Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 37247 marta o'qildi

Er uchastkasi ajratiladigan holatlar

Er uchastkalari jamoat ehtiyojlari uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining qarori bilan davlat organlari, muassasalari, korxonalari hamda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga doimiy foydalanish huquqi asosida ajratiladi.

Jamoat ehtiyojlariga quyidagilar kiradi:

  • mudofaa va davlat xavfsizligi ob’ektlarini joylashtirish;
  • avtomobilь va temir yo‘llar, aeroportlar, energetika, aloqa va muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini qurish;
  • muhofaza etiladigan tabiiy hududlar va maxsus iqtisodiy zonalarni tashkil etish;
  • foydali qazilma konlarini aniqlash va qazib olish;
  • davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan quriladigan ijtimoiy va ma’muriy ob’ektlarni joylashtirish;
  • qonunchilikda belgilangan boshqa jamoat ehtiyojlari.

Xususiy tashkilotga davlat vazifasini bajarish uchun er zarur bo‘lganda, er uchastkasi tegishli davlat organi yoki Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga ajratiladi va keyinchalik xususiy tashkilotga ijaraga beriladi.

Hujjatlarni tayyorlash va qaror qabul qilish

Er tanlash materiallari Davlat kadastrlari palatasining hududiy boshqarmasi tomonidan «YERELEKTRON» avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali tayyorlanadi. Materiallar qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi organlari, arxitektura-shaharsozlik kengashi hamda tegishli vakolatli tashkilotlar bilan kelishiladi.

Ijobiy xulosalar va yuridik xizmatning xulosasi olingach, er ajratish to‘g‘risidagi qaror «E-qaror» elektron tizimida 2 ish kunida qabul qilinadi. Qaror tegishli organlarga 1 ish kunida yuboriladi.

Davlat kadastrlari palatasi:

  • erga bo‘lgan huquqni 2 ish kunida davlat ro‘yxatidan o‘tkazadi;
  • er uchastkasi chegaralarini joyida 3 ish kunida belgilaydi.

Chegaralarni joyida belgilash uchun BHMning 3,5 baravari miqdorida to‘lov undiriladi.

Muhim: er uchastkasida qurilish ishlarini boshlash va undan foydalanishga faqat erga bo‘lgan huquq davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganidan keyin yo‘l qo‘yiladi. Qishloq va o‘rmon xo‘jaligi erlari toifasi belgilangan tartibda o‘zgartirilmasdan turib boshqa maqsad uchun ajratilmaydi.

Xususiy mulkdor yoki erdan foydalanuvchining eri jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilsa, kompensatsiya to‘lash va zararlarni qoplashning alohida tartibi qo‘llaniladi.

Chat