Tadbirkorlik muhitini yaxshilash va xususiy sektorni rivojlantirish orqali barqaror iqtisodiy o‘sish uchun shart-sharoitlar yaratish borasidagi navbatdagi islohotlar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni qabul qilindi
Farmonga ko‘ra, quyidagilar joriy etildi:
- oxirgi yildagi savdo tushumi BHMning 10 ming baravaridan (2,7 mlrd so‘mdan) oshmaydigan tadbirkorlarga nisbatan monopoliyaga qarshi choralar qo‘llanilmaydi;
- 2022-yil 1 sentyabrdan raqobatga qarshi harakat qilgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga quyidagilar uchun moliyaviy jarimalar qo‘llaniladi:
- tovar va moliya bozorida raqobatni cheklashga olib keluvchi kelishuvlar va iqtisodiy faoliyatni muvofiqlashtirish;
- ijtimoiy va strategik ahamiyatga ega mahsulotlar narxlarini asossiz oshirganlik va insofsiz raqobat;
- xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarni qo‘shib yuborishda, qo‘shib olishda va aktsiyalarni sotib olish bitimlarini tuzishda raqobatni buzish;
- ommaviy savdolarda raqobatga zid harakatlar amalga oshirganlik va monopoliyaga qarshi talablarni buzish.
2022-yil 1-maydan norezident shaxsning O‘zbekistondagi manbalardan oladigan daromadlari bo‘yicha daromad solig‘i 12 foiz miqdorida belgilanadi (ilgari 20 foizgacha).
2022-yil 1-iyuldan bojxona bojlari bo‘yicha imtiyozlar faqatgina qonunlar bilan beriladi.
Farmonga ko‘ra, Toshkent shahri misolida Nukus shahri va barcha viloyatlar markazlarida jamoat transporti infratuzilmasini rivojlantirish strategiyasi joriy etiladi.