Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 48123 marta o'qildi

Kommunal to‘lovlar

1. Kommunal xizmatlar uchun majburiy to‘lovlar sovuq va issiq suv, kanalizatsiya, elektr, gaz, isitish (otoplenie), qattiq va suyuq maishiy chiqindilarni olib chiqish uchun to‘lanadigan to‘lovlardan iborat.

2. Issiq suv, elektr, gaz, isitish (otoplenie), chiqindilarni olib chiqish uchun to‘lovlar o‘tgan oydan keyingi oyning 10 kunidan kechiktirmay har oyda amalga oshirilishi kerak.

To‘lovlar yuqorida belgilangan muddatlarda amalga oshirilmagan taqdirda, har bir kechiktirilgan kun uchun yuridik shaxslar uchun 0,4 foiz, jismoniy shaxslar uchun 0,1 foiz miqdorida, biroq kechiktirilgan to‘lov summasining 50 foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda penya to‘laydi.

3. Suv ta’minoti va kanalizatsiya xizmatlari uchun majburiy to‘lovlar oldindan 100 foizlik haq to‘lash asosida amalga oshiriladi. Batafsil havolada.

4. Kommunal xizmatlar uchun to‘lovlar bank shaxobchalari, ko‘chma sayyor kassalar hamda PAYME, CLICK, UZCARD, orqali onlayn amalga oshirishlari mumkin.  

Quyidagi toifalar uchun kommunal xizmatlar haqini to‘lashda oylik kompensatsiya pul to‘lovlari beriladi

1. Quyidagi toifalar uchun kommunad xizmatlar haqini to‘lash uchun bazaviy hisoblash miqdorining 45 foizi miqdorida kompensatsiya pul to‘lovlari beriladi:

  • 1941 — 1945-yillardagi urush nogironlari va qatnashchilariga tenglashtirilgan shaxslar;
  • o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz pensionerlar;
  • Sovet Ittifoqi Qahramonlari, Sotsialistik Mehnat Qahramonlari va «Slava» ordenining uchala darajasi bilan mukofotlangan shaxslar;
  • fashist kontslagerlarining sobiq voyaga etmagan mahbuslari;
  • Leningrad shahri qamali davrida ishlagan fuqarolar;
  • ko‘rish qobiliyati bo‘yicha I guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar;
  • Chernobilь halokati oqibatida jabrlangan fuqarolar;
  • yadro poligonlari va boshqa radiatsiya-yadro ob’ektlarida harbiy xizmatni o‘tagan pensiya yoshidagi shaxslar.

2. 1941—1945-yillardagi urush nogironlari va qatnashchilariga kommunal xizmatlar haqini to‘lash uchun bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi miqdorida kompensatsiya pul to‘lovlari beriladi.

3. 1941 — 1945-yillardagi urush davridagi mehnat fronti qatnashchilariga kommunal xizmatlar haqini to‘lash uchun bazaviy hisoblash miqdorining 25 foizi miqdorida kompensatsiya pul to‘lovlari beriladi.

Yuqoridagi toifaga mansub bo‘lgan shaxslarga kompensatsiya uni olish huquqini beruvchi hujjatni ilova qilgan holda kompensatsiya tayinlash to‘g‘risida ariza topshirilgan oydan keyingi oyning birinchi kunidan tayinlanadi.

Kompensatsiyalar quyidagi tartibda to‘lanadi:

  • ishlamaydigan pensionerlar va ijtimoiy nafaqalar oluvchilarga — pensiya (ijtimoiy nafaqa) to‘lash bilan bir vaqtda;
  • ishlaydigan fuqarolarga, shu jumladan ishlaydigan pensionerlarga ish haqini to‘lash muddatlarida.

Kompensatsiya to‘lashni to‘xtatish

Quyidagi hollarda vaqtincha to‘xtatiladi:

  • pensiya (nafaqa) to‘lash muddati tamom bo‘lganda;
  • ketma-ket 3 oydan ortiq vaqt mobaynida pochta aloqasi tashkiloti orqali kompensatsiya olinmaganda;
  • fuqaro ozodlikdan mahrum etilganda;
  • fuqaro ruhiy bemorlar internat uylarida yashaganda;
  • kompensatsiyani to‘lashni to‘xtatib turish to‘g‘risida fuqaro tomonidan ariza berilganda.

Quyidagi hollarda to‘xtatiladi:

  • fuqaro vafot etganda;
  • tayinlangan kompensatsiyaga huquqlar yo‘qolganda;
  • doimiy yashash uchun O‘zbekiston Respublikasi tashqarisiga chiqib ketilganda.

Uy-joyda doimiy propiska qilingan voyaga etgan jismoniy shaxslar elektr, gaz, suv va suvni chiqarib yuborish (kanalizatsiya) xizmatlari ko‘rsatilganligi uchun haq to‘lash bo‘yicha qarzdorlik yuzaga kelgan taqdirda uy egasi bilan birgalikda javobgar bo‘ladi.

Iste’molchilarni elektr, gaz, ichimlik suv va kanalizatsiya tarmoqlari hamda suv quvurlaridan uzib qo‘yish

1. Iste’molchilar quyidagi hollarda elektr, gaz, ichimlik suv va kanalizatsiya tarmoqlari hamda suv quvurlaridan uzib qo‘yiladi:

  • hisob-kitoblar o‘z vaqtida amalga oshirilmaganligi oqibatida qarzdorlik mavjud bo‘lganda;
  • vakillariga elektr energiyasi, tabiiy gaz va ichimlik suv iste’molini hisobga olish priborlaridan ko‘rsatkichlarni olish uchun ruxsat etilmaganda;
  • elektr, gaz, ichimlik suv va kanalizatsiya tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanilganda yoki ulardan foydalanish qoidalari buzilganligi aniqlanganda;
  • elektr energiyasi, tabiiy gaz va ichimlik suv iste’molini hisobga olish pribor (setchik)lari qasddan buzilganda, ko‘rsatkichlarni o‘zgartirish maqsadida ularga tashqaridan aralashilganda.

2. Elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suv iste’molchilari uzib qo‘yiladigan elektr, gaz, ichimlik suv va kanalizatsiya tarmoqlari hamda suv quvurlarining nuqtalari MIB tomonidan nazorat tartibida majburiy plombalanadi.

3. Elektr va gaz tarmoqlaridan uzib qo‘yilgan shaxslarni qayta ulashda iste’molchi-jismoniy shaxslardan BHMning 2 baravari mikdorida iste’molchi-yuridik shaxslardan BHMning 10 baravari miqdorida to‘lov undiriladi. Ichimlik suv, kanalizatsiya tarmoqlari va suv quvurlaridan ilgari uzib qo‘yilgan shaxslarni qayta ulashda iste’molchi-jismoniy shaxslardan 2 baravari miqdorida, iste’molchi-yuridik shaxslardan BHMning 10 baravari miqdorida  to‘lov undiriladi.

Xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar tomonidan kommunal xizmatlar to‘lanmaganda

Yashash joyida bo‘lmagan xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar tomonidan kommunal xizmatlar uzoq vaqt (12 oydan ortiq) haq to‘lanmagan taqdirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining taqdimnomasiga ko‘ra qarzdorlikni hal qilish uchun uy-joy belgilangan tartibda xatlab qo‘yiladi.

Elektr, issiqlik energiyasi, gazdan foydalanish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik

Elektr, issiqlik, gaz tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanish yoki ulardan foydalanish qoidalarini boshqacha tarzda buzish yoxud elektr, issiqlik energiyasi, tabiiy gazni hisobga olish asboblariga shu jumladan ularning plombalariga qasddan shikast etkazish yoki bunday hisobga olish asboblarining ko‘rsatkichlarini o‘zgartirish maqsadida ularga tashqaridan aralashganlik jarima solishga sabab bo‘ladi.

Chat