Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 14700 marta o'qildi

Savol: Sh. ismli ayol 3 nafar voyaga etmagan farzandlarini yolg‘iz o‘zi tarbiyalab kelayotgani, ulardan ikki nafari maktab o‘quvchisi bo‘lib, ular a’lo baholarga o‘qishi haqida ma’lum qilib, ushbu farzandlari uchun qanday ijtimoiy imtiyozlar mavjudligi haqida huquqiy tushuntirish berishni  so‘radi.

Javob: Ijtimoiy ehtiyojmand oilalarning iqtidorli farzandlarini moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadida yoshlar masalalari bo‘yicha tegishli hududiy idoralararo kengashlari tomonidan ularni:

  • zamonaviy yagona maktab formasi bilan ta’minlash;
  • asosiy turdagi o‘quv qurollari bilan ta’minlash;
  • badiiy kitoblar bilan ta’minlash;
  • bolalar gazeta va jurnallariga obuna qilish;
  • respublika oromgohlarida dam olishini tashkil etish;
  • respublika bo‘ylab sayohatga borish va kelish xarajatlarini qoplash yo‘li bilan amalga oshiriladi.

Savol: M. ismli shaxs O‘zbekiston milliy universitetida to‘lov-kontrakt asosida o‘qiyotgan 28 yoshli turmush o‘rtog‘ining kontrakt pulini o‘zining ish haqi hisobidan to‘lagani, biroq ish joyidagi buxgalter kontrakt pulini to‘lashga yo‘naltirilgan ish haqi bo‘yicha soliq hisoblaganligi haqida ma’lum qilib, bunday holatda ish haqidan soliq hisoblanishi to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanligi yuzasidan huquqiy tushuntirish berishni  so‘radi.

Javob: O‘zbekiston Respublikasining oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olish (o‘zining, yigirma olti yoshga to‘lmagan farzandlarining yoki erining (xotinining) ta’lim olishi) uchun to‘lovga yo‘naltiriladigan soliq solinishi lozim bo‘lgan ish haqi va boshqa daromadlariga soliq solinmaydi.

Demak, M. ismli shaxsning oliy o‘quv yurtida to‘lov-kontrakt asosida o‘qiyotgan turmush o‘rtog‘i 28 yoshda bo‘lganligi sababli, kontrakt pulini to‘lashga yo‘naltirilgan ish haqi bo‘yicha soliq to‘g‘ri hisoblangan.

Savol: J. ismli shaxs Toshkent davlat pedagogika universitetining 2-bosqich talabasi ekanligi, universitet ma’muriyati yotoqxonada joy yo‘qligini asos qilgan holda uni vaqtincha turar joy bilan ta’minlanmagani haqida ma’lum qilib, oliy ta’lim muassasasi talabalarni vaqtincha turar joy bilan ta’minlash majburiyatiga ega yoki ega emasligi yuzasidan huquqiy tushuntirish berishni  so‘radi.

Javob: Ta’lim oluvchilarni ijtimoiy himoya qilish maqsadida, ta’lim tashkilotlarida ta’lim oluvchilar qonun hujjatlariga muvofiq imtiyozlar, stipendiyalar va vaqtincha yashash joylari bilan ta’minlanadi.

Kunduzgi ta’lim shaklidagi ta’lim tashkilotida ta’lim oluvchilarga, shuningdek sirtqi ta’lim shaklida yakuniy va oraliq attestatsiya davrida vaqtincha yashash joylari, ular mavjud bo‘lgan taqdirda beriladi.

Vaqtincha yashash joylari ta’lim oluvchilarga ta’lim tashkiloti tomonidan belgilangan tartibga muvofiq beriladi.

Demak, vaqtincha yashash joyi mavjud bo‘lgan taqdirdagina, oliy ta’lim muassasasi talabani vaqtincha turar joy bilan ta’minlash majburiyatiga ega.

Savol: T. ismli shaxs Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining bakalavriatini davlat granti asosida tamomlaganidan so‘ng, magistraturaga to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilingani haqida ma’lum qilib, magistraturani tamomlaganidan so‘ng yo‘llanma asosida ishlab berish majburiyatiga ega yoki ega emasligi yuzasidan huquqiy tushuntirish berishni  so‘radi.

Javob: Oliy ta’lim muassasalarini davlat grantlari asosida bakalavriatni tamomlagan bitiruvchilar magistraturaga to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilingan taqdirda, kamida uch yil ishlab berish majburiyati magistraturani yakunlagandan so‘ng amalga oshiriladi.

Savol: Men TDIU kunduzgi ta’lim bo‘limining 2-kurs talabasiman. Men bir vaqtning o‘zida ham ishlab ham o‘qisam bo‘ladimi?

Oliy ta’lim to‘g‘risidagi Nizomning 50-bandiga muvofiq, kunduzgi bo‘lim talabalariga bo‘sh vaqtlarida – o‘qish vaqtidan tashqari oliy ta’lim muassasasi va boshqa tashkilotlarda mehnat shartnomasi bo‘yicha ishlashga ruxsat etiladi.

Chat