Botir Zokirov nomidagi Milliy estrada san’ati instituti O‘zbekiston davlat konservatoriyasi tarkibida faoliyat yurituvchi davlat oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi.
Institutda o‘quv jarayoni 2021/2022 o‘quv yilidan boshlangan. Ta’lim davlat granti va to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.
Institutning asosiy maqsadi milliy estrada san’atini rivojlantirish, zamonaviy talablarga javob beradigan ijrochilar, mutaxassislar va ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlashdan iborat.
Eslatma: Institut O‘zbekiston davlat konservatoriyasining oddiy fakulьteti emas, balki Konservatoriya tarkibida faoliyat yurituvchi davlat oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi.
Institutda milliy va zamonaviy estrada san’ati bo‘yicha bakalavriat va magistratura darajasida kadrlar tayyorlanadi.
Ta’lim va ilmiy-ijodiy faoliyat, jumladan:
— estrada xonandaligi;
— estrada cholg‘ulari ijrochiligi;
— estrada orkestri dirijyorligi;
— musiqiy ovoz rejissyorligi;
— bastakorlik;
— musiqashunoslik va boshqa tegishli yo‘nalishlarni qamrab oladi.
Muayyan o‘quv yilida qaysi ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha qabul bo‘lishi amaldagi qabul parametrlari asosida belgilanadi.
Institut:
— milliy estrada yo‘nalishida malakali mutaxassislar va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlaydi;
— milliy estrada bo‘yicha o‘quv-metodik adabiyotlar yaratadi;
— atoqli kompozitorlar, bastakorlar, xonandalar va sozandalar ijodini o‘rganadi;
— milliy estrada ijrochilik maktablarining an’analarini saqlash va rivojlantirishga ko‘maklashadi;
— fundamental, amaliy va ijodiy tadqiqotlarni amalga oshiradi;
— milliy estradaning zamonaviy ijro namunalaridan «Oltin fond» yaratish ishlarini olib boradi;
— xorijiy ta’lim muassasalari bilan qo‘shma dasturlar, ilmiy loyihalar va tajriba almashishni rivojlantiradi.
Institutga qabul parametrlari har yili oliy ta’lim tashkilotlariga qabul qilish bo‘yicha belgilanadigan davlat buyurtmasi va amaldagi qabul qoidalari asosida shakllantiriladi.
Abiturientlar tegishli ta’lim yo‘nalishi uchun belgilangan test sinovlari va kasbiy (ijodiy) imtihonlar orqali tanlovda ishtirok etadi.
Institutni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarga oliy ma’lumot to‘g‘risidagi davlat namunasidagi diplom beriladi.
Institutda ta’lim jarayoni ijodiy amaliyot bilan bog‘langan holda tashkil etiladi. «Ustoz-shogird» ijrochilik maktablarini rivojlantirish, sohaning taniqli vakillarini ta’lim jarayoniga jalb qilish ham nazarda tutilgan.
Shuningdek, Botir Zokirov va Zokirovlar ijodiy sulolasi merosini o‘rganish hamda milliy estrada san’atini targ‘ib qilish yo‘nalishida ishlar amalga oshiriladi. Institut binosida Botir Zokirov memorial muzeyini joylashtirish ham belgilangan.