Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 32001 marta o'qildi

Vafot etgan boquvchining qaramog‘ida bo‘lgan mehnatga qobiliyatsiz oila a’zolari boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi olish huquqiga ega bo‘ladi. Bunda farzandlarga va ushbu shaxslarga pensiya ular boquvchining qaramog‘ida turgan-turmaganidan qat’i nazar tayinlanadi.

  • Marhumning qaramog‘ida turmagan ota-onasi va eri (xotini) ham, keyinchalik kun kechirish uchun zarur mablag‘ manbaidan mahrum bo‘lib qolsalar, pensiya olish huquqiga ega bo‘ladilar.        

Quyidagilar oilaning mehnatga qobiliyatsiz a’zolari hisoblanadilar
  1. bolalar, aka-ukalar, opa-singillar va nabiralar 18 yoshga to‘lmagan bo‘lsa yoki 18 yoshdan katta bo‘lsa, agar ular 18 yoshga to‘lguniga qadar nogironligi bor bola bo‘lib qolgan bo‘lsa. Bunda basharti, agar aka-ukalar, opa-singillar va nabiralarning mehnatga qobiliyatli ota-onasi bo‘lmasa;
  2. ota, ona, o‘gay ota, o‘gay ona, xotin, er, basharti, ular 7-moddada nazarda tutilgan pensiya yoshiga to‘lgan yoki nogiron bo‘lsalar;
  3. yoshidan va mehnat qobiliyatidan qat’i nazar, ota va onadan biri yoki er (xotin) yoxud buva, buvi, aka-uka yoki opa-singil, agar u vafot etgan boquvchining bolalari, aka-ukalari, opa-singillari yoki nabiralarini, ishlovchilarga bolaga qarash uchun ish haqi saqlanmagan ta’tilda bo‘lish huquqini beradigan yoshga to‘lgunga qadar boqish bilan mashg‘ul bo‘lsa va ishlamasa;
  4. buva va buvi — agar qonunga muvofiq ularni boqishi shart bo‘lgan kishilar bo‘lmasa.

  • Ta’lim tashkilotlarining o‘quvchilari va talabalari o‘qishning butun davri davomida, biroq 23 yoshga to‘lguniga qadar boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini olish huquqiga ega.
  • Boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi olish huquqiga ega bo‘lgan voyaga etmagan farzandlar, ular farzandlikka olinganlarida ham bu huquqni saqlab qoladilar.
  • O‘gay o‘g‘il va o‘gay qiz, agar ular ota-onalaridan aliment olmagan bo‘lsalar, haqiqiy farzandlar singari pensiya olish huquqiga egadirlar.
  • O‘gay ota va o‘gay ona, agar vafot etgan o‘gay o‘g‘ilni (qizni) 18 yoshga to‘lgunga qadar kamida 5 yil tarbiyalagan yoki boqqan bo‘lsalar, haqiqiy ota va ona singari pensiya olish huquqiga ega bo‘ladilar.

Ushbu tartib vafot etganlar oilalariga taalluqli hamma qoidalari bedarak yo‘qolganlarning oilalariga ham, agar boquvchining bedarak yo‘qolganligi belgilangan tartibda tasdiqlangan bo‘lsa, tegishli ravishda joriy qilinadi.

Boquvchining pensiya olish huquqini beruvchi ish staji
  • Mehnatda mayiblanganlik yoki kasb kasalligiga chalinganlik oqibatida vafot etgan boquvchining oilasiga, shuningdek marhum pensionerning oilasiga pensiya boquvchining ish stajidan qat’i nazar tayinlanadi.
  • Agar, boquvchi vafot etgan kunga qadar unga nogironlik pensiyasi tayinlanishi uchun zarur ish stajiga ega bo‘lgan bo‘lsa, umumiy kasallik yoki ish bilan bog‘liq bo‘lmagan mayiblanish oqibatida vafot etgan boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi tayinlanadi.
  • Umumiy kasallik oqibatida vafot etgan hamda nogironlik pensiyasini tayinlash uchun etarlicha ish stajiga ega bo‘lmagan boquvchisini yo‘qotgan oila a’zolariga pensiya boquvchining bor stajiga mutanosib ravishdagi miqdorda tayinlanadi.

Boquvchining oila a’zolariga pensiyadan ulush ajratib berish
  • Oilaning pensiya olish huquqiga ega bo‘lgan barcha a’zolariga bitta umumiy pensiya tayinlanadi.
  • Oila a’zosining talabi bilan uning pensiyadagi ulushi ajratilib, alohida to‘lanadi.
  • Pensiyadan ulush ajratib berish pensiyani bo‘lish to‘g‘risida ariza tushgan oydan keyingi oyning birinchi kunidan boshlab amalga oshiriladi.

Boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi miqdori

Pensiyaning boshlang‘ich miqdori quyidagicha belgilanadi:

  • boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi uchun oilaning har bir mehnatga layoqatsiz a’zosiga — pensiyani hisoblash uchun qabul qilinadigan o‘rtacha oylik ish haqining 30 foizi miqdorida, biroq yoshga doir eng kam pensiyaning 50 foizidan kam emas;
  • har ikkala ota-onasini yo‘qotgan bolalarga (chin etimlarga) boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi uchun yoki vafot etgan yolg‘iz onaning bolalariga har bir bola uchun — pensiyani hisoblash uchun qabul qilinadigan o‘rtacha oylik ish haqining 30 foizi, biroq yoshga doir eng kam pensiyaning 100 foizidan kam emas.

Vafot etgan pensionerning oila a’zosiga boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi miqdori vafot etgan pensioner (boquvchi)ning pensiyasini hisoblash uchun qabul qilingan ish haqidan hisoblab chiqiladi.

Boquvchi nogironlik pensiyasi oluvchi hisoblangan va pensiya tayinlangandan keyin mehnat faoliyatini amalga oshirgan hollarda boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini tayinlashni so‘rab murojaat qilgan vafot etgan boquvchi oila a’zosining xohishiga ko‘ra nogironlik pensiyasi tayinlangandan keyin ega bo‘lingan ish staji boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini hisoblab chiqishda hisobga olinadi. Talab qilinadigan ish staji boquvchi vafot etgan kunda uning yoshi bo‘yicha aniqlanadi.

Bunda ko‘rsatib o‘tilgan ish staji uchun olingan ish haqi ish haqi tarkibiga kiritiladi, agar boquvchi yoshga doir pensiya olsa va pensiya tayinlangandan keyin ishni davom ettirsa pensiya tayinlangandan keyin ish staji va ish haqi hisobga olinmaydi.

To‘liq davlat ta’minotida turgan bolalarga boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi to‘lash
  • Chin etim bolalarga to‘liq davlat ta’minotida turgan davrida bazaviy hisoblash miqdorining 100 foizida miqdorida pensiya to‘lanadi.
  • Ota-onasining biridan ajralgan va to‘liq davlat ta’minotida turgan bolalarga bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizida miqdorida pensiya to‘lanadi.
  • Shu davrdagi to‘lanishi lozim bo‘lgan pensiya puli bolaning nomiga tijorat bankida ochilgan depozit hisobvarag‘iga o‘tkazib qo‘yiladi.


Pensiya tayinlash haqida murojaat qilish

  • Pensiya tayinlash to‘g‘risidagi ariza pensiya olish huquqiga ega bo‘lgan shaxs tomonidan uning yashash joyidagi Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga beriladi.
  • Xodimga va uning oila a’zolariga boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi tayinlangan taqdirda pensiya tayinlash to‘g‘risidagi ariza xodimning yoki vafot etgan boquvchining oxirgi ish joyi bo‘yicha tashkilotning ma’muriyati orqali ariza beruvchining yashash joyi bo‘yicha Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga berilishi mumkin.
  • Pensiya tayinlanadigan shaxs balog‘atga etmagan yoki huquqiy muomalaga layoqatsiz bo‘lgan taqdirda, ariza uning ota-onasi yoki vasiysi tomonidan ularning yashash joyi orqali beriladi.

Pensiya tayinlashda taqdim etiladigan hujjatlar

Boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini tayinlashni so‘rab murojaat qilgan shaxsning arizasiga quyidagi hujjatlar ilova qilinishi kerak:

  • oila a’zosining vafot etgan boquvchi bilan qarindoshlik munosabatlarini tasdiqlovchi hujjatlar (sud organlari yoki xorijiy davlatlar mansabdor shaxslarining ma’lumotnomasi);
  • boquvchining bedarak yo‘qolganligi to‘g‘risida sudning qarori nusxasi;
  • vafot etgan boquvchining ish stajini, shu jumladan, maxsus ish stajini tasdiqlaydigan hujjat;
  • vafot etgan boquvchining ish haqi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma.

Bundan tashqari, zarur hollarda quyidagilar taqdim etiladi:

  • vafot etgan boquvchining 18 — 23 yoshdagi mehnatga layoqatsiz oila a’zosi O‘zbekiston Respublikasining tashqarisidagi ta’lim tashkilotining o‘quvchisi yoki talabasi hisoblanishi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma;
  • baxtsiz hodisa va sog‘liqning ishlab chiqarishda boshqa shikastlanishi to‘g‘risidagi hujjat yoki agar boquvchining vafoti mehnatda mayiblanish oqibatida sodir bo‘lgan bo‘lsa — boshqa rasmiy hujjat va boshqalar.

Pensiya tayinlash muddatlari
  • Boquvchisini yo‘qotganlik pensiyalari pensiya olish huquqi paydo bo‘lgan kundan boshlab
  • 6 oydan kechikmay murojaat etilsa, boquvchi vafoti kunidan boshlab tayinlanadi.
  • 60 yoshli erkaklar va 55 yoshga to‘lgan ayollarga pensiya umrbod tayinlanadi.
  • 6 oylik muddat o‘tkazib yuborilgan taqdirda murojaat etilgan kundan tayinlanadi.

  • O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga murojaat qilish uchun quyidagi havolaga o‘ting yoki "1140" ishonch telefonlariga qo‘ng‘iroq qiling.
  • O‘zbekiston Respublikasi Xalq bankiga murojaat qilish uchun quyidagi havolaga o‘ting yoki "1106" ishonch telefonlariga qo‘ng‘iroq qiling.

Hayotiy misol

Savol: G. ismli shaxs oilada faqat otasi ishlagani va u ish joyida mehnatda mayiblanish oqibatida vafot etgani, boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini tayinlash haqidagi ariza qaysi idoraga va qancha muddatda taqdim etishi lozimligi yuzasidan tushuntirish berishni so‘radi. 

Javob: Ushbu holatda pensiya tayinlash to‘g‘risidagi ariza to‘g‘ridan-to‘g‘ri yashash joydagi Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga yoki vafot etgan boquvchining oxirgi ish joyi bo‘yicha tashkilotning ma’muriyati orqali ariza beruvchining yashash joyi bo‘yicha Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga beriladi. Pensiya tayinlashni so‘rab pensiya olish huquqi paydo bo‘lgan kundan boshlab istalgan vaqtda, biror muddat bilan cheklanmagan holda murojaat etish mumkin.

Chat