Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 18005 marta o'qildi

Veterinariya pasporti nimani tasdiqlaydi?

Veterinariya pasporti hayvonning identifikatsiya raqamiga bog‘langan hujjat bo‘lib, unda hayvon egasi, kasalliklar profilaktikasi, emlash, tashxis va davolash ishlariga oid ma’lumotlar qayd etiladi. Hayvon egasi o‘zgarganda ham pasportga tegishli ma’lumotlar kiritiladi.

Har bir saqlanayotgan hayvon uchun veterinariya pasporti rasmiylashtiriladi. Qo‘y va echkilar uchun pasportni guruh usulida rasmiylashtirish mumkin.

Hayvon qachon ro‘yxatga olinishi kerak?

Hayvonning turiga qarab ro‘yxatga olish muddati farq qiladi:

  • qoramol, qo‘y, echki va tuya bolalari — tug‘ilganidan 14 kun o‘tgach, bir oylikdan kechiktirmay;
  • qulun va xo‘tiklar — 4 oyligidan;
  • cho‘chqa bolalari — 1 oyligidan;
  • it va mushuklar — 3 oyligidan.

Hayvon sotib yoki hadya qilib olinganda yangi egasi doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyi bo‘yicha davlat veterinariya xizmati vakiliga 7 kun ichida ro‘yxatga qo‘yish uchun murojaat qilishi kerak.

Pasport qancha vaqtda beriladi?

Hayvon egasining arizasi asosida identifikatsiya qilish va ro‘yxatga olish ishlari 3 kun ichida amalga oshiriladi. Identifikatsiya raqami berilganidan keyin veterinariya pasporti 3 ish kuni ichida rasmiylashtiriladi.

Identifikatsiya xizmati qancha turadi?

Har bir hayvon uchun:

  • qoramol, ot, eshak va tuya — BHMning 2 foizi;
  • qo‘y, echki va cho‘chqa — BHMning 1,5 foizi;
  • it va mushuk — BHMning 1 foizi miqdorida to‘lov undiriladi. Qonunchilikda belgilangan ayrim hududlar uchun to‘lovdan istisno mavjud.

Qo‘y va echkilarga guruh pasporti rasmiylashtirilganda ham identifikatsiya xizmati uchun to‘lov har bir hayvon bo‘yicha alohida hisoblanadi.

Pasport yo‘qolsa nima qilish kerak?

Veterinariya pasporti yo‘qolsa yoki yaroqsiz holga kelsa, davlat veterinariya xizmati vakiliga ariza beriladi. Yangi pasport — dublikat 3 kun ichida rasmiylashtiriladi va dublikat bepul beriladi.

Eslatma: hayvon egasi o‘zgarganda identifikatsiya raqami almashtirilmaydi, ammo yangi ega haqidagi ma’lumotlar elektron tizim va veterinariya pasportiga kiritilishi kerak.

Chat