Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 113006 marta o'qildi

Bolalar nafaqasi va moddiy yordam tayinlash uchun onlayn ariza berish tizimi  yo‘lga qo‘yiladi


Qaysi hollarda nafaqa yoki moddiy yordam rad etiladi?

Rad etish — oila qonunchilikda belgilangan shart va mezonlarga muvofiq kelmaganida bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam tayinlanmasligi.

Bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam oila Ijtimoiy reestrga kiritilgan va to‘lovni rad etish uchun asoslar mavjud bo‘lmagan taqdirda tayinlanadi.

Nafaqa yoki moddiy yordam quyidagi hollarda avtomatik ravishda rad etiladi:

  • oilani Ijtimoiy reestrga kiritish rad etilganda;
  • oilani reestrga kiritish haqidagi ariza ko‘rib chiqilmay qolganda;
  • ariza berilgan sanada oila «kambag‘allik chegarasidagi oila» toifasiga kiritilganiga 6 oy to‘lgan bo‘lsa;
  • bandlik talablarini bajarmagani uchun to‘lovi to‘xtatilgan oila a’zosi 6 oy ichida qayta murojaat qilib, belgilangan talablarni hali ham bajarmagan bo‘lsa.

Oilani reestrga kiritish qachon rad etiladi?

Oilani «davlat ta’minotidagi oila» yoki «kambag‘al oila» deb e’tirof etish, jumladan, quyidagi hollarda rad etilishi mumkin:

  • har bir oila a’zosiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik daromad belgilangan mezondan yuqori bo‘lsa;
  • oila a’zolariga tegishli jami bittadan ortiq ko‘chmas mulk va er uchastkasi mavjud bo‘lsa;
  • oilada bir yoki undan ortiq noturar joy mavjud bo‘lsa;
  • oila a’zolari foydalanuvida daromad keltiradigan noturar joy bo‘lsa;
  • belgilangan muddatdan yangi engil yoki yuk avtotransport vositasi mavjud bo‘lsa;
  • oilaning mol-mulki, transport vositalari, daromadlari yoki boshqa ijtimoiy-iqtisodiy holati belgilangan mezonlarga muvofiq kelmasa;
  • arizada noto‘g‘ri yoki to‘liq bo‘lmagan ma’lumotlar taqdim etilsa;
  • oilaning haqiqiy ijtimoiy-iqtisodiy holati arizadagi ma’lumotlarga mos kelmasa.

Qonunchilikda ko‘rsatilmagan boshqa asoslar bo‘yicha oilani kambag‘al yoki davlat ta’minotidagi oila deb e’tirof etishni rad qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Daromad yuqori bo‘lsa doim rad etiladimi?

Oilaning har bir a’zosiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik daromadi minimal iste’mol xarajatlaridan yuqori bo‘lsa, uni «davlat ta’minotidagi oila» yoki «kambag‘al oila» deb topish rad etilishi mumkin.

Biroq belgilangan shartlarga muvofiq og‘ir hayotiy vaziyatga tushgan ayrim oilalar «kambag‘allik chegarasidagi oila» toifasiga kiritilishi mumkin.

Bunda oilaning daromadi, ijtimoiy holati va «mahalla ettiligi»ning asoslantirilgan tavsiyasi inobatga olinadi.

Rad etish haqida qanday xabar beriladi?

Nafaqa yoki moddiy yordam tayinlangani yoxud rad etilgani haqida arizada ko‘rsatilgan telefon raqamiga SMS-xabar yuboriladi.

Xabarda rad etish sababi ko‘rsatilishi kerak.

Rad etish qaroridan shikoyat qilish mumkinmi?

Oilani Ijtimoiy reestrga kiritish, toifaga ajratish yoki to‘lovni rad etish haqidagi qarordan norozi shaxs tuman yoki shahar hokimligi huzuridagi apellyatsiya kengashiga shikoyat qilishi mumkin.

Shuningdek, qaror ustidan qonunchilikda belgilangan tartibda sudga shikoyat qilish huquqi mavjud.

Chat