Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 30897 marta o'qildi

Davlat grantidagi talabalarga stipendiya

Kunduzgi ta’lim shaklida davlat granti asosida tahsil olayotgan talabalarga stipendiya respublika byudjeti mablag‘lari hisobidan to‘lanadi.

Birinchi kurs talabasiga birinchi semestr natijalari ma’lum bo‘lguniga qadar bazaviy stipendiya tayinlanadi.

Keyingi semestrlarda:

— barcha fanlardan faqat «a’lo» — 86 ball va undan yuqori natija ko‘rsatgan talabaga bazaviy stipendiyadan 20 foiz yuqori stipendiya;

— fanlarning 30 foizidan kam qismi «qoniqarli» bo‘lsa — bazaviy stipendiya;

— fanlarning 30 foizi yoki undan ko‘pi «qoniqarli» bo‘lsa, ayrim ijtimoiy toifalardan tashqari, keyingi semestr uchun stipendiya tayinlanmaydi.

Yangi ta’lim granti tizimi

Ikkinchi va keyingi kurslarda:

to‘liq ta’lim granti sohibi o‘qish xarajati to‘liq qoplanishi bilan birga umumiy tartibda stipendiya oladi;

to‘liq bo‘lmagan ta’lim granti sohibi uchun kontraktning 50 foizi davlat tomonidan qoplanadi, ammo umumiy tartibdagi stipendiya berilmaydi.

Eslatma: to‘liq bo‘lmagan ta’lim granti — stipendiyali grant emas. Unda davlat kontraktning 50 foizini qoplaydi, lekin oddiy stipendiya to‘lanmaydi.

Kontraktda o‘qiyotgan talabalar

To‘lov-kontrakt asosida o‘qiyotgan talaba o‘z xohishiga ko‘ra:

stipendiyali kontrakt;

stipendiyasiz kontrakt shaklini tanlashi mumkin.

Stipendiyali kontrakt tarkibiga bazaviy stipendiyaning yillik summasi kiritiladi va stipendiya yil davomida har oy to‘lanadi.

Stipendiyali kontrakt asosida o‘qiyotgan talabaga semestr natijalaridan qat’i nazar bazaviy miqdordagi stipendiya beriladi. Stipendiya kontrakt bo‘yicha belgilangan to‘lov amalga oshirilgandan keyin to‘lanadi.

Ayrim talabalar uchun alohida kafolatlar

I va II guruh nogironligi bo‘lgan talabalarga, jumladan kontraktda o‘qiyotgan bo‘lsa ham, stipendiya respublika byudjeti mablag‘lari hisobidan to‘lanadi.

Ularga o‘zlashtirish natijalaridan qat’i nazar bazaviy stipendiyadan 50 foiz yuqori miqdorda stipendiya tayinlanadi.

Prezident va nomli davlat stipendiyalari ham talaba grant yoki kontraktda o‘qiyotganidan qat’i nazar belgilangan maxsus tartibda to‘lanadi.

Akademik ta’til davrida

Akademik ta’til davrida talabaga stipendiya to‘lanmaydi.

Akademik ta’tildan qaytgandan keyin, stipendiyasiz kontraktda o‘qiyotgan talabadan tashqari, stipendiya to‘lash joriy semestr oxiriga qadar bazaviy miqdorda tiklanadi.

Stipendiya qanday to‘lanadi

2026-yil 21-mayda stipendiyalarni to‘lash usuli bo‘yicha yangi qoida kiritildi.

Stipendiyalar:

2027-yil 1 yanvarga qadar naqd pul, bank kartasi yoki ijtimoiy karta orqali;

2027-yil 1 yanvardan boshlab faqat ijtimoiy karta orqali to‘lanadi.

Chat