Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 21933 marta o'qildi

Kreditga 50 dona avtomashina sotib olganman. Ularning barchasini garovga qo‘yib, sug‘urta qildirganman. Sug‘urta shartnomasi kredit muddati davriga tuzilgan edi. Kredit qarzini muddat tugashidan 2 yil oldin to‘ladim. Sug‘urta mukofotini olsam bo‘ladimi?

✅ Fuqarolik kodeksining 948-moddasiga asosan sug‘urta shartnomasi, agar u kuchga kirganidan keyin sug‘urta hodisasi yuz berishi ehtimoli yo‘qolgan va sug‘urta xavfining mavjud bo‘lishi sug‘urta hodisasidan boshqa holatlar bo‘yicha tugagan bo‘lsa, tuzilgan muddati kelishidan oldin bekor bo‘ladi.

✅ Sug‘urta shartnomasi yuqoridagi ko‘rsatilgan holatlar bo‘yicha muddatidan oldin bekor bo‘lganda, sug‘urtalovchi sug‘urta mukofotining bir qismini sug‘urta amal qilgan vaqtga mutanosib ravishda olish huquqiga ega.

Iqtisodiy sudlarga davlat bojini to‘lashda kichik biznes sub’ektlariga imtiyozlar mavjudmi?

 Kichik tadbirkorlik sub’ektlari amalga oshiradigan tadbirkorlik faoliyati doirasida (mulkiy xususiyatga ega da’vo arizalari, xo‘jalik shartnomalarini tuzish, o‘zgartirish yoki bekor qilish vaqtida kelib chiquvchi nizolar bo‘yicha da’vo arizalarida va sud hujjatlarining dublikatlarini hamda taraflar va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning iltimosiga ko‘ra iqtisodiy sud tomonidan ishlardan boshqa hujjatlarning ko‘chirma nusxalarini berganlik uchun) sudlarga murojaat qilish chog‘ida belgilangan stavkaning 50 foizi miqdorida davlat boji to‘laydi.

Qarzdorlikni xususiy korxona rahbaridan undirish mumkinmi?

 “Xususiy korxona to‘g‘risida”gi qonunning 3-moddasiga asosan, xususiy korxona mulkdori korxonaning mol-mulki etarli bo‘lmagan taqdirda xususiy korxonaning majburiyatlari bo‘yicha o‘ziga qarashli mol-mulk bilan qonun hujjatlariga muvofiq subsidiar javobgar bo‘ladi.

Men qurilish tashkiloti rahbariman. Kredit olayotganda uning ta’minoti sifatida qurilishi tugallanmagan binoni garovga qo‘yishim mumkinmi?

 «Ipoteka to‘g‘risida»gi qonunning 63-moddasiga asosan, uy qurish uchun kredit yoki aniq maqsadli qarz berilayotganda ipoteka to‘g‘risidagi shartnomada majburiyatni tugallanmagan qurilish (ipotekaga qo‘yuvchi kelgusida oladigan mol-mulk va mulkiy huquqlar) bilan ta’minlash nazarda tutilishi mumkin.

Bank mening hisobraqamimdan ruxsatimsiz davlat ijrochisining inkasso topshiriqnomasi asosida qarzdorlikni echib olgan. Bankning harakati qonuniymi?

 Bankning harakatlari qonuniy asosga ega.

✅ “O‘zbekiston Respublikasida naqd pulsiz hisob-kitoblar to‘g‘risida”gi nizomning 58-bandiga asosan inkasso topshiriqnomasi - mablag‘larni oluvchining inkasso topshiriqnomasida ko‘rsatilgan summani mablag‘larni to‘lovchining hisobvarag‘idan so‘zsiz ravishda hisobdan chiqarish bo‘yicha topshirig‘i nazarda tutilgan hisob-kitob hujjati hisoblanadi.

Kichik tadbirkorlik sub’ektlariga kimlar kiradi?

  “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunga asosan quyidagilar kichik tadbirkorlik sub’ektlari hisoblanadi: 

  • yakka tartibdagi tadbirkorlar;
  • shlab chiqarish tarmoqlaridagi xodimlarining o‘rtacha yillik soni ko‘pi bilan 20 kishi, xizmat ko‘rsatish sohasidagi va ishlab chiqarish bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa tarmoqlardagi xodimlarining o‘rtacha yillik soni ko‘pi bilan 10 kishi, ulgurji, chakana savdo hamda umumiy ovqatlanish tarmoqlaridagi xodimlarining o‘rtacha yillik soni ko‘pi bilan 5 kishi bo‘lgan mikrofirmalar;
  • quyidagi tarmoqlardagi kichik korxonalar:
  • engil, oziq-ovqat sanoatidagi va qurilish materiallari sanoatidagi xodimlarining o‘rtacha yillik soni ko‘pi bilan 200 kishi; 
  • metallga ishlov berish va asbobsozlik, yog‘ochsozlik, mebelь sanoatidagi, shuningdek qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa sanoat-ishlab chiqarish sohalaridagi xodimlarining o‘rtacha yillik soni ko‘pi bilan 100 kishi;
  • mashinasozlik, metallurgiya, yoqilg‘i-energetika va kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari etishtirish va ularni qayta ishlash, qurilish hamda qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa sanoat-ishlab chiqarish sohalaridagi xodimlarining o‘rtacha yillik soni ko‘pi bilan 50 kishi;
  • fan, ilmiy xizmat ko‘rsatish, transport, aloqa, xizmat ko‘rsatish sohalari (sug‘urta kompaniyalaridan tashqari), savdo va umumiy ovqatlanish hamda ishlab chiqarish bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa sohalardagi xodimlarining o‘rtacha yillik soni ko‘pi bilan 25 kishi.

Texnologik asbob-uskunalarni olib kirishda bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlar beriladimi?

✅ O‘zbekiston Respublikasi hududiga qonun hujjatlariga muvofiq tasdiqlanadigan ro‘yxat bo‘yicha olib kirilayotgan texnologik jihozlar, shuningdek butlovchi buyumlar va ehtiyot qismlar, agar ularni etkazib berish texnologik jihozlarni etkazib berish kontrakti shartlarida nazarda tutilgan bo‘lsa bojxona boji va qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilinishi qayd etilgan.

✅ “O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirishda import bojxona boji va qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilinadigan texnologik jihozlar ro‘yxati” 2013-yil 20-martda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2436-soni bilan ro‘yxatga olingan idoralararo qarori bilan tasdiqlangan.

Chat