Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 24452 marta o'qildi

Nogironligi bo‘lgan shaxslar qanday lavozimlarda ishlashlari mumkin | NORMA.UZ

«G‘amxo‘rlik» markazi kimlar uchun mo‘ljallangan?

«G‘amxo‘rlik» markazi — ruhiy holati buzilgan, doimiy parvarish, ijtimoiy reabilitatsiya va maxsus xizmatlarga muhtoj nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun davlat ijtimoiy muassasasi.

Markazga, jumladan, mo‘’tadil, og‘ir yoki chuqur darajadagi aqliy zaiflik yoxud dementsiya tashxisi qo‘yilgan I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar yo‘naltirilishi mumkin. Aniq tibbiy ko‘rsatmalar komissiya tomonidan baholanadi.

Joylashtirish uchun qaerga murojaat qilinadi?

Nogironligi bo‘lgan shaxsning qonuniy vakili yoki belgilangan tartibda ariza berish huquqiga ega shaxs avvalo yashash joyidagi «Inson» ijtimoiy xizmatlar markaziga murojaat qiladi.

So‘rovnoma YaIDXP yoki «Ijtimoiy karta» mobil ilovasi orqali elektron shaklda ham berilishi mumkin. So‘rovnomani ko‘rib chiqqanlik uchun to‘lov undirilmaydi.

«Inson» markazi qanday tekshiruv o‘tkazadi?

«Inson» markazi:

  • hujjatlarni o‘rganadi;
  • rad etish asoslari mavjudligini tekshiradi;
  • shaxsning kundalik hayotdagi faolligi va o‘zgalar parvarishiga ehtiyojini baholaydi;
  • zarur bo‘lsa, funktsionallikni besh ish kuni ichida qayta baholaydi;
  • hujjatlar va baholash natijalarini IPTKga yuboradi.

Murojaatning IPTKga yuborilgani yoki rad etilgani haqida arizachi SMS, YaIDXP yoki «Ijtimoiy karta» orqali xabardor qilinadi.

Ijtimoiy-psixiatrik-tibbiy komissiya — IPTK — shaxsning tibbiy, ijtimoiy va parvarishga bo‘lgan ehtiyojini baholab, tegishli ijtimoiy xizmatga yo‘naltirish haqida xulosa beradigan komissiya.

IPTK xulosasi qanday rasmiylashtiriladi?

IPTK shaxsni tibbiy karta, funktsional baholash natijalari va individual holatidan kelib chiqib tekshiradi.

Komissiya bayonnomasi yig‘ilish kuni rasmiylashtiriladi. Xulosa bayonnoma imzolanganidan keyin uch ish kunida tayyorlanadi va bir ish kuni ichida yashash joyidagi «Inson» markaziga yuboriladi. Natija haqida qonuniy vakil elektron tarzda xabardor qilinadi.

Navbatsiz joylashtirish mumkinmi?

Shaxs quyidagi shartlarning barchasiga bir vaqtda javob bersa, navbatsiz joylashtiriladigan toifaga kiritilishi mumkin:

  • o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lsa;
  • oila a’zolari va yaqin qarindoshlari bo‘lmasa;
  • o‘z turar joyi bo‘lmasa yoki yashayotgan uyi yashash uchun yaroqsiz bo‘lsa.

Ushbu asoslarning barchasi mavjud bo‘lmasa, shaxs navbat asosida joylashtiriladi. Markazga qabul qilish IPTK xulosasi va bo‘sh o‘rin mavjudligiga bog‘liq.

Markazda qanday xizmatlar ko‘rsatiladi?

Markazda:

  • yashash, ovqatlanish va parvarish;
  • dori vositalari, tibbiy va gigiena buyumlari;
  • tibbiy va ijtimoiy reabilitatsiya;
  • o‘z-o‘ziga xizmat qilish va maishiy ko‘nikmalar;
  • mehnat, ijod, sport va madaniy mashg‘ulotlar;
  • mustaqil hayotga tayyorlash va jamiyatga moslashtirish xizmatlari ko‘rsatiladi.

Har bir shaxs uchun uning xususiyatlari va ehtiyojlariga mos individual ijtimoiy reabilitatsiya dasturi ishlab chiqiladi.

Markazdan boshqa xizmat turlari bormi?

Shaxsning holati va IPTK xulosasiga qarab quyidagi xizmatlar ham tavsiya qilinishi mumkin:

  • «Yangi kun» kunduzgi qarab turish xizmati;
  • uy sharoitida qarab turish xizmati;
  • kichik hajmli «Madad» uyi;
  • «Ijtimoiy ta’til» qisqa muddatli joylashtirish xizmati.

Bu xizmatlar shaxsni oila va odatiy ijtimoiy muhitdan to‘liq ajratmasdan qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.

Chat