g‘risidagi sud hujjatlari asosida beriladigan ijro varaqalari — 6 oy mobaynida;
  • notariuslarning ijro xatlari — 3 yil mobaynida;
  • mehnat nizolari komissiyalarining guvohnomalari — 3 oy mobaynida;
  • ishlarni ma’muriy tartibda ko‘rish vakolatiga ega organlarning (mansabdor shaxslarning) qarorlari — 3 oy mobaynida.

Ijro hujjatini ijroga topshirish muddati ijro hujjati ijroga topshirilganda yoki ijro hujjati qarzdor tomonidan qisman ijro etilganda uziladi.

Ijro hujjatini ijroga topshirish muddati uzilgandan so‘ng muddatning o‘tish davri yangidan boshlanadi. Muddat uzilgunga qadar o‘tgan vaqt yangi muddat hisobiga kiritilmaydi.

Ijro hujjati uni to‘liq yoki qisman ijro etishning imkoniyati yo‘qligi sababli undiruvchiga qaytarilgan taqdirda, uni ijroga topshirish muddati uzilgandan keyin ijro hujjati undiruvchiga qaytarilgan kundan boshlab hisoblanadi.

Ijro ishi yuritish quyidagi hollarda to‘xtatib turiladi:

Qarzdor vafot etganda, u vafot etgan deb e’lon qilinganda yoki bedarak yo‘qolgan, muomalaga layoqatsiz deb topilganda — qarzdorning huquqiy vorislari aniqlanguniga, bedarak yo‘qolganning mol-mulki sud tomonidan homiylik va vasiylik organlari belgilagan ishonchli boshqaruvchiga topshirilguniga yoki muomalaga layoqatsiz qarzdorga homiy tayinlanguniga qadar;

qarzdorning nochorligi (bankrotligi) to‘g‘risidagi ish bo‘yicha iqtisodiy sud tomonidan ish yuritish qo‘zg‘atilganda, kuzatuvni joriy etish to‘g‘risida sud sanatsiyasi yoki tashqi boshqaruv taomilini joriy etish va (yoki) muddatini uzaytirish to‘g‘risida iqtisodiy sud tomonidan ajrim qabul qilinganda — qarzdorning nochorligi (bankrotligi) to‘g‘risidagi ish bo‘yicha qaror qabul qilinguniga qadar;

undiruvchi yoki qarzdor muddatli harbiy xizmatni o‘tayotganda, qarzdor kasal bo‘lib qolganda, xizmat safarida bo‘lganda yoki qarzdor jismoniy shaxs, uning mol-mulki yoki olib qo‘yilishi lozim bo‘lgan bola qidirilayotganda, — muddatli harbiy xizmatdan bo‘shatilguniga yoki statsionar davolash muassasasidan chiqquniga, xizmat safaridan qaytguniga yoki qarzdor jismoniy shaxs, uning mol-mulki yoki olib qo‘yilishi lozim bo‘lgan bola qidirib topilguniga qadar;

ijro harakatlari, ijro hujjati yoki uni berishga asos bo‘lgan hujjat yuzasidan, shuningdek ro‘yxatga olingan mol-mulkni baholash natijalari yuzasidan nizolashilayotganda — masala mazmunan uzil-kesil ko‘rib chiqilguniga qadar;

davlat ijrochisining harakatlari (qarorlari) ustidan shikoyat berilganda — shikoyat ko‘rib chiqilguniga qadar;

mediatsiya tartib-taomili amalga oshirilganda — 15 kundan ko‘p bo‘lmagan muddatga.

Ijro ishi yuritish boshqa hollarda ham to‘xtatib turilishi mumkin.

Ijro ishi yuritishni to‘xtatib turishga sabab bo‘lgan holatlar bartaraf qilinganidan keyin tiklanadi.

Majburiy ijro ishi yuritishni tugatish

Ijro ishi yuritish quyidagi hollarda sud tomonidan tugatiladi:

  • undiruvchi yoki qarzdor vafot etganda, u vafot etgan deb e’lon qilinganda, bedarak yo‘qolgan deb topilganda, agar sud hujjati yoxud boshqa organning hujjatida qo‘yilgan talablar yoki majburiyatlar huquqiy vorisga yoki bedarak yo‘qolganning mol-mulkini ishonchli boshqarib turgan shaxsga o‘tishi mumkin bo‘lmasa;
  • muayyan harakatlarni amalga oshirish yoxud bunday harakatlarni amalga oshirishdan o‘zini tiyish majburiyatini yuklovchi ijro hujjatini ijro etish imkoniyati yo‘qolganda.

Ijro ishi yuritish quyidagi hollarda davlat ijrochisi tomonidan tugatiladi:

  • undiruvchi undiruvdan voz kechganda, agar voz kechish sud tomonidan qabul qilingan bo‘lsa;
  • undiruvchi va qarzdor o‘rtasida sud tomonidan tasdiqlangan kelishuv bitimi tuzilganda;
  • undiruvchi va qarzdor o‘rtasida mediativ kelishuv tuzilganda;
  • jarima tariqasidagi jinoiy jazoni boshqa jazo turiga almashtirish yoxud jarima tariqasidagi jinoiy jazodan amnistiya aktiga asosan ozod qilish to‘g‘risida sud tomonidan ajrim chiqarilganda;
  • ijro hujjatini berishga asos bo‘lgan sud hujjati yoki boshqa organning hujjati bekor qilinganda yoxud qonunga ko‘ra ijro hujjati bo‘lgan hujjat bekor qilinganda yoki haqiqiy emas deb topilganda.

Chat