Sug‘urta polisi elektron shaklda beriladimi?
Sug‘urtaning barcha turlari bo‘yicha shartnomalar va polislar elektron shaklda rasmiylashtirilishi mumkin.
2024-yil 1 sentyabrdan:
- sug‘urta shartnomalarini yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tkazish;
- sug‘urta polislarini mazkur tizim orqali rasmiylashtirish sug‘urta tashkilotlari uchun majburiy hisoblanadi.
Elektron sug‘urta polisi — sug‘urta shartnomasi tuzilganligini va uning shartlarini tasdiqlovchi elektron hujjat.
Elektron polis qog‘oz polis bilan tengmi?
Belgilangan tartibda yagona axborot tizimi orqali rasmiylashtirilgan elektron polis qog‘oz hujjat bilan bir xil yuridik ahamiyatga ega.
Polisni telefonda yoki boshqa elektron qurilmada saqlash, zarur bo‘lganda esa uning elektron ma’lumotlarini taqdim etish mumkin.
Elektron polis qanday olinadi?
Sug‘urta turiga qarab:
- sug‘urta tashkilotining rasmiy sayti yoki mobil ilovasi;
- sug‘urta agentining axborot tizimi;
- davlat xizmatlari portali;
- qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa elektron platforma orqali ariza beriladi.
Ma’lumotlar tekshirilgandan va sug‘urta mukofoti to‘langandan keyin elektron polis shakllantiriladi.
Polisni qanday tekshirish mumkin?
Polisdagi:
- sug‘urtalovchi nomi;
- polis raqami;
- amal qilish muddati;
- sug‘urta ob’ekti;
- sug‘urta puli;
- sug‘urta qildiruvchi haqidagi ma’lumotlar tekshirilishi kerak.
Polisning haqiqiyligi sug‘urtalovchi yoki tegishli yagona axborot tizimi orqali tekshiriladi.
Nimalarga e’tibor berish kerak?
Sug‘urtani faqat:
- litsenziyaga ega sug‘urtalovchining rasmiy sayti;
- rasmiy mobil ilova;
- vakolatli sug‘urta agenti orqali rasmiylashtirish lozim.
SMS-kod, bank karta ma’lumotlari yoki shaxsiy kabinet parolini begona shaxslarga bermang.