Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 30856 marta o'qildi

Ishsizlik nafaqasi
  • Belgilangan tartibda ishsiz deb e’tirof etilgan shaxslar ishsizlik nafaqasi olish huquqiga ega.
  • Ishsizlik nafaqasini to‘lash ishsiz shaxsning yashash joyi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
  • Ishsizlik nafaqasiga soliq solinmaydi.
  • Ishsizlik nafaqasi ishsiz deb tan olingan shaxsga u mahalliy mehnat organida ish qidirayotgan shaxs sifatida ro‘yxatga olingan birinchi kundan e’tiboran hisoblanadi va to‘lanadi.
  • Ishsizlik nafaqasi 12 (o‘n ikki) oylik davr ichida ko‘pi bilan 26 (yigirma olti) kalendarь hafta davomida to‘lanadi.
  • Joriy oyda ishsizlik nafaqasini to‘lash o‘tgan oy uchun amalga oshiriladi.
  • To‘liq bo‘lmagan kalendarь oy uchun ishsizlik nafaqasini to‘lash chog‘ida ishsizlik nafaqasi mazkur nafaqa to‘lanishi kerak bo‘lgan ushbu kalendarь oydagi kunlar sonining to‘liq kalendarь oydagi kunlar soniga mutanosib miqdorda to‘lanadi.
  • Ishsizlik nafaqasini olish davrida ishsiz shaxs kasal bo‘lgan taqdirda ishsizlik nafaqasini ishsiz shaxsning qarindoshlari (otasi, onasi, eri (xotini), voyaga etgan bolalari) yoki belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan ishonchnoma asosida ishsiz shaxsning boshqa ishonchli shaxslari tomonidan olishga yo‘l qo‘yiladi.
  • O‘z mehnat stajini hujjat bilan tasdiqlash imkoniyatiga ega bo‘lmagan shaxslarga ishsizlik nafaqasini tayinlash chog‘ida ularga ilgari ishlamaganlar va birinchi marta ish qidirayotganlar sifatida qaraladi.
  • Ishsizlik nafaqasini olish davrida ishsiz shaxs ish qidirishi va ishga joylashtirishga doir yo‘llanma (ishga joylashishga ko‘maklashish yuzasidan murojaatnoma) yoxud kasbga tayyorlashga, qayta tayyorlashga yoki malakasini oshirishga yo‘llanma olish uchun ikki haftada kamida bir marta mahalliy mehnat organiga murojaat qilishi shart.

Davlat ishsiz shaxslarga quyidagilarni kafolatlaydi
  • ishsizlik nafaqasi to‘lanishi;
  • mehnat organlarining yo‘llanmasi bo‘yicha kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash yoki malaka oshirish davrida stipendiya to‘lanishini va shu davr umumiy mehnat stajiga qo‘shilishini;
  • mahalliy mehnat organlarining yo‘llanmasiga ko‘ra bepul, shu jumladan grantlar hisobidan kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malaka oshirishni;
  • haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb etish imkoniyatini;
  • tadbirkorlik faoliyatiga jalb etishga hamda shaxsiy tomorqa yer uchastkalarini rivojlantirishga qaratilgan subsidiyalarni olish imkoniyatini;
  • mahalliy mehnat organlarining taklifiga ko‘ra ishlash uchun ixtiyoriy ravishda boshqa yerga ko‘chib o‘tish bilan bog‘liq xarajatlar kompensatsiya qilinishini.

Ishsizlik nafaqasi quyidagi miqdorlarda to‘lanadi
  • ishdan va ish haqidan (mehnat daromadidan) so‘nggi 12 oylik davr ichida mahrum bo‘lgan shaxslarga — avvalgi ish joyidagi o‘rtacha oylik ish haqining 50 foizi miqdorida, lekin mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan oz bo‘lmagan va nafaqani hisoblash paytida O‘zbekiston Respublikasida tarkib topgan o‘rtacha ish haqidan ortiq bo‘lmagan miqdorda;
  • ishdan va ish haqidan (mehnat daromadidan) mahrum bo‘lgan hamda uzoq (1 yildan ortiq) tanaffusdan keyin mehnat faoliyatini qayta boshlashga harakat qilayotgan shaxslarga — mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 1 baravari miqdorida;
  • ilgari ishlamagan va birinchi marta ish qidirayotgan shaxslarga — mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining kamida 75 foizi miqdorida.
  • Harbiy xizmatdan, ichki ishlar organlaridan, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati va Milliy gvardiyasi organlaridan va boshqa harbiy xizmat nazarda tutilgan idoralardan bo‘shatilishi munosabati bilan ish haqidan mahrum bo‘lgan shaxslar ishsizlik nafaqasi olish huquqiga ega.

Ishsizlik nafaqasi oluvchilarning majburiyatlari


Ushbu talab uzrsiz sabablarga ko‘ra bajarilmaganda, ishsizlik nafaqasini to‘lash 3 oygacha muddatga to‘xtatib qo‘yilishi yoki nafaqaning miqdori kamaytirilishi mumkin.

Ishsizlik nafaqasi to‘lashni to‘xtatib turish holatlari
  • ishsiz shaxs kasbga o‘rganish, qayta tayyorlash yoki malakasini oshirishga yuborilgan bo‘lsa, — stipendiya olib kasb o‘rganish, qayta tayyorlashdan o‘tish yoki malaka oshirish davrida;
  • ishsiz shaxs ixtisoslashtirilgan davolash-profilaktika muassasasida davolash kursini o‘tayotgan bo‘lsa, bunday muassasada bo‘lgan davrida;
  • ishsiz shaxs haq to‘lanadigan jamoat ishlarida ishtirok etayotgan bo‘lsa, bunday ishlarda ishtirok etgan davrida.

Ishsizlik nafaqasini to‘lashni tugatish holatlari
  • ishsiz shaxs ishga joylashganda;
  • ishsiz shaxs maqbul ishga doir 2 ta taklifni rad etganda;
  • ishsiz shaxs ishsizlik nafaqasini aldov yo‘li bilan olganda;
  • ishsiz shaxslar tadbirkorlik faoliyatiga jalb etishga va shaxsiy tomorqa yer uchastkalarini rivojlantirishga qaratilgan subsidiyalarni olganda;
  • ishsiz shaxslar O‘zbekiston Respublikasi Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasining mablag‘lari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan mikrokreditlar olganda;
  • ishsiz shaxs O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirganda;
  • ishsiz shaxs o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatga olinganda;
  • ishsiz shaxs qonun hujjatlariga muvofiq pensiya ta’minoti huquqiga ega bo‘lganda (pensiya turidan qat’i nazar);
  • ishsiz shaxs sudning hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish yoki axloq tuzatish ishlari tarzidagi jazoga hukm qilinganda;
  • ishsiz shaxs ishsizlik nafaqasini olib turgan davrida vaqtincha bajariladigan ishga mahalliy mehnat organini bu haqda xabardor qilmay joylashganda;
  • ishsiz shaxs vafot etganda.

Chat