Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 63202 marta o'qildi

Kimlar mol-mulk solig‘idan ozod etilgan?

Quyidagilarning mulkida bo‘lgan mol-mulk soliq solishdan ozod etiladi
  1. «O‘zbekiston Qahramoni», Sovet Ittifoqi Qahramoni, Mehnat Qahramoni unvonlariga sazovor bo‘lgan, uchala darajadagi Shuhrat ordeni bilan taqdirlangan fuqarolarning. Mazkur imtiyoz tegishincha «O‘zbekiston Qahramoni» unvoni berilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma, Sovet Ittifoqi Qahramoni, Mehnat Qahramoni daftarchalari, orden daftarchasi yoki mudofaa ishlari bo‘yicha bo‘limning ma’lumotnomasi asosida beriladi;
  2. urush nogironlari va qatnashchilari, shuningdek doirasi qonunchilik bilan belgilanadigan ularga tenglashtirilgan shaxslar. Ushbu imtiyoz urush nogironining (qatnashchisining) tegishli guvohnomasi yoki mudofaa ishlari bo‘yicha bo‘limning yoxud boshqa vakolatli organning ma’lumotnomasi asosida, nogironligi bo‘lgan boshqa shaxslarga (qatnashchilarga) nogironligi bo‘lgan shaxsning (qatnashchining) imtiyozlarga bo‘lgan huquqi to‘g‘risidagi guvohnomasi asosida beriladi
  3. sobiq SSSRni, O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumini himoya qilish yoxud harbiy xizmatning yoki ichki ishlar organlaridagi va O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasidagi xizmatning boshqa majburiyatlarini bajarish chog‘ida yaralanganligi, kontuziya yoki mayib bo‘lganligi oqibatida yoxud frontda bo‘lish bilan bog‘liq kasallik tufayli halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning hamda ichki ishlar organlari va O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi xodimlarining ota-onalari hamda beva xotinlari (beva erlari).
  4. etim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar. Mazkur imtiyoz etim bolalarga va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga davlat tomonidan ajratiladigan uy-joy uchun ular yigirma uch yoshga to‘lguniga qadar amal qiladi..


Quyidagi jismoniy shaxslarning mulkida bo‘lgan mol-mulk oltmish kvadrat metr doirasida soliq solishdan ozod qilinadi
  1. o‘n nafar va undan ortiq bolalari bor ota-onalaridan birining. Mazkur imtiyoz fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organining bolalar borligini tasdiqlovchi ma’lumotnomasi asosida beriladi;
  2. pensionerlarning. Mazkur imtiyoz pensiya guvohnomasi asosida beriladi;
  3. I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarning. Mazkur imtiyoz pensiya guvohnomasi yoki tibbiy-mehnat ekspert komissiyasining ma’lumotnomasi asosida beriladi.

Ko‘rsatib o‘tilgan soliq imtiyozlariga ega bo‘lgan shaxslar soliq imtiyozini olishga bo‘lgan huquqini tasdiqlovchi hujjatlarni soliq solish ob’ekti joylashgan erdagi soliq organlariga mustaqil ravishda taqdim etadi.


Ahamiyat bering!
Soliq imtiyozlari mulkdorning tanloviga ko‘ra faqat bitta yashash uchun mo‘ljallangan ko‘chmas mulk ob’ektiga tatbiq etiladi.

Chat