Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 17707 marta o'qildi

Dalolatnoma yozuvlarini tiklash deganda ilgari shunday yozuv bo‘lganligini tasdiqlovchi etarli asoslar bo‘lganida yo‘qolgan yozuvlarni qayta tiklab qo‘yish tushuniladi.       

Tug‘ilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvini tiklash

Tug‘ilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvlari bu yozuvlar kimga nisbatan tuzilgan bo‘lsa faqat ana shu shaxslarning arizasiga ko‘ra tiklanadi.

Agar 16 yoshgacha bo‘lgan bolaning tug‘ilishi haqidagi yozuv yo‘qolgan bo‘lsa yozuv bolaning ota-onasi, vasiysi, homiysi, bolalar muassasasi ma’muriyatining arizasiga binoan tiklanadi.

Agar dalolatnoma yozuvining ikkala nusxasi ham yo‘qolgan bo‘lsa, u holda dalolatnoma yozuvini tiklash 16 yoshga to‘lgan fuqaroning shaxsiy arizasiga ko‘ra uning yashash joyidagi FHDYo organi tomonidan amalga oshiriladi.

Quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:

  • dalolatnoma yozuvini tiklash to‘g‘risida belgilangan namunadagi ariza;
  • Agentlik bboshqarmasi idoraviy FHDYo arxivining ariza beruvchining tug‘ilgan joyi bo‘yicha dalolatnoma yozuvining yo‘qligi yoki yo‘qolganligi (yo‘qolganlik sabalarini ko‘rsatgan holda) haqidagi ma’lumotnomasi;
  • ariza beruvchi pasportining nusxasi;
  • ota-onasining pasportlari nusxalari, agar ota-onasi vafot etgan bo‘lsa, ularning o‘limi haqidagi ma’lumotnomalar;
  • nikoh tuzilganligi haqidagi (ota-onasining va o‘zining) ma’lumotnomalar;
  • ota-onalarining hujjatlari bo‘lmaganda, aka-ukalari, opa-singillarining (ular bo‘lsa) tug‘ilganlik to‘g‘risidagi ma’lumotnomalar.

Nikoh tuzilganligi haqidagi dalolatnoma yozuvini tiklash

Nikoh tuzilganligi haqidagi dalolatnoma yozuvlari bu yozuvlar kimga nisbatan tuzilgan bo‘lsa faqat ana shu shaxslarning arizasiga ko‘ra tiklanadi.

Agar dalolatnoma yozuvining ikkala nusxasi ham yo‘qolgan bo‘lsa, u holda dalolatnoma yozuvini tiklash 16 yoshga to‘lgan fuqaroning shaxsiy arizasiga ko‘ra uning yashash joyidagi FHDYo organi tomonidan amalga oshiriladi.

Quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:

  • belgilangan namunadagi ariza;
  • FHDYo arxivining nikoh tuzilganligi haqidagi dalolatnoma yozuvi yo‘qligi yoki yo‘qolganligi (yo‘qolish sabablarini ko‘rsatgan holda) haqidagi ma’lumotnomasi;
  • pasportlarning kseronusxalari (nusxalari);
  • bolalarining (ular bo‘lsa) tug‘ilganligi haqidagi guvohnomalari;
  • nikoh tuzilganligi haqidagi dalolatnoma yozuvi bo‘lganligini tasdiqlovchi boshqa qo‘shimcha hujjatlar.

Ushbu xizmatni Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qilib olish mumkin.

Ko‘rsatiladigan xizmat uchun to‘lov undiriladi.

Dalolatnoma yozuvlarini tiklash uchun etarli asoslar bo‘lmaganda FHDYo organi ariza beruvchiga rad qilinganlik haqidagi asoslangan xulosa beradi. Ushbu xulosa bilan ariza beruvchi masalani mohiyatiga ko‘ra hal etish uchun sudga murojaat qilish huquqiga ega.

Dalolatnoma yozuvini tiklash haqidagi ariza FHDYo organi tomonidan 1 oy mobaynida ko‘rib chiqilishi kerak.

Uzrli sabablar (dalolatnoma yozuvini tiklash uchun asoslanganlikni tasdiqlovchi yozuvlar nusxalari va boshqalar olinmaganligi) mavjud bo‘lganda arizani ko‘rib chiqish muddati FHDYo mudiri tomonidan 1 oydan ko‘p bo‘lmagan muddatga uzaytirilishi mumkin va bu haqda ariza beruvchiga xabar qilinadi.

Yozuvni tiklashdan manfaatdor taraflar o‘rtasida nizo bo‘lsa, yozuvni tiklash sud tartibida amalga oshiriladi.

FHDYo organi qabuliga yozishi uchun quyidagi havolaga o‘ting.

Chat