Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 37379 marta o'qildi

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi (TIV) va Adliya vazirligida chet el fuqarolarining quyidagi toifalari akkreditatsiya qilinadi:
  • chet el diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalarining rahbarlari, diplomatik personal a’zolari, konsulliklarning mansabdor shaxslari, harbiy attashelar, diplomatik vakolatxonalar va konsullik muassasalarining ma’muriy-texnik va xizmat ko‘rsatish personali, shuningdek, ularning oila a’zolari;
  • ommaviy axborot vositalarining vakillari va ularning oila a’zolari;
  • xalqaro hukumatlararo tashkilotlarning va chet davlatlar hukumat tashkilotlarining O‘zbekiston Respublikasiga xizmat ishlari bo‘yicha kelgan mansabdor shaxslari, mazkur tashkilotlarning O‘zbekistondagi vakolatxonalari xodimlari, shuningdek, O‘zbekistonda shtab-kvartirasi bo‘lgan xalqaro tashkilotlar huzuridagi mamlakatlar vakolatxonalarining mazkur tashkilotlar ustav hujjatlariga yoki tegishli shartnomalarga muvofiq diplomatik imtiyozlardan va immunitetlardan foydalanuvchi xodimlari, shuningdek, ularning oila a’zolari.

O‘zbekiston TIV, uning vakolatxonalari tomonidan mazkur shaxslarga akkreditatsiya kartochkalari beriladi hamda bevosita ularning milliy pasportlariga akkreditatsiya haqida yozib qo‘yiladi.

Adliya vazirligida akkreditatsiya qilinadigan chet el fuqarolari:

nodavlat notijorat tashkilotlarining (NNT), shu jumladan diniy tashkilotlar, xalqaro va xorijiy NNT vakolatxonalari va filiallarining chet el fuqarolari bo‘lgan xodimlari, shuningdek ularning qaramog‘idagi oila a’zolari.

Akkreditatsiya uchun yig‘im:
  • akkreditatsiya uchun yig‘im bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravarini tashkil etadi;
  • akkreditatsiyadan o‘tkazish rad etilganda yig‘im summasi qaytarilmaydi;
  • yo‘qolgan yoki yaroqsiz holga kelgan akkreditatsiya kartochkasi o‘rniga yangi akkreditatsiya kartochkasini olish uchun yig‘im stavkasining 50 foizi miqdorida to‘lov undiriladi.

Akkreditatsiya qilishning umumiy qoidalari
  • akkreditatsiyadan o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilinganda chet el fuqarosiga akkreditatsiya kartochkasi beriladi;
  • akreditatsiyadan o‘tkazish ko‘pi bilan 12 oy muddatga amalga oshiriladi;
  • 18 yoshga to‘lmagan bolalarni akkreditatsiyadan o‘tkazish pasportga yoki shaxsni tasdiqlovchi hujjatga ota-onalardan bittasining akkreditatsiya tartib raqami ostiga shtamp qo‘yish yo‘li bilan amalga oshirilad i;
  • akkreditatsiyaning amal qilish muddati tugaganda, shuningdek mehnat faoliyati to‘xtaganda va chet el fuqarolari uzil-kesil jo‘nab ketayotganda akkreditatsiya kartochkalari Adliya vazirligiga qaytarib berilishi kerak.

Akkreditatsiyadan o‘tkazishni rad qilish haqidagi qarorni qabul qilish

Akkreditatsiyadan o‘tkazish rad etilganda Adliya vazirligi qaror qabul qiladi va bu to‘g‘rida NNTni 3 ish kunidan kechikmay yozma shaklda xabardor qiladi.

Bu holda Adliya vazirligi qabul qilingan qarorni izohlamaslik huquqiga ega.

Akkreditatsiyani amal qilishini tugatish

NNT faoliyatini to‘xtatib turish yoki tugatish, shuningdek chet el fuqarosi tomonidan O‘zbekiston qonun hujjatlarini buzish akkreditatsiyaning amal qilishini to‘xtatishga olib keladi, bu chet el fuqarolarining bundan keyin O‘zbekiston hududida bo‘lishi mumkin emasligini bildiradi.

Bu holda xorij fuqarolari Adliya vazirligi tomonidan belgilangan muddatda O‘zbekistondan chiqib ketishi shart.

Akkreditatsiya kartochkasi

Akkreditatsiya kartochkasi olgan chet el fuqarosiga O‘zbekistonga kirish vizasi ularning akkreditatsiya muddatiga beriladi.

Akkreditatsiya kartochkasi NNTning chet el xodimiga mehnat faoliyatini faqat qabul qilgan NNTda amalga oshirish huquqini beradi.

Akkreditatsiya kartochkasi egasi bo‘lish maqomidan qat’i nazar, quyidagilarga majbur:

  • O‘zbekiston qonun hujjatlariga rioya etish;
  • O‘zbekiston ichki ishlariga aralashmaslik;
  • NNTning xonasi va boshqa mulkidan faqat ustavdagi maqsadlar va vazifalarni bajarish maqsadlarida foydalanish;
  • O‘zbekistonda yashayotgan xalqlarning madaniyati, urf-odatlari, an’analari va turmushini hurmat qilish.

Akkreditatsiyaning amal qilish muddati tugaganda, shuningdek mehnat faoliyati to‘xtaganda va chet el fuqarolari uzil-kesil jo‘nab ketayotganda akkreditatsiya kartochkalari Adliya vazirligiga qaytarib berilishi kerak.

Akkreditatsiya kartochkasini yo‘qotish yoki shikastlantirish

Akkreditatsiya kartochkasi yo‘qolganda yoki yaroqsiz holga kelganda akkreditatsiya kartochkasining egasi uch ish kunidan kechikmay bu to‘g‘rida NNTni va Adliya vazirligini yozma shaklda xabardor qiladi.

Yangi akkreditatsiya kartochkasini olish uchun Adliya vazirligiga NNT tomonidan quyidagi hujjatlarni ilova qilgan holda ariza beriladi:

  • davlat xizmatlari markazidan ma’lumotnoma (akkreditatsiya kartochkasi yo‘qolganda);
  • yo‘qolgan akkreditatsiya kartochkasini haqiqiy emas deb hisoblash to‘g‘risida davriy matbuot nashridagi e’lon;
  • akkreditatsiya kartochkasining asl nusxasi (akkreditatsiya kartochkasi yaroqsiz holga kelganda);
  • chet el fuqarosining (3 sm x 4 sm o‘lchamdagi) to‘rtta rangli fotosurati;
  • yo‘qolgan yoki yaroqsiz holga kelgan akkreditatsiya kartochkasi o‘rniga yangi akkreditatsiya kartochkasi berilishi uchun belgilangan miqdorda to‘lov to‘langanligi to‘g‘risida bank to‘lov hujjati.

Ariza 10 ish kuni mobaynida ko‘rib chiqiladi.

Yo‘qolgan yoki yaroqsiz holga kelgan akkreditatsiya kartochkasi o‘rniga yangi akkreditatsiya kartochkasini olgan chet el fuqarosiga tegishli akkreditatsiya raqami beriladi va ushbu ma’lumotlar Reestrga kiritiladi.

Chat