Oliy ma’lumotga ega bo‘lgan bakalavr yoki diplomli mutaxassis bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha ikkinchi va undan keyingi oliy ta’lim olish huquqiga ega.
Ikkinchi oliy ta’lim shartnoma asosida amalga oshiriladi. OTM qaysi yo‘nalish va ta’lim shakllarida ikkinchi oliy ta’lim tashkil etilishini o‘z imkoniyatlari, moddiy-texnik bazasi va professor-o‘qituvchilar tarkibidan kelib chiqib belgilaydi.
Arizalar har yili 10 iyuldan 10-avgustga qadar qabul qilinadi.
Murojaat:
— YaIDXP;
— Davlat xizmatlari markazi;
— Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining maxsus elektron platformasi orqali amalga oshirilishi mumkin.
Davlat xizmatini ko‘rsatganlik uchun to‘lov undirilmaydi. Ariza holatini YaIDXP yoki maxsus platforma orqali kuzatib borish mumkin.
Diplom haqidagi ma’lumotlar, qoida tariqasida, «Diplom» axborot tizimidan avtomatik olinadi. Xorijiy diplomlar belgilangan tartibda tan olingan bo‘lishi kerak.
Ikkinchi oliy ta’lim uchun barcha OTMlarga bir xil yagona test belgilanmagan.
Kirish imtihoni shakli, baholash mezonlari va sinov muddatlarini OTM kengashi mustaqil belgilaydi.
Ushbu ma’lumotlar har yili 1-iyulga qadar OTMning rasmiy veb-saytida e’lon qilinishi shart.
Eslatma: ikkinchi oliy ta’lim uchun imtihon tartibi har bir OTMda farq qilishi mumkin. Hujjat topshirishdan oldin tanlangan OTMning 1-iyulga qadar e’lon qilingan qabul qoidalarini tekshirish kerak.
Qabul natijalari har yili 30-avgustga qadar e’lon qilinadi. Natija ariza beruvchiga YaIDXP yoki maxsus platforma orqali ham etkaziladi.
Talabalikka tavsiya etilgan shaxs bilan OTM o‘rtasida shartnoma tuziladi.
Ikkinchi oliy ta’lim uchun kontrakt miqdori muayyan yo‘nalishda bir talabani o‘qitish xarajatlaridan kelib chiqib OTM kengashi tomonidan belgilanadi.
Shartnomada belgilangan to‘lov amalga oshirilgandan so‘ng talabani qabul qilish rektor buyrug‘i bilan rasmiylashtiriladi.
Ikkinchi va undan keyingi oliy ta’limda o‘qish, o‘quv rejalaridagi fanlar farqidan qat’i nazar, 2-kursdan boshlanadi.
O‘qish davomiyligi tegishli bakalavriat yo‘nalishi uchun belgilangan umumiy muddatdan bir yilga qisqa bo‘ladi.
Ta’limni muvaffaqiyatli tugatgan shaxsga davlat attestatsiyasi natijasi bo‘yicha davlat namunasidagi diplom va uning ilovasi beriladi.