Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 33564 marta o'qildi

2026-yil 1 yanvardan jismoniy va yuridik shaxslar avtomototransport vositasi uchun ochiq elektron bazada bo‘sh turgan istalgan harf va raqamlar kombinatsiyasiga ega davlat raqamini yagona oshirilgan to‘lov evaziga tanlashi mumkin.

Raqamni tanlash va taqsimlash jarayoni inson omili aralashuvisiz, avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali amalga oshiriladi.

Raqam tanlash uchun amaldagi kanallar

Davlat raqamini tanlash, bron qilish va xarid qilish uchun:

  • AvtoRaqam rasmiy mobil ilovasi;
  • Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining rasmiy axborot tizimi;
  • hududiy ro‘yxatdan o‘tkazish va imtihon olish bo‘linmalaridagi infokiosklardan foydalanish mumkin.

AvtoRaqam ilovasida foydalanuvchi:

  • ochiq bazada mavjud raqamlarni ko‘radi;
  • transport vositasi toifasi va hudud kodini tanlaydi;
  • o‘ziga ma’qul kombinatsiyani bron qiladi;
  • elektron invoys bo‘yicha to‘lovni amalga oshiradi;
  • buyurtmaning joriy holatini kuzatadi.

Muhim: davlat raqamini tanlash va xarid qilish xizmati YaIDXPda amalda mavjud emas. Shu sababli murojaatni bevosita AvtoRaqam ilovasi yoki YHXXning amaldagi axborot tizimi orqali amalga oshirish lozim.

Raqamni bron qilish va to‘lash

Tanlangan kombinatsiya avtomatlashtirilgan tizimda boshqa shaxs tomonidan band qilinmagani tekshirilgandan keyin buyurtma beruvchi nomiga elektron invoys shakllantiriladi.

To‘lovni amalga oshirish uchun:

  • jismoniy shaxsga har biri 20 daqiqagacha bo‘lgan ikkita imkoniyat;
  • yuridik shaxsga 72 soat vaqt beriladi.

Ushbu vaqt davomida raqam kombinatsiyasi boshqa shaxslar tanlamasligi uchun vaqtincha zaxiraga olinadi.

Agar to‘lov belgilangan vaqtda amalga oshirilmasa:

  • bron bekor qilinadi;
  • kombinatsiya 12 soat ichida ochiq bazaga qaytariladi;
  • mazkur buyurtma beruvchining aynan shu kombinatsiyani qayta bron qilishi 6 oyga bloklanadi.

Raqamning narxi

Istalgan kombinatsiyaga ega davlat raqami uchun yagona oshirilgan to‘lov miqdori «Uzavtomotobelgi» davlat unitar korxonasi tomonidan belgilanadi.

Shu sababli bunday raqamlarning barchasi uchun yagona doimiy narx mavjud emas. Aniq summa kombinatsiya tanlangan vaqtda AvtoRaqam ilovasidagi elektron invoysda ko‘rsatiladi.

Oltitagacha harf va raqamlardan iborat «noyob» davlat raqamlari alohida tartibda ochiq elektron kimoshdi savdolari orqali berilishi mumkin. Bunday kombinatsiya:

  • amaldagi davlat raqamini takrorlamasligi;
  • qonunchilik talablariga zid bo‘lmasligi;
  • axloq va odob normalariga xilof ma’no ifodalamasligi kerak.

Davlat raqamini tayyorlash va olish

To‘lov tasdiqlangandan keyin davlat raqami belgilangan tartibda ishlab chiqariladi.

I, IE, III va IIIE tipdagi avtomobilь raqamlari, odatda, ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘linmasida 30 daqiqa ichida tayyorlanadi. Mototsikl, moped, skuter va ayrim ikki qatorli raqamlar uchun ishlab chiqarish muddati 14 ish kunigacha bo‘lishi mumkin.

Raqam tayyor bo‘lganida buyurtma beruvchiga elektron xabar yuboriladi. Uni olishda shaxsni va transport vositasiga bo‘lgan huquqni tasdiqlovchi ma’lumotlar tekshiriladi.

Muhim: raqam belgisi uchun to‘lov amalga oshirilishi uni fuqaroning xususiy mulkiga aylantirmaydi. Davlat raqamini sotish, garovga qo‘yish yoki belgilanmagan tartibda boshqa shaxsga berish mumkin emas.

Avtomobilь sotilganda raqamni saqlab qolish

Transport vositasi boshqa shaxsga o‘tkazilganda raqamning avvalgi egasi uni belgilangan tartibda saqlab qolishi mumkin.

Istalgan kombinatsiya asosida olingan raqamni boshqa avtomobilь uchun saqlab qolishda belgilangan muddatda ariza berilishi va tegishli to‘lov amalga oshirilishi lozim. Talab bajarilmasa, kombinatsiya ochiq elektron bazaga qaytarilishi mumkin.

Ushbu tartib Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 31-avgustdagi 683-son qarori va Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 4-sentabrdagi 562-son qarori bilan belgilangan.

Chat