Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 48846 marta o'qildi

Musiqa va san’at maktablaridagi ta’lim yo‘nalishlari

Bolalar musiqa va san’at maktablari bolalarning ijodiy qobiliyatini rivojlantirishga qaratilgan davlat ta’lim muassasalari hisoblanadi.

Maktablarda quyidagi asosiy yo‘nalishlar mavjud:

musiqa — cholg‘u ijrochiligi, vokal san’ati va xalq ijodiyoti;

san’at — xoreografiya, tasviriy san’at, amaliy san’at, dizayn va aktyorlik san’ati.

O‘quvchi o‘z qiziqishi va qobiliyatidan kelib chiqib bir yoki ikkita mutaxassislik bo‘yicha yakka tartibda yoki guruhda ta’lim olishi mumkin. Ta’lim olish to‘lov asosida amalga oshiriladi, to‘lov miqdori va undan ozod etish tartibi qonunchilikda belgilanadi.

Mutaxassislik — muayyan ta’lim yo‘nalishi doirasida o‘quvchi chuqur o‘rganadigan ijodiy faoliyat turi.

Qabul yoshi va o‘qish muddati

2026-yildan bolalarni 1-sinfga qabul qilish yoshi mutaxassislikka qarab belgilanadi.

7–10 yoshda qabul qilinib, 7 yil o‘qitiladi:

— fortepiano ijrochiligi;

— skripka, alьt, violonchelь va kontrabas kabi torli cholg‘ular;

— estrada yo‘nalishidagi fortepiano va torli cholg‘ular.

Boshqa musiqa mutaxassisliklari, jumladan xalq, damli va zarbli cholg‘ular, an’anaviy ijrochilik, vokal, baxshichilik va folьklor, shuningdek xoreografiya, tasviriy va amaliy san’at, dizayn hamda aktyorlik san’ati yo‘nalishlariga bolalar, qoida tariqasida, 7–12 yoshda qabul qilinadi va o‘qish muddati 5 yilni tashkil etadi.

Hujjat topshirish

Qabul ishlari har yili iyunь–avgust oylarida tashkil etiladi. O‘quvchilar Madaniyat vazirligi tomonidan belgilanadigan qabul kvotalari doirasida qabul qilinadi.

Ota-ona yoki uning o‘rnini bosuvchi shaxs 1-avgustdan 25-avgustgacha qabul komissiyasiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

— ta’lim yo‘nalishi va tanlangan mutaxassisliklar ko‘rsatilgan ariza;

— bolaning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi nusxasi;

— belgilangan shakldagi tibbiy ma’lumotnoma;

3 × 4 sm o‘lchamdagi 2 ta fotosurat.

Qabul kvotasi — maktabning imkoniyati, kadrlar bilan ta’minlanganligi va muayyan yo‘nalishlarga bo‘lgan ehtiyojdan kelib chiqib qabul qilinishi mumkin bo‘lgan o‘quvchilar soni.

Qabul sinovlari

Qabul sinovlari har yili 31-avgustga qadar o‘tkaziladi. Sinovning asosiy maqsadi bolaning tanlangan yo‘nalish bo‘yicha ijodiy qobiliyatini aniqlashdir. Sinov bir marta topshiriladi va uni qayta topshirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Sinovda:

— musiqa yo‘nalishida — ritmni his qilish, qo‘shiq aytish, musiqani eshitish va eslab qolish qobiliyati;

— xoreografiyada — jismoniy moslik, egiluvchanlik, ritm va musiqani eshitish;

— tasviriy, amaliy san’at va dizaynda — tasavvurdagi buyum yoki manzarani chizish;

— aktyorlik san’atida — she’r yoki monologni ifodali aytish, ovoz va harakatga taqlid qilish qobiliyati baholanadi.

2-sinf va undan yuqori sinflarga qabul qilinayotgan o‘quvchilar ijodiy qobiliyat sinovidan tashqari tegishli maxsus fanlardan ham sinov topshiradi. Masalan, musiqa yo‘nalishida mutaxassislik va solьfedjio, xoreografiyada klassik raqs va parter, tasviriy san’at va dizaynda chizmatasvir, rangtasvir va kompozitsiya baholanadi.

Natijalar va apellyatsiya

Jadval bo‘yicha qabul sinoviga kelmagan bola uchun qo‘shimcha yoki qayta sinov o‘tkazilmaydi va u o‘qishga qabul qilinmaydi.

Sinov natijalari qabul sinovlari yakunlanganidan keyin 3 kun ichida e’lon qilinadi.

Natijadan norozi bo‘lgan holda ota-ona natija e’lon qilingan kundan boshlab 1 ish kuni ichida apellyatsiya shikoyati berishi mumkin. Apellyatsiya komissiyasi shikoyatni 1 kun ichida ko‘rib chiqib, natijani o‘zgarishsiz qoldirishi yoki qayta baholashi mumkin.

Apellyatsiya — qabul sinovi natijasini qayta ko‘rib chiqishni so‘rab maxsus komissiyaga beriladigan shikoyat.

O‘qishga qabul qilish

Qabul komissiyasining ijobiy qarori asosida maktab direktori bolani o‘qishga qabul qilish haqida buyruq chiqaradi.

Qoida tariqasida, o‘quv yili davomida yangi o‘quvchilarni qabul qilishga yo‘l qo‘yilmaydi. Boshqa bolalar musiqa va san’at maktabidan o‘qishi ko‘chirilgan o‘quvchilar bundan mustasno.

O‘qishga qabul qilingan bolaning ota-onasi bilan maktab direktori o‘rtasida o‘qish muddatiga shartnoma tuziladi.

Chat