Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 54640 marta o'qildi

Ta’til berishning umumiy tartibi
  • Yillik asosiy ta’til birinchi ish yili uchun olti oy ishlangandan keyin xodimning yozma arizasiga asosan beriladi. Ta’lim muassasalari o‘qituvchilar tarkibiga ishga qabul qilinish vaqtidan qa’tiy nazar yozgi ta’tillar paytida ishlangan vaqtiga qarab ta’til beriladi.
  • Ta’til har yili, shu ta’til berilayotgan ish yili tugagunga qadar berilishi lozim.
  • Ishlab chiqarish tusidagi sabablarga ko‘ra joriy yilda ta’tilni to‘liq berish imkoni bo‘lmagan alohida hollarda, xodimning roziligi bilan ta’tilning 12 ish kunidan ortiq bo‘lgan qismi keyingi ish yiliga ko‘chirilishi mumkin, shu yili undan albatta foydalanilishi lozim.
  • 18 yoshga to‘lmagan xodimlarga yillik ta’tilni, shuningdek yillik qo‘shimcha ta’tillarni bermaslik taqiqlanadi.
  • Yillik asosiy ta’til ikkinchi va undan keyingi ish yillari uchun ta’tillar kalendarь yil boshlangunga qadar ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan kelishib tasdiqlanadigan jadvalga muvofiq belgilanadi.

6 oy o‘tmasdan ta’til beriladigan xodimlar toifalari
  • ayollarga — homiladorlik va tug‘ish ta’tili oldidan yoki undan keyin;
  • I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga;
  • 18 yoshga to‘lmagan shaxslarga;
  • muddatli harbiy xizmatdan rezervga bo‘shatilgan va ishga joylashgan harbiy xizmatchilarga;
  • o‘rindoshlik asosida ishlayotganlarga — asosiy ish joyidagi ta’til bilan bir vaqtda, o‘rindoshlik asosida ishlagan vaqtiga mutanosib ravishda haq to‘lagan holda;
  • ishlab chiqarishdan ajralmagan holda ta’lim muassasalarida (umumiy ta’lim maktablarida, oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar o‘quv yurtlarida, kadrlarning malakasini oshirish, ularni tayyorlash va qayta tayyorlash institutlari va kurslarida) o‘qiyotganlarga;
  • texnologiyadagi, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishdagi o‘zgarishlar, xodimlar soni (shtati) yoki ishlar xususiyati o‘zgarishiga olib kelgan ishlar hajmining qisqarganligi yoxud korxonaning tugatilganligi munosabati bilan ishdan ozod etilgan xodimlarga.

Yillik ta’tillarning muddatini hisoblash
  • Ta’tillarning muddati 6 kunlik ish haftasi yuzasidan kalendarь bo‘yicha ish kunlari bilan hisoblab chiqariladi.
  • Ta’til davriga to‘g‘ri kelib qolgan ishlanmaydigan kunlar deb hisoblanadigan bayram kunlari ta’til muddatini belgilashda hisobga olinmaydi.
  • Ta’tillar muddatini ishlangan vaqtga mutanosib ravishda hisoblab chiqarishda ularning muddati har bir to‘liq ta’til miqdorini 12 bo‘lib, so‘ng to‘liq ishlangan oylar soniga ko‘paytirish yo‘li bilan aniqlanadi.
  • Bunda 15 kalendarь kunga teng va undan ko‘p bo‘lgan kunlar bir oy deb yaxlitlanadi, 15 kalendarь kundan kami esa chiqarib tashlanadi.

Yillik ta’tillarni berish navbati va vaqti
  • Yillik ta’tillarni berish navbati kalendarь yil boshlangunga qadar ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan kelishib tasdiqlanadigan jadvalga muvofiq belgilanadi.
  • Ta’til berish vaqti haqida xodim ta’til boshlanishidan kamida 15 kun oldin xabardor qilinishi kerak.

Xohishga ko‘ra ta’til

Quyidagi xodimlarga ta’til ularning xohishiga ko‘ra ular uchun qulay bo‘lgan vaqtda berilishi kerak:

  • 14 yoshga to‘lmagan bitta yoki undan ortiq bolani (o‘n olti yoshga to‘lmagan nogiron bolani) tarbiyalayotgan yolg‘iz ota, yolg‘iz onaga (beva erkaklar, beva ayollar, nikohdan ajrashganlar, yolg‘iz onalarga) va muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilarning xotinlariga;
  • I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga;
  • 1941 — 1945-yillardagi urush qatnashchilariga va imtiyozlari bo‘yicha ularga tenglashtirilgan shaxslarga;
  • 18 yoshga to‘lmagan shaxslarga;
  • ta’lim muassasalarida ishlab chiqarishdan ajralmagan holda o‘qiyotganlarga;
  • jamoa shartnomasi, kelishuvida nazarda tutilgan boshqa hollarda.
  • ishlayotgan erkaklarga yillik ta’til ularning xohishlariga binoan xotinlarining homiladorlik va tug‘ish ta’tili davrida beriladi.

Ta’tildan foydalanishning jadvalda belgilangan vaqti xodim bilan ish beruvchining kelishuviga binoan o‘zgartirilishi mumkin.

Ta’tilni qismlarga bo‘lish
  • Xodimning xohishiga ko‘ra uning yozma arizasi asosida ta’tilni qismlarga bo‘lishga yo‘l qo‘yiladi. Bunda ta’tilning bir qismi 12  ish kunidan kam bo‘lmasligi lozim.

Ta’tildan chaqirib olish
  • Ta’tildan chaqirib olishga faqat xodimning roziligi bilan, 12 kundan keyingina yo‘l qo‘yiladi.
  • Ta’tilning foydalanilmay qolgan qismi xodimga mazkur ish yili davomida boshqa vaqtda berilishi yoki keyingi ish yilining ta’tiliga qo‘shib qo‘yilishi kerak.

Ta’tilga haq to‘lash
  • Yillik ta’tillar davri uchun xodimga o‘rtacha ish haqidan kam bo‘lmagan miqdorda haq to‘lash kafolatlanadi.
  • Ta’til uchun haq to‘lash jamoa shartnomasida belgilangan muddatlarda, lekin ta’til boshlanmasidan oldingi oxirgi ish kunidan kechikmay amalga oshiriladi.

Ta’tilni uzaytirish yoki uni boshqa muddatga ko‘chirish
  • vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik davrida;
  • homiladorlik va tug‘ish ta’tili muddati boshlanganda;
  • yillik ta’til o‘quv ta’tiliga to‘g‘ri kelib qolganda;
  • davlat yoki jamoat vazifalarini bajarayotganda, basharti qonunlar va boshqa normativ hujjatlarda bunday vazifalarni bajarish uchun xodimni ishdan ozod etish nazarda tutilgan bo‘lsa.

Ish haqi saqlanmagan holda beriladigan ta’tillar

Xodimning arizasiga ko‘ra unga ish haqi saqlanmagan holda ta’til berilishi mumkin, uning davomiyligi xodim va ish beruvchi o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra belgilanadi, lekin 12 oylik davr mobaynida jami 3 oydan ortiq bo‘lmasligi kerak.

Quyidagi xodimlarga ularning xohishiga ko‘ra, ish haqi saqlanmagan holda muqarrar tartibda ta’til beriladi:

  • 1941 — 1945-yillardagi urush qatnashchilariga va imtiyozlari jihatidan ularga tenglashtirilgan shaxslarga — har yili 14  kalendarь kunga qadar;
  • ishlayotgan I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga — har yili 14  kalendarь kunga qadar;
  • 2 yoshdan 3 yoshgacha bo‘lgan bolani parvarish qilayotgan ayollarga;
  • 12 yoshga to‘lmagan ikki va undan ortiq bolani tarbiyalayotgan ayollarga — har yili 14 kalendarь kunga qadar.

Mehnat shartnomasi bekor qilinganda yillik asosiy va qo‘shimcha ta’tildan foydalanish
  • Mehnat shartnomasi uning muddati tugashi munosabati bilan bekor qilinganda keyinchalik mehnatga oid munosabatlarni bekor qilish sharti bilan, garchi haqiqatda ishlangan vaqt hamda ta’til vaqtining umumiy yig‘indisi mehnat shartnomasi muddati chegarasidan chiqib ketsa ham, ta’til berilishi mumkin.
  • Bu holda mehnat shartnomasining amal qilishi ta’til tugagunga qadar uzaytiriladi.

Foydalanilmagan ta’tillar uchun pullik kompensatsiya to‘lash
  • Mehnat shartnomasi bekor qilinganda xodimga foydalanilmagan barcha yillik asosiy va qo‘shimcha ta’tillar uchun pullik kompensatsiya to‘lanadi.
  • Xodimlarga ish davrida, ularning xohishiga ko‘ra ta’tilning eng oz muddatidan (15 ish kunidan) ortiqcha qismi uchun pullik kompensatsiya to‘lanishi mumkin.
  • Ijtimoiy ta’tillarning barcha turlaridan, shuningdek qo‘shimcha ta’tillardan asli holida foydalaniladi va ularni pullik kompensatsiya bilan almashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Chat