Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 12801 marta o'qildi

Savol: N. ismli shaxs Qirg‘izistonda tug‘ilganligi, 1994-yil sentyabrь oyidan buyon O‘zbekiston Respublikasi Andijon viloyatida doimiy ro‘yxatdan o‘tib, yashab kelayotgani, shu kunga qadar fuqaroligi bo‘lmagan shaxs sifatida yurganligi haqida ma’lum qilib, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi maqomiga ega bo‘lishi mumkin yoki mumkin emasligi yuzasidan huquqiy tushuntirish berishni so‘radi.

Javob: 2005-yilning 1 yanvariga qadar O‘zbekiston Respublikasiga kirib kelgan va doimiy propiskadan o‘tgan, chet el fuqaroligini qabul qilmagan hamda ushbu qonun kuchga kirguniga qadar fuqaroligi bo‘lmagan, O‘zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasi asosida yashab turgan shaxs istak bildirgan taqdirda O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi deb tan olinadi.

Chunki, 2005-yilning 1 yanvaridan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolik pasporti berilishi boshlangan. Shunga qadar kelib doimiy propiskaga o‘tgan shaxslarga fuqarolikni tan olish printsipi ishlab chiqildi va ular to‘g‘ridan-to‘g‘ri borib ichki ishlar idoralaridan O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi pasportlarini olishi mumkin bo‘ladi.

Savol: X. ismli shaxs Tojikiston Respublikasida tug‘ilganligi,  2000-yil may oyidan buyon fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning yashash guvohnomasi asosida O‘zbekiston Respublikasida yashab kelayotgani, 2017-yilda 10 oy davomida Rossiya Federatsiyasida ishlab kelgani, yaqinda u O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilish to‘g‘risidagi iltimosnoma bilan murojaat qilganida, unga murojaat qilingan kunga qadar O‘zbekiston Respublikasi hududida uzluksiz besh yil davomida doimiy yashab kelmaganligi asos qilingan holda, fuqarolikni berish rad qilingani haqida ma’lum qilib, O‘zbekiston Respublikasida uzluksiz yashash deganda nima tushunilishi yuzasidan huquqiy tushuntirish berishni so‘radi.

Javob: fuqaroligi bo‘lmagan shaxsga yashash guvohnomasi olingan kundan e’tiboran va O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligiga qabul qilish to‘g‘risidagi iltimosnoma bilan murojaat qilgan kunga qadar O‘zbekiston Respublikasi hududida uzluksiz besh yil davomida doimiy yashab kelayotgan bo‘lsa O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligiga umumiy tartibda qabul qilinadi.

Bunda, agar fuqaroligi bo‘lmagan shaxs bir yil ichida O‘zbekiston Respublikasidan tashqariga jami 183 kundan ortiq bo‘lmagan muddatga chiqqan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi hududida yashalgan muddat uzluksiz deb hisoblanadi.

Savol: Fuqaro J. safarbarlik chaqiruv rezervida harbiy xizmati mobaynida harbiy mol-mulkga shikast etkazganligini bildirib, fuqarolik burchi bo‘lgan harbiy xizmat qilayotganligi sababli shikastlangan mol-mulk davlat tomonidan qoplab beriladimi deb so‘ragan?

Harbiy xizmatchilar, oliy harbiy ta’lim muassasalarining kursantlari (tinglovchilari), harbiy yig‘inlarga chaqirilgan harbiy xizmatga majburlar va safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatni o‘tayotgan shaxslar o‘z aybi bilan harbiy mol-mulkni talon-toroj qilgan, kamomadga yo‘l qo‘ygan, behuda sarflagan, yo‘qotgan, qasddan yo‘q qilgan, shikastlagan, ishdan chiqargan, qonunga xilof ravishda sarflagan hollarda etkazilgan zarar uchun yoki qasddan sodir etilgan boshqa xatti-harakatlar (harakatsizlik) tufayli etkazilgan zarar uchun, ularda jinoyat qonunchiligida nazarda tutilgan jinoyat tarkibi alomatlari borligidan qat’i nazar, moddiy javobgar bo‘ladi.

Savol: L. ismli shaxs diniy ta’limotiga ko‘ra bosh kiyimsiz suratga tushishni og‘ir gunoh deb bilishi, yaqinda pasport olmoqchi bo‘lganida bosh kiyim bilan suratga tushish mumkin emasligini bayon qilishgani haqida ma’lum qilib, agar pasport olish jarayonida bosh kiyimsiz suratga tushishdan bosh tortsa, qanday huquqiy oqibatlar yuzaga kelishi mumkinligi yuzasidan tushuntirish berishni so‘radi.

Javob: O‘zbekiston Respublikasida pasport tizimi to‘g‘risidagi Nizomga ko‘ra, agar fuqaro qo‘l barmoq izlari olinishidan bosh tortsa va ko‘zoynakda yoki bosh kiyimda suratga tushish istagidan qaytmasa, ma’lumotlarni yig‘ish punkti unga pasport rasmiylashtirishni rad etish huquqiga ega.

Savol: Z. ismli shaxs ota-onasi turli millatga mansub ekanligi haqida ma’lum qilib, pasport olayotganda ularning qaysi birining millati pasportga yozilishi mumkinligi, pasport olinganidan keyin undagi millat haqidagi yozuv qanday tartibda o‘zgartirilishi mumkinligi yuzasidan tushuntirish berishni so‘radi.

Javob: Pasportdagi millati haqidagi yozuv ota-onaning millatiga muvofiq yoziladi. Agar ota-onalar turli millatga mansub bo‘lishsa, birinchi marta pasport berilayotganda pasport egasining xohishiga qarab otasining yoki onasining millati yoziladi. Keyinchalik, fuqaroning yozma arizasiga ko‘ra millati haqidagi yozuv faqat bir marta otasi yoki onasining millatiga o‘zgartirilishi mumkin.

Chat