Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 14731 marta o'qildi

Asosiy tushunchalar
  • Dori vositalari — kasallik profilaktikasi, ularga tashxis qo‘yish va davolash, shuningdek odam organizmi holati va funksiyalarini o‘zgartirish uchun tibbiyot amaliyotida qo‘llanilishiga ruxsat etilgan dori moddalari (substansiyalar) va yordamchi moddalar asosida olingan vositalar, dori moddalari (substansiyalar), dori preparatlari.
  • Dori preparatlari — dozalangan, idishga joylangan-o‘ralgan, qo‘llanish uchun tayyor dori vositalari.
  • Sifatsiz dori vositasi va tibbiy buyum — yaroqsiz holga kelgan va (yoki) yaroqlilik muddati o‘tgan dori vositasi va tibbiy buyum.
  • Tibbiy buyumlar — kasallik profilaktikasi, ularga tashxis qo‘yish va davolash uchun, shuningdek odam organizmi holati va funksiyalarini o‘zgartirish uchun tibbiyot amaliyotida qo‘llashga ruxsat etilgan buyum.
  • Farmatsevtika faoliyati — dori vositalari va tibbiy buyumlar yaratish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlarini, ishlab chiqarish, tayyorlash, ularning sifatini nazorat qilish hamda realizatsiya qilishni qamrab oladigan faoliyat.
  • O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan dori vositalarining g‘ayriqonuniy nusxalari — intellektual mulk to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilgan holda muomalaga kiritilgan dori vositalari;
  • Qalbakilashtirilgan dori vositasi va tibbiy buyum — tarkibi yoki xususiyati to‘g‘risida yoxud ishlab chiqaruvchisi haqida yolg‘on axborot ilova qilingan dori vositasi va tibbiy buyum;
  • Muvofiqlik sertifikati — sertifikatlangan mahsulotning talablarga muvofiqligini tasdiqlash uchun sertifikatlashtirish tizimi qoidalariga binoan berilgan hujjat:
  • Birlamchi o‘ram — dori vositasi bilan bevosita aloqada bo‘lgan konteynyer yoki o‘ram.

Chakana sotish

Dori vositalari va tibbiy buyumni chakana realizatsiya qilish faqat dorixona va dorixonalarning filiallarida amalga oshiriladi.

Dori vositalari va tibbiy buyumlarni dorixonalardan tashqarida sotish taqiqlanadi.

O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan yoki dorixonalar tayyorlagan dori vositalarni va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilishga ruxsat beriladi.

Elektron tijorat orqali dori vositalari va tibbiyot buyumlarini realizatsiya qilishda ularni saqlash va yetkazib berish tartibi hamda talablariga qat’iy rioya qilish shart.

Dori vositalariga qo‘shiladigan qo‘shimcha ustamalar

Chetdan olib kelinadigan, shuningdek, mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilaridan sotib olinadigan dori vositalari va tibbiyot buyumlarini chakana sotish ularni yetkazib berishda ishtirok etuvchi vositachilar sonidan qat’i nazar, chakana savdo uchun ulgurji narxidan 20% ortiq bo‘lmagan miqdorda cheklangan savdo ustamalari qo‘llagan holda sotiladi.

Chetdan olib kelinadigan, shuningdek, mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilaridan sotib olinadigan dori vositalari va tibbiyot buyumlari ijtimoiy dorixonalar tomonidan yetkazib berishda ishtirok etuvchi vositachilar sonidan qat’i nazar, xarid qilish narxi yoki ulgurji narxning 10% ortiq bo‘lmagan cheklangan savdo ustamasi ko‘llagan holda chakana sotiladi.

Dori vositalari qalbakilashtirilishining taqiqlanishi

Syertifikatlanishi lozim bo‘lgan dori vositalari va tibbiy buyumlarni muvofiqlik sertifikatlarisiz chakana realizatsiya qilish taqiqlanadi.

Sifatsiz, qalbakilashtirilgan, O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tmagan dori vositalari va tibbiy buyumlarni, shuningdek O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tkazilgan dori vositalarining g‘ayriqonuniy nusxalarini xarid qilish, chakana realizatsiya qilish hamda ulardan foydalanish taqiqlanadi.

Dorixonalar dori vositalarining qo‘llanilishi chog‘ida nojo‘ya reaksiyalar aniqlangan barcha holatlar to‘g‘risida Sog‘liqni saqlash vazirligini yozma shaklda xabardor qilishi shart.

Iste’molchilarga beriladigan ma’lumotlar

Dorixonalar farmatsevtika faoliyatini amalga oshirish uchun berilgan litsenziya raqami, amal qilish muddati, litsenziya bergan organ to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yoki litsenziya nusxasini iste’molchilar tanishishi uchun qulay bo‘lgan joyga joylashtiradi.

Dori vositalari va tibbiy buyumlarni tayyorlashni litsenziyaga ega bo‘lgan dorixona amalga oshiradi.

Dori vositalari dorixonalarda Sog‘liqni saqlash vazirligi qo‘llanilishiga ruxsat etgan dori moddalaridan (substansiyalardan) tayyorlanadi.

Ro‘yxatga kiritilmagan dori vositasini tayyorlash taqiqlanishi

Sog‘liqni saqlash vazirligi tasdiqlaydigan tayyorlashga ruxsat etilgan dori vositalari ro‘yxatiga kiritilmagan dori vositalarini tayyorlash taqiqlanadi.

Dorixona haqidagi ma’lumot joylashtirilishi

Dorixonalarning kirish qismida dorixonaning nomi, tashkiliy-huquqiy shakli, joylashgan manzili va ish tartibi haqida ma’lumotlar ko‘rsatilgan peshlavha bo‘lishi kerak.

Dori vositalarini sotish tartibi

Barcha dorixonalar dori vositalari va tibbiy buyumlarni Sog‘liqni saqlash vazirligi tasdiqlagan ro‘yxatga muvofiq sotishi shart.

Ijtimoiy dorixonalar Ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiyot buyumlarning tasdiqlangan ro‘yxatini davlat va rus tillarida
12 shriftdan kam bo‘lmagan o‘lchamda ko‘rinadigan joyga osib qo‘yishi shart.

Sotib oluvchiga identifikatsiya ma’lumotlari (nomi, dozasi, qadoqlash, miqdori), dori vositalari yoki tibbiyot buyumlarining nomi, ularni beruvchi shaxsga oid ma’lumotlar, berish sanasi va narxi ko‘rsatilgan tovar cheki beriladi.

Dori vositalarini dorixona peshtaxtasiga joylashtirish

Dorixonalar sanitariya va gigiyena ashyolarini, shifobaxsh oziqlantirish mahsulotlarini, ma’danli suvlarni, shuningdek davolash-kosmyetika mahsulotlarini, biologik faol qo‘shimchalarni realizatsiya qilish uchun ruxsatnoma bo‘lishi shart.

Dorixonada barcha dori vositalari va tibbiy buyumlar narxi ko‘rsatilgan holda hamda dorixona javobgar shaxsining imzosi bilan sotuvga qo‘yiladi.

Dorixona sotuv zali peshtaxtasiga faqat shifokor retseptisiz beriladigan dori vositalari va tibbiy buyumlar qo‘yiladi.

Shifokor retseptlari asosida beriladigan dori vositalari va tibbiyot buyumlarini dorixona peshtaxtasiga qo‘yish taqiqlanadi.

Dori vositalarini qo‘llash yuzasidan xaridorga ma’lumot berilishi

Dori vositalarini chakana realizatsiya qilish shakli va qoidalari Sog‘liqni saqlash vazirligi tasdiqlagan retseptlar yoki retseptsiz sotiladigan dori vositalari ro‘yxatiga muvofiq amalga oshiriladi.

Dori vositasi va tibbiy buyumni sotishda sotuvchi xodim dori vositasi va tibbiy buyumni qo‘llash tartibi, xususan, qo‘llash davriyligi, bir marotabalik va sutkalik dozalari, qo‘llash usuli, saqlash tartibi, yaroqlilik muddati va boshqalar haqida ma’lumot berishi lozim.

Dorixona xodimi sotib oluvchi e’tiborini dori vositasi va tibbiy buyumni qo‘llash yo‘riqnomasi bilan diqqat bilan tanishib chiqishga qaratishi kerak.

Dori vositasini donalab sotish

Dorixona xodimi dori vositasini sotib oluvchiga zarur ma’lumotlar berishi kerak. Sotib oluvchi talabiga ko‘ra dori vositasi va tibbiy buyum narxi va sifatini tasdiqlovchi hujjatni ko‘rsatishi lozim.

Dori vositasini donalab sotishga ruxsat etiladi. Bunda joylash-o‘rash matyerialida dori vositasi nomi, syeriyasi, yaroqlilik muddati va ishlab chiqaruvchisi ko‘rsatilishi kerak.

Dori vositasini birlamchi o‘rami buzilgan holda berish taqiqlanadi.

Dori vositasini berish normasi shifokor retseptiga muvofiq belgilanadi.

Imtiyozli asosda dori vositalarini olish

Shifokor bergan retseptda dori vositasining bir marotaba qo‘llanadigan eng yuqori dozasidan ko‘proq doza tayinlanganda, dorixona xodimi eng yuqori dozasining yarmiga teng dozani berishi shart.

Ambulatoriyada davolanishda imtiyozga ega shaxslar ayrim toifalarini dori vositalari bilan imtiyozli ta’minlash dori vositalarini ambulatoriya-poliklinika muassasalari orqali yoxud dorixonalar orqali amalga oshiriladi.

Shaxslarning ayrim toifalariga imtiyozli dori vositalari barcha dorixonalarda beriladi.

Dori vositasini retsept asosida uzoq muddat berish

Favqulodda holatlarda, bemorning yashash joyidan jo‘nab ketishi, dorixonaga muntazam qatnash imkoni bo‘lmaganda dori vositalarini retsept bo‘yicha 2 oy davomida qo‘llash uchun zarur miqdorda beriladi.

Dori vositalari uzoq vaqt amal qiluvchi retsept asosida qisman berilganda retsept orqa tomoniga dori vositasi miqdori va berilgan sana ko‘rsatilib, bemorga qaytarib beriladi.

Bemorning dorixonaga navbatdagi murojaatida dori vositasi oldin olinganligi haqidagi belgilar hisobga olinadi.

Dori vositasi retseptda nazarda tutilgan miqdorda olinganda unga “Retsept haqiqiy emas” degan shtamp bosiladi va dorixonada qoldiriladi.

Retseptni dorixonada saqlash

Dori vositalarini retseptlarini saqlash muddatlari:

  • psixotrop moddalar, etil spirti va anabolik vositalarga berilgan retsept – 1 yil;
  • dori vositalarini imtiyozli berish uchun retsept – 3 yil;
  • maxsus pushti rangdagi blankalar bo‘yicha berilgan giyohvand vosita retsepti – 5 yil;
  • boshqa dori vositalariga berilgan retsept – 3 oy .

Saqlash muddati tugaganidan so‘ng, retseptlar yo‘q qilish dalolatnoma tegishli rasmiylashtirilishi bilan yo‘q qilinadi.

Shaxslarning ayrim toifalarini dori vositalari bilan retsept asosida imtiyozli ta’minlash xarajatlarini sog‘liqni saqlash muassasalari shartnomaga muvofiq dorixona hisobiga o‘tkazadi.

Dorixonadan realizatsiya qilingan dori vositasi va tibbiy buyum qaytarib olinmaydi hamda almashtirilmaydi.

Chat