Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 37292 marta o'qildi

O‘limni qayd etish marhumning yashash joyi yoki o‘lim sodir bo‘lgan joydagi FHDYo organi tomonidan amalga oshiriladi.

Fuqaroni vafot etgan deb e’lon qilish haqidagi sudning hal qiluv qaroriga asosan o‘limni qayd etish mazkur qarorni chiqargan sud joylashgan erdagi FHDYo organi tomonidan amalga oshiriladi.                        

O‘limni qayd etish to‘g‘risidagi ariza o‘lim to‘g‘risidagi tibbiy guvohnoma berilgandan keyin 3 kundan kechikmay berilishi kerak.

O‘limni qayd ettirish to‘g‘risida marhumning qarindoshlari va yaqin kishilari, shuningdek tibbiy muassasa ma’muriyati murojaat etishlari mumkin, ular o‘lim to‘g‘risida tibbiy guvohnoma va marhumning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etadilar.

O‘limni FHDYo organlarida qayd etmasdan marhumni dafn qilish taqiqlanadi.

O‘limni qayd etish uchun FHDYo organiga quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:

  • o‘lim haqidagi tibbiy guvohnoma yoki sudning fuqaroni vafot etgan deb e’lon qilish haqidagi hal qiluv qarori;
  • marhumning pasporti, harbiy bileti, 16 yoshgacha vafot etganlarning tug‘ilganlik haqida guvohnomasi, 1 yoshga to‘lmagan bola vafot etganda uni onasining pasporti.

O‘limni qayd etishda to‘lov undirilmaydi.

O‘limni qayd etishning alohida hollari

Temir yo‘l yoki avtomobilь transportida sodir bo‘lgan o‘limni qayd etish yaqinroq joydagi FHDYo organi tomonidan amalga oshirilishi mumkin.

Havo yoki suv kemasida sodir bo‘lgan o‘limni qayd etish havo kemasi erga qo‘ngan joydagi yoki suv kemasi to‘xtagan portdagi FHDYo organi tomonidan amalga oshirilishi mumkin.

Shaxsi aniqlanmaganlarning o‘limini qayd etish davlat sog‘liqni saqlash tizimi tibbiy muassasasining xabariga asosan shu muassasa joylashgan erdagi FHDYo organi tomonidan amalga oshiriladi.

Bunday hollarda o‘lim haqidagi dalolatnoma yozuvidagi barcha ma’lumotlar o‘lim to‘g‘risidagi tibbiy guvohnoma asosida ko‘rsatiladi va faqat qabristonga taqdim etish uchun ma’lumotnoma beriladi.

O‘lim haqidagi guvohnoma marhumning shaxsi aniqlangandan keyingina beriladi.

Chet elda vafot etgan shaxsni o‘limini qayd etish

Chet elda vafot etgan O‘zbekiston fuqarolarining o‘limini qayd etish marhum yashab turgan yoki o‘lim sodir bo‘lgan joydagi O‘zbekiston Respublikasining konsullik muassasasi tomonidan amalga oshiriladi.

Shaxs xorijiy davlat hududida vafot etgan taqdirda, vafot etgan shaxsning uning jasadini (saqlanib qolgan tana qismlarini) yoki xokini O‘zbekiston Respublikasi hududida dafn etishni tashkil etishda O‘zbekiston Respublikasining chet eldagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, shuningdek o‘z faoliyat turiga ko‘ra shunday hollarda zarur xizmatlar ko‘rsatuvchi boshqa yuridik shaxslar ko‘maklashadi. O‘limni qayd etish uchun konsullik muassasasiga quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:

  • xorijiy tibbiy xulosa yoki o‘lim haqidagi guvohnoma (ma’lumotnoma);
  • pasporti, yo‘l hujjati yoki vafot etganning shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjat, yoxud ularning nusxasi;
  • 16 yoshgacha vafot etgan shaxslar uchun — pasport, yo‘l hujjati yoki tug‘ilganlik haqida guvohnoma.

Vafot etgan shaxsning jasadini (saqlanib qolgan tana qismlarini) yoki xokini O‘zbekiston Respublikasiga transportda tashish uchun hujjatlarni rasmiylashtirish uchun konsullik muassasasiga quyidagilar taqdim etiladi:

  • xorijiy davlat vakolatli organlarining jasadni (saqlanib qolgan tana qismlarini) yoki xokini transportda tashish va mamlakatdan olib chiqish bo‘yicha ruxsatnomasi;
  • yo‘l-transport hodisasi (YTH) yoki huquqbuzarlik oqibatida o‘lim yuz berganda — vakolatli organ vakili tomonidan voqea joyida tuzilgan bayonnoma yoki xulosa;
  • yuqumli kasallik mavjudligi (mavjud emasligi) to‘g‘risida ma’lumotnoma;
  • transportda tashish uchun zarur bo‘lgan boshqa hujjatlar (mavjud bo‘lsa).

O‘lim haqidagi takroriy guvohnomalar berish
  • marhumning yaqin qarindoshlariga;
  • merosxo‘rlariga;
  • boshqa shaxslarga (ishonchnoma asosida) beriladi.

  • FHDYo organi rahbariyati qabuliga yozilish uchun qo‘yidagi havola orqali o‘ting.
  • O‘zbekistonning xorijiy davlatlardagi konsullik muassasalari bilan tanishish uchun quyidagi havolaga o‘ting.
Chat