Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 20401 marta o'qildi

Maxsus turar joylar
  • yotoqxonalar;
  • vaqtinchalik uy-joy fondi uylari;
  • nogironligi bo‘lgan shaxslar, faxriylar, yolg‘iz qariyalar uchun internat-uylar;
  • bolalar uylari va boshqa maxsus maqsadli uylar.

Maxsus maqsadli uylardan turar joylar berish

Nogironlar, faxriylar, yolg‘iz qariyalar uchun internat-uylardan, bolalar uylaridan hamda boshqa maxsus maqsadli uylardan, ularni tuzgan organ qaroriga binoan turar joylar beriladi.

Yotoqxonalar

Xodimlar, xizmatchilar, studentlar, o‘quvchilar, shuningdek boshqa fuqarolarga ishlash, xizmat yoki o‘qish davrida yashash uchun yotoqxonalar berilishi mumkin.

Uylarni  yotoqxonalarga o‘tkazish, shuningdek yotoqxonalarga uylar maqomini berish uy-joy fondining mulkdorlari tomonidan mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.

Xizmat turar joylari

Quyidagi soha vakillari xizmat turar joylari olish huquqiga ega:

  • tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligining muassasalari (nogironligi bo‘lgan shaxslar, faxriylar, yolg‘iz keksalar uchun internat-uylar)ning bug‘ qozon qurilmalari operatorlari
  • nasos stantsiyalari, yirik gidrouzellar va to‘g‘onlarga xizmat ko‘rsatuvchi navbatchi texniklar, mashinistlar, elektr texniklar;
  • kommunal xizmat ko‘rsatishning suv oqizish-kanalizatsiya va gaz xo‘jaligi avariya-dispetcherlik xizmatlari ustalari, slesarlari;
  • yo‘l oraliqlari ustalari, tuzatuvchilari;
  • gazdan muhofaza qilish xizmati xodimlari;
  • suv xo‘jaligi foydalanish uchastkalari boshliqlari, gidroinshootlarning tartibga soluvchilari va gidropostlarning kuzatuvchilari, uchastka gidrotexniklari va gidroo‘lchovchilari;
  • kabelli (radiorele) kuchaytirish punktlariga xizmat ko‘rsatuvchi navbatchi texniklar, radio va televizion stantsiyalarga, shuningdek qishloq joylardagi maxsus ob’ektlarga xizmat ko‘rsatuvchi elektr mexaniklar;
  • elektr tarmoqlari va yordamchi stantsiyalarning navbatchi muhandislari, kabelli taqsimlash tarmoqlarining navbatchi muhandislari va texniklari;
  • Sog‘liqni saqlash vazirligining qishloq joylardagi davolash-profilaktika muassasalarining uchastka vrach-terapevtlari, pediatrlari;
  • nogironlar va qariyalar uylarining hamda aqlan zaif bolalar uchun nogiron bolalar uylarining direktorlari, vrach, (felьdsher)lari, katta tibbiyot hamshiralari, shuningdek, ushbu bolalar uylarining tarbiyachilari, sanatoriylar va dam olish uylarining bosh vrachlari, vrach (felьdsher)lari, xo‘jalik ishlari bilan shug‘ullanuvchi hamshiralari;
  • oilaviy bolalar uyining tarbiyalash uchun ularga berilgan bolalar bilan birga yashovchi ota-ona-tarbiyachilari;
  • o‘rmon, qo‘riqxona, zakaznik (daxlsiz o‘rmon qo‘riqxonasi), ovchilik xo‘jaliklarining direktorlari, o‘rmon xo‘jaligi xodimlari, o‘rmon kesuvchilari, yollangan ovchilari;
  • boshqa joylardan vaqtinchalik taklif etilgan oliy toifali trenerlar va sport ustalari;
  • harbiylashtirilgan qo‘riqlash va professional yong‘in xavfsizligi xodimlari;
  • Qurolli Kuchlarining kazarma — uy-joy fondiga hamda kommunal inshootlarga xizmat ko‘rsatish va ulardan foydalanish bilan bog‘liq ishchi va xizmatchilari, Qurolli Kuchlarining zobitlar tarkibidagi shaxslar, praporshchiklar, michmanlar va belgilangan muddatdan tashqari xizmat harbiy xizmatchilari;
  • ichki ishlar organlarining xodimlari;
  • prokuratura organlari xodimlari
  • tuman, shahar, viloyat sudlarining, Oliy sudi va harbiy sudlarining sudьyalari;
  • boshqa mintaqalardan ishga taklif qilingan Prezident Adminstratsiyasi, Oliy Majlis palatlari kotibiyatining, Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Kotibiyatining, Vazirlar Mahkamasi, vazirliklar, idoralar va ularning hududiy bo‘linmalari apparatlarining mas’ul xodimlari
  • deputatlar, Toshkent shahrida turar joyga ega bo‘lmagan Senatda doimiy asosda ishlovchi senatorlar, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) va uning o‘rinbosari;
  • Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil va uning o‘rinbosari;
  • qishloq joylaridagi aloqa bo‘limlarining boshliqlari va boshliq o‘rinbosarlari;
  • olis hududlarda joylashgan byudjet tashkilotlarida boshqa hududlardan kelib faoliyat yuritayotgan oliy ma’lumotli mutaxassislar va (yoki) tibbiyot xodimlari.

Fuqarolarning xizmat turar joylaridan foydalanishi bo‘yicha shartnoma tuzish tartibi

Xizmat turar joylari berilgan fuqaro bilan xizmat turar joyi mulkdori yoki u tomonidan bunga vakil qilingan organ o‘rtasida xizmat turar joyini saqlash va undan foydalanish bo‘yicha shartnoma imzolanadi.

Xizmat turar joylari fuqaroning mehnat shartnomasining amal qilish muddatiga yoki xizmat davriga, saylab qo‘yiladigan lavozim muddati tugagunga qadar beriladi.

Xizmat joylaridani chiqarish

Xodimning xizmat uyidan foydalanish huquqi mehnat shartnomasi bekor qilinishi bilan bir vaqtda bekor bo‘ladi.

Mazkur uy-joy xodim tomonidan 1 oy ichida bo‘shatib qo‘yilishi lozim.

Xodim xizmat uyini bo‘shatishni rad etgan taqdirda, sud tartibida ko‘chirib yuboriladi.

Quyidagi toifalar xizmat uylaridan boshqa turar joy bergan holda xizmat turar joylaridan ko‘chirilishi lozim:

  • I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar;
  • 1941-1945-yillardagi urush faxriylari va baynalminalchi jangchilar;
  • harbiy xizmatni o‘tayotganida halok bo‘lgan yoki bedarak yo‘qolgan harbiy xizmatchilarning oilalari;
  • nogironligi bo‘lgan farzandlari bo‘lgan oilalar;
  • tarbiyachi-ota-onalar, oilaviy bolalar uyi tugatilgan taqdirda;
  • xizmat turar joyi bergan tashkilotlarda kamida 10 yil ishlagan shaxslar;
  • egallab turgan lavozimi munosabati bilan turar joy berilgan bo‘lib, lavozimidan bo‘shagan, lekin turar joyni bergan korxona, muassasa, tashkilot bilan mehnat munosabatlarini uzmagan shaxslar;
  • xodimlar soni (shtati) yoki ish xususiyatining o‘zgarishi yoxud korxona, muassasa, tashkilot tugatilishi munosabati bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan shaxslar;
  • o‘zi ishlagan korxona, muassasa, tashkilotdan pensiyaga chiqqan xodimlar;
  • xizmat turar joyi berilgan shaxs vafot etganda, uning oila a’zolari;
  • voyaga etmagan farzandlari bilan birga yashayotgan yolg‘iz shaxslar.

Chat