Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 11963 marta o'qildi

Vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi qachon to‘lanadi?

Vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi — sug‘urtalangan shaxs kasallik yoki qonunchilikda belgilangan boshqa sabablarga ko‘ra mehnat vazifalarini vaqtincha bajara olmagan davr uchun to‘lanadigan kafolatli to‘lov.

Nafaqa 2026-yil 1-iyuldan boshlab yuzaga kelgan vaqtincha mehnatga layoqatsizlik holatlariga yangi davlat ijtimoiy sug‘urtasi tartibi asosida tayinlanadi.

Nafaqa qaysi holatlarda beriladi?

Vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi, jumladan:

  • kasallik yoki jarohat tufayli mehnatga layoqat vaqtincha yo‘qotilganda;
  • mehnatda mayib bo‘linganda yoki kasb kasalligiga chalinganda;
  • kasallangan oila a’zosini, shu jumladan bolani parvarishlash zarur bo‘lganda;
  • karantin belgilanganda;
  • protez qo‘yish uchun statsionar davolanish talab etilganda;
  • qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa holatlarda to‘lanadi.

Nafaqa tayinlash uchun tibbiyot muassasasi tomonidan elektron shaklda rasmiylashtirilgan mehnatga layoqatsizlik varaqasi asos bo‘ladi.

Mehnatga layoqatsizlik varaqasi — shaxsni ishdan vaqtincha ozod qilish va nafaqa tayinlash uchun asos bo‘ladigan elektron tibbiy hujjat.

Nafaqa qanday tayinlanadi?

Nafaqa fuqaroning alohida arizasisiz, elektron mehnatga layoqatsizlik varaqasi va davlat axborot tizimlaridagi ma’lumotlar asosida proaktiv shaklda tayinlanadi.

Proaktiv tayinlash — fuqarodan ariza va qog‘oz hujjatlar talab qilmasdan, axborot tizimlaridagi ma’lumotlar asosida to‘lov tayinlash.

Nafaqa tayinlangani, to‘lov miqdori yoki rad etish sababi haqida fuqaroga SMS-xabar yoki elektron xabarnoma yuboriladi.

Nafaqa olish uchun qancha sug‘urta staji kerak?

Vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasini olish uchun sug‘urtalangan shaxs kamida 6 oylik sug‘urta stajiga ega bo‘lishi kerak.

Sug‘urta staji — shaxs uchun davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha to‘lovlar amalga oshirilgan va qonunchilikka muvofiq stajga qo‘shiladigan davrlar yig‘indisi.

Nafaqa miqdori qanday hisoblanadi?

Nafaqa sug‘urtalangan shaxsning o‘rtacha oylik ish haqi va sug‘urta stajiga qarab hisoblanadi:

  • 6 oydan 96 oygacha sug‘urta staji bo‘lganda — o‘rtacha ish haqining 60 foizi;
  • 97 oy va undan ortiq sug‘urta staji bo‘lganda — o‘rtacha ish haqining 80 foizi.

I yoki II guruh nogironligi bo‘lgan, qaramog‘ida 18 yoshga to‘lmagan 4 nafar yoki undan ortiq farzandi bor yoxud farzandlaridan kamida birida nogironlik bo‘lgan shaxs uchun koeffitsient 20 foiz bandga oshiriladi.

Kalendarь yil davomida mehnatga layoqatsizlik davri 77 kalendarь kundan oshsa, keyingi davr uchun tegishli koeffitsient 10 foiz bandga kamaytiriladi.

Nafaqani kim to‘laydi?

Tegishli kalendarь yildagi mehnatga layoqatsizlik davrining:

  • beshinchi kunigacha bo‘lgan qismi — ish beruvchi tomonidan;
  • oltinchi kundan boshlab — Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi tomonidan to‘lanadi.

To‘lov, qoida tariqasida, bir kalendarь yilda jami 182 kalendarь kundan oshmagan davr uchun amalga oshiriladi.

Chat