Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 236305 marta o'qildi

Nikoh tuzish tartibini buzganlik uchun qanday javobgarlik bor?

Ariza berish va nikohni qayd etish muddati

Nikoh tuzishni xohlovchi shaxslar FHDYo organiga belgilangan shaklda yozma yoki elektron ariza beradi. Nikoh, odatda, ariza berilgan kundan keyin bir oy o‘tgach, nikohlanuvchilarning o‘zaro roziligi asosida qayd etiladi.

Uzrli sabablar mavjud bo‘lganda FHDYo organi mudiri nikohlanuvchilarning iltimosiga ko‘ra bir oylik muddatni qisqartirishi mumkin. Homiladorlik, bola tug‘ilishi, taraflardan birining kasalligi kabi alohida holatlarda nikoh ariza berilgan kuni ham qayd etilishi mumkin.

Nikohlanuvchilarning birgalikdagi arizasi yoki etarli asoslar mavjud bo‘lganda FHDYo organining tashabbusi bilan qayd etish muddati uch oygacha uzaytirilishi mumkin.

Nikoh yoshi

O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksiga muvofiq, nikoh yoshi erkaklar va ayollar uchun 18 yosh etib belgilangan.

Homiladorlik, bola tug‘ilishi yoki emansipatsiya kabi uzrli sabablar mavjud bo‘lganda tuman yoki shahar hokimi nikoh yoshini nikohlanuvchilarning iltimosiga ko‘ra ko‘pi bilan bir yilga kamaytirishi mumkin.

Muhim: nikoh yoshiga etmagan shaxsni erga berish yoki uylantirish, u bilan haqiqiy nikoh munosabatlariga kirishish yoxud diniy nikoh marosimini o‘tkazish qonunchilikda belgilangan javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Tibbiy ko‘rik

Nikohni qayd etish haqidagi ariza asosida tibbiy ko‘rikka yo‘llanma tibbiyot muassasasining axborot tizimiga elektron shaklda avtomatik yuboriladi. Talab qilinganda yo‘llanma qog‘oz shaklida ham berilishi mumkin.

Ellik yoshgacha bo‘lgan nikohlanuvchilar OIV-infektsiyasi bo‘yicha majburiy tibbiy tekshiruvdan o‘tadi. Qonunchilikda belgilangan ayrim hollarda tibbiy ko‘rik shaxslarning roziligi asosida amalga oshiriladi.

Nikoh tuzishga monelik qiluvchi holatlar

Quyidagi shaxslar o‘rtasida nikoh tuzishga yo‘l qo‘yilmaydi:

  • loaqal bittasi boshqa qayd etilgan nikohda turgan shaxslar;
  • to‘g‘ri tutashgan qarindoshlar, tug‘ishgan va o‘gay aka-uka hamda opa-singillar;
  • farzandlikka oluvchi va farzandlikka olingan shaxslar;
  • loaqal bittasi ruhiy holati sababli sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxslar.

Nikohlanuvchilarning shaxsiy ishtiroki

Nikoh, qoida tariqasida, nikohlanuvchilarning shaxsiy ishtirokida qayd etiladi. Ishonchnoma yoki vakil orqali nikoh tuzishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Biroq O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan nikohlanuvchilarning iltimosiga ko‘ra quyidagi hollarda ularning ishtiroki videokonferentsaloqa rejimida ta’minlanishi mumkin:

  • nikohlanuvchilardan biri yoki har ikkalasi jazoni ijro etish muassasasida saqlanayotgan bo‘lsa;
  • nikohlanuvchilarning otaligi belgilangan o‘zaro farzandi bo‘lsa.

Bunda shaxs Face-ID orqali tasdiqlanadi.

Muhim: nikoh faqat ikki tarafning erkin va o‘zaro roziligi mavjud bo‘lgandagina tuziladi. Nikohga majburlashga yo‘l qo‘yilmaydi.

Chat