O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi, Davlat bojxona qo‘mitasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri bo‘yicha boshqarmalari, bojxona komplekslari va bojxona postlari bojxona organlaridir.
- Bojxona organlari o‘z vakolatlari doirasida qabul qiladigan qarorlar barcha yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan ijro etilishi shart.
Bojxona organlari huquqni muhofaza qiluvchi organ hisoblanadi.
Bojxona organlarining asosiy vazifalari:
- yuridik va jismoniy shaxslarning huquqlari hamda qonun bilan muhofaza etiladigan manfaatlarini himoya qilish;
- O‘zbekiston Respublikasining iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish va o‘z vakolati doirasida uning iqtisodiy xavfsizligini ta’minlash;
- bojxona siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etish;
- bojxona haqidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini nazorat qilish va boshqalar.
Bojxona organlari huquqlari:
- tovarlar va transport vositalarini, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda esa, jismoniy shaxslarning o‘zini ko‘zdan kechirish;
- yuridik va jismoniy shaxslardan ko‘zdan kechirish uchun tovarlar va transport vositalarini, shuningdek zarur hujjatlarni taqdim etishni talab qilish;
- valyuta nazoratini amalga oshirish;
- moliya, bank va boshqa tashkilotlardan, shuningdek yuridik va jismoniy shaxslardan eksport-import operatsiyalarini amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lgan axborot va hujjatlarni hamda qonun hujjatlarida belgilangan boshqa axborotni olish va boshqalar.
Bojxona organlarining majburiyatlari:
- yagona davlat bojxona siyosatini ro‘yobga chiqarishda ishtirok etishga;
- bojxona haqidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi, bojlar to‘g‘ri hisoblanishi, to‘liq va o‘z vaqtida to‘lanishini nazorat qilishga;
- davlat xavfsizligini, jamoat tartibini saqlash, fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini himoya qilish, atrof muhitni muhofaza etish chora-tadbirlari amalga oshirilishiga ko‘maklashishga;
- bojxona haqidagi qonun hujjatlarini qo‘llanish bo‘yicha belgilangan tartibda uslubiy ko‘rsatmalar va normativ hujjatlar ishlab chiqish hamda ularni nashr etishga;
- yuridik va jismoniy shaxslarni tovarlar va transport vositalarini olib o‘tish hamda bojxona chegarasidan o‘tish vaqtidagi huquqlari va majburiyatlari to‘g‘risida o‘z vaqtida xabardor qilishga;
- faoliyat turlari bilan shug‘ullanish huquqini beradigan maxsus ruxsatnomalarni (litsenziyalarni) qonun hujjatlarida belgilangan tartibda berishga;
- o‘z xizmat vazifalarini bajarishlari natijasida o‘zlariga ma’lum bo‘lib qolgan davlat siri va tijorat siri hisoblangan axborotni oshkor etmaslikka majburdirlar.
Bojxona organlarining mansabdor shaxslari g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari yoki harakatsizliklari uchun qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tarzda javobgar bo‘ladilar.