Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 16386 marta o'qildi

Notarial harakatning mazmuni

«Notariat to‘g‘risida»gi Qonunga muvofiq notarius mol-mulkni boshqa shaxsga o‘tkazish bilan bog‘liq bo‘lmagan notarial harakatlarni amalga oshirishda quyidagi hujjatlarning elektron shakli qog‘ozdagi hujjatga muvofiqligini tasdiqlaydi:

  • notarial tartibda tasdiqlangan arizalar;
  • ijara shartnomalari;
  • ishonchnomalar.

Notarius tomonidan belgilangan tartibda tasdiqlangan elektron shakl qog‘ozdagi hujjat bilan bir xil yuridik kuchga ega bo‘ladi.

Muhim! Notarius har qanday elektron faylga yuridik kuch bermaydi. Tasdiqlash faqat qonunchilikda belgilangan hujjatlarga va notarial harakatlarga nisbatan amalga oshiriladi.

Elektron hujjatdan foydalanish

O‘zbekiston hududida notarial tasdiqlangan ariza, ijara shartnomasi yoki ishonchnoma asosida keyingi notarial harakatni amalga oshirishda hujjatning qog‘ozdagi asl nusxasini taqdim etish talab qilinmasligi mumkin.

Murojaat qiluvchi notarial harakatning noyob raqamini ma’lum qiladi. Notarius hujjatni «Notarius» avtomatlashtirilgan axborot tizimida:

  • noyob raqam;
  • murojaat qiluvchining JShShIRi;
  • tizimdagi boshqa identifikatsiya ma’lumotlari orqali tekshiradi.

Tekshiruv natijasi ijobiy bo‘lsa, keyingi notarial harakat elektron ma’lumot asosida bajariladi.

Tasdiqlashga yo‘l qo‘yilmaydigan hujjatlar

Quyidagilarning elektron shaklini qog‘ozdagi hujjat bilan teng yuridik kuchga ega deb notarial tasdiqlashga yo‘l qo‘yilmaydi:

  • oddiy yozma shaklda tuzilgan, notarial tasdiqlanmagan bitimlar;
  • pasport, ID-karta va shaxsni tasdiqlovchi boshqa hujjatlar;
  • qalbakilashtirilganligi yaqqol ko‘rinib turgan hujjatlar;
  • mazmuni yoki rekvizitlari qonunchilik talablariga muvofiq bo‘lmagan hujjatlar;
  • elektron tizim orqali haqiqiyligini tekshirish imkoni bo‘lmagan hujjatlar.

Shaxsni tasdiqlovchi hujjatning skanerlangan nusxasi yoki fotosurati shaxsni tasdiqlovchi mustaqil elektron hujjat hisoblanmaydi.

Notarius tomonidan tekshiriladigan holatlar

Notarius:

  • murojaat qiluvchining shaxsi va vakolatini;
  • elektron hujjatning tizimda mavjudligini;
  • uning noyob raqami va rekvizitlarini;
  • hujjat bekor qilingan yoki amal qilishdan to‘xtagan-to‘xtamaganligini;
  • elektron shaklning qog‘ozdagi hujjatga muvofiqligini tekshiradi.

Tekshirish jarayoni va natijasi «Notarius» avtomatlashtirilgan axborot tizimida qayd etiladi.

Xizmat uchun to‘lov

Notarial harakat uchun «Davlat boji to‘g‘risida»gi Qonunda belgilangan davlat boji, shuningdek huquqiy va texnik tusdagi qo‘shimcha harakatlar uchun tegishli to‘lovlar undiriladi.

Batafsil tartib Notariuslar tomonidan notarial harakatlarni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomada belgilangan.

Chat