Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 35835 marta o'qildi

Kompensatsiya nima?

Kompensatsiya — nogironligi bo‘lgan shaxs yoki uning qonuniy vakili o‘z mablag‘i hisobidan sotib olgan reabilitatsiya vositasi yoki haq to‘lagan xizmat qiymatini belgilangan doirada pul shaklida qoplash.

Kompensatsiya faqat vosita yoki xizmat nogironligi bo‘lgan shaxsni reabilitatsiya qilishning yakka tartibdagi dasturida nazarda tutilgan bo‘lsa to‘lanadi.

Kompensatsiya qaysi vositalar uchun beriladi?

Kompensatsiya quyidagilar uchun nazarda tutilgan:

  • kreslo-aravachalar;
  • kichik gabaritli aravachalar;
  • eshitish moslamalari;
  • hassalar va qo‘ltiqtayoqlar;
  • reabilitatsiya texnik vositasini joriy ta’mirlash xarajatlari.

Ro‘yxatga kirmaydigan boshqa vositani shaxsiy mablag‘ hisobidan sotib olish avtomatik ravishda kompensatsiya olish huquqini bermaydi.

Vaucher, ijtimoiy karta va kompensatsiyaning farqi nima?

2026-yildan amaldagi asosiy ta’minlash mexanizmi quyidagicha:

  • davlat qoplaydigan qiymati BHMning 30 foizidan yuqori bo‘lgan reabilitatsiya vositalari elektron vaucher orqali xarid qilinadi;
  • qiymati BHMning 30 foizidan oshmaydigan vositalar uchun mablag‘ ijtimoiy kartaga o‘tkaziladi;
  • shaxs ayrim vosita yoki xizmatni o‘z puliga olgan bo‘lsa, 166-son qarordagi shartlar asosida alohida kompensatsiya so‘rashi mumkin.

Shu sababli vositani o‘z mablag‘iga xarid qilishdan oldin «Inson» markazidan shaxsga qaysi ta’minlash mexanizmi tatbiq etilishini aniqlash maqsadga muvofiq.

Kompensatsiya olish uchun qanday shartlar bor?

Shaxs:

  • reabilitatsiya vositasiga muhtoj deb belgilangan bo‘lishi;
  • vosita yoki ta’mirlash xizmati yakka tartibdagi reabilitatsiya dasturida ko‘rsatilgan bo‘lishi;
  • belgilangan tartibda ushbu vosita bilan ta’minlanish uchun hisobga qo‘yilgan bo‘lishi;
  • xarid yoki xizmat haqini o‘z mablag‘idan to‘laganini tasdiqlashi kerak.

Yakka tartibdagi dasturda ko‘rsatilmagan vosita uchun kompensatsiya berilmaydi.

Qanday hujjatlar taqdim etiladi?

Hududiy boshqarmaga:

  • belgilangan shakldagi ariza;
  • nogironlikni tasdiqlovchi hujjat nusxasi;
  • yakka tartibdagi reabilitatsiya dasturi nusxasi;
  • vosita bilan ta’minlash uchun hisobga qo‘yilgan sana haqida ma’lumotnoma;
  • chek, kvitantsiya, talon, chipta yoki xarid va xizmatni tasdiqlovchi boshqa hujjat;
  • reabilitatsiya vositasining texnik pasporti nusxasi taqdim etiladi.

Hujjatlar to‘liq va o‘qiladigan holatda bo‘lishi kerak.

Ariza qancha muddatda ko‘rib chiqiladi?

Hududiy boshqarma hujjatlarni besh kun ichida maxsus komissiyaga kiritadi.

Maxsus komissiya hujjatlar kelib tushganidan boshlab ikki hafta ichida kompensatsiya to‘lash yoki rad etish haqida qaror qabul qiladi. Kompensatsiya vosita yoki xizmatning belgilangan o‘rtacha qiymatidan oshmagan miqdorda to‘lanadi.

Qaysi hollarda rad etiladi?

Kompensatsiya:

  • vosita yakka tartibdagi reabilitatsiya dasturida ko‘rsatilmagan bo‘lsa;
  • zarur hujjatlar to‘liq taqdim etilmasa;
  • xarid yoki xizmat haqi to‘langani tasdiqlanmasa rad etilishi mumkin.

Rad etish haqidagi asoslangan yozma javob qaror qabul qilinganidan keyin uch ish kuni ichida yuboriladi. Rad etish qarori ustidan sudga shikoyat qilish mumkin.

Chat