Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 5354 marta o'qildi

Chorvachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaligi tashkil etish tartibi qanday?

✅ O‘zbekiston Respublikasi “Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonunining 5-moddasiga asosan fermer xo‘jaligi tanlov asosida aksariyat hollarda mehnat resurslari ortiqchaligi sezilmayotgan erlarda va hududlarda tashkil etiladi.

✅ Chorvachilik mahsuloti etishtirishga ixtisoslashtirilgan fermer xo‘jaligi kamida 30 shartli bosh chorva moli bo‘lgan taqdirda tashkil etiladi. Fermer xo‘jaligiga ijaraga beriladigan er uchastkalarining eng kam o‘lchami bir shartli bosh chorva molga hisoblaganda Andijon, Namangan, Samarqand, Toshkent, Farg‘ona va Xorazm viloyatlaridagi sug‘oriladigan erlarda kamida 0,3 gektar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va boshqa viloyatlardagi sug‘oriladigan erlarda kamida 0,45 gektar, sug‘orilmaydigan (lalmikor) erlarda esa kamida 2 gektarni tashkil etadi.

Fermer xo‘jaligi qanday xolatlarda tugatiladi?

✅ Fermer xo‘jaligi quyidagi hollarda tugatiladi:

  • xo‘jalik faoliyatini davom ettirish istagida bo‘lgan bironta ham xo‘jalik a’zosi yoki merosxo‘r qolmagan bo‘lsa;
  • er uchastkasini ijaraga olish huquqidan ixtiyoriy voz kechilganda;
  • er uchastkasining ijaraga berilgan muddati tugaganda va erdan foydalanish huquqini tiklashning imkoniyati bo‘lmaganda;
  • erdan belgilangan maqsadda va oqilona foydalanilmaganda, olingan hosildorlik normativ kadastr bahosidan muttasil (uch yil mobaynida) past bo‘lganda;
  • erlarning ekologik holati yomonlashganda;
  • er uchastkasi belgilangan tartibda olib qo‘yilganda;
  • fermer xo‘jaligi bankrot deb e’lon qilinganda;
  • ijara haqi belgilangan muddatlarda muttasil to‘lanmay kelinganda;
  • fermer xo‘jaligi er olgan paytdan e’tiboran bir yil mobaynida xo‘jalik-ishlab chiqarish faoliyatiga kirishmagan bo‘lsa;
  • fermer xo‘jaliklari faoliyatini tartibga soluvchi qonun hujjatlari bir necha marta yoki bir marta, lekin qo‘pol ravishda buzilganda;
  • shartnoma shartlari buzilganligi munosabati bilan erni ijaraga olish shartnomasi bekor qilinganda.

Servitut huquqi nima?

 O‘zbekiston Respublikasi Er kodeksining 30-moddasida o‘zganing er uchastkasidan cheklangan tarzda foydalanish huquqi (servitut) — qo‘shni bo‘lgan bir yoki bir necha er uchastkalaridan cheklangan tarzda foydalanish huquqidir.

✅ Servitut quyidagi maqsadlarda belgilanishi mumkin:

  • o‘zganing er uchastkasi orqali piyoda yoki transportda o‘tish;
  • o‘zganing er uchastkasida drenaj ishlari o‘tkazish;
  • o‘zganing er uchastkasidan elektr uzatish, aloqa liniyalari va truboprovodlar, irrigatsiya, muhandislik va boshqa liniyalar hamda tarmoqlar o‘tkazish va ulardan foydalanish;
  • o‘zganing er uchastkasidan ekinzor va mollarni sug‘orish uchun suv olish;
  • mollarni o‘zganing er uchastkasi orqali haydab o‘tish;
  • o‘zganing er uchastkasidan qidiruv, tadqiqot va boshqa ishlarni bajarish uchun vaqtincha foydalanish;
  • o‘zganing er uchastkasida ihota daraxtlari ekish va tabiatni muhofaza qilishga taalluqli boshqa ob’ektlar barpo etish.

✅ Servitut, uni belgilashni talab qilgan shaxslar bilan o‘zga er uchastkasining egalik qiluvchisi, foydalanuvchisi, ijarachisi va mulkdori o‘rtasidagi kelishuvga muvofiq, kelishuvga erishilmagan taqdirda esa, sudning hal qiluv qaroriga binoan belgilanadi.

Erga nisbatan mulk huquqi qachon vujudga keladi?

 O‘zbekiston Respublikasi Er kodeksining 31-moddasiga ko‘ra, yuridik va jismoniy shaxslarning er uchastkasiga bo‘lgan huquqi joyning o‘zida chegaralar belgilanganidan, er uchastkalarining planlari (chizmalari) va tavsiflari tuzilib, er uchastkalariga bo‘lgan huquq davlat ro‘yxatiga olinganidan keyin vujudga keladi.

O‘zboshimchalik bilan er egallash va unda imorat qurishning oqibatlari qanday?

 O‘zbekiston Respublikasi Er kodeksining 91-moddasiga ko‘ra, o‘zboshimchalik bilan egallab olingan er uchastkalari ularga g‘ayriqonuniy ravishda egalik qilingan va foydalanilgan vaqtda qilingan sarf-xarajatlar qoplanmagan tarzda tegishliligiga ko‘ra qaytariladi.

✅ Er uchastkalarini foydalanish uchun yaroqli holatga keltirish, shu jumladan undagi imoratlarni buzish er uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olgan shaxslar hisobidan amalga oshiriladi.

✅ O‘zboshimchalik bilan egallab olingan er uchastkasini er egasiga, erdan foydalanuvchiga, er uchastkasi ijarachisiga yoki mulkdoriga qaytarish tegishli tuman, shahar, viloyat hokimining qaroriga binoan yoki sudning hal qiluv qaroriga ko‘ra amalga oshiriladi.

Chat