Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 23889 marta o'qildi

«Yoshlar daftari» — ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy, psixologik qo‘llab-quvvatlashga, bilim va kasb o‘rganishga ehtiyoji va ishtiyoqi bo‘lgan, ishsiz yoshlarning muammolarini aniqlash, bartaraf etish va nazoratini olib borish bo‘yicha ma’lumotlar bazasi.

«Yoshlar daftari»ga 14 yoshga to‘lgan va 30 yoshdan oshmagan quyidagi toifadagi yoshlar kiritiladi:
  • oila a’zosi «Temir daftar», «Ayollar daftari» yoki «Ijtimoiy himoya yagona reestri»ga kiritilgan;
  • ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan;
  • boquvchisini yo‘qotgan, etim yoki ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan;
  • o‘ziga nisbatan vasiylik yoki homiylik belgilangan;
  • o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan ishga layoqatsiz;
  • I yoki II guruh nogironligi bo‘lgan;
  • farzandida I yoki II guruh nogironligi bo‘lgan;
  • jismoniy va (yoki) ruhiy rivojlanishida nuqsonlari bo‘lgan;
  • ota-onasidan birida I yoki II guruh nogironligi bo‘lgan, ikkinchisi esa ish faoliyatini to‘xtatgan holda bemorga qarashga majbur bo‘lgan yoxud ota-onasining har ikkisida I yoki II guruh nogironligi bo‘lgan;
  • yuzaga kelgan holatlar sababli og‘ir turmush sharoitida qolgan;
  • zo‘ravonlik va ekspluatatsiya, tabiiy ofatlar, halokatlar, yong‘inlar va boshqa favqulodda vaziyatlar oqibatida hayotiga, sog‘lig‘iga, mulkiga zarar etgan;
  • «Mehribonlik» uyi, Bolalar shaharchasi yoki oilaviy bolalar uyida tarbiyalangan;
  • haq to‘lanadigan ishga yoki ish haqi (mehnat daromadi) keltiradigan mashg‘ulotga ega bo‘lmagan;
  • davolanishga muhtoj bo‘lgan bemor yoshlar;
  • jazoni ijro etish muassasalaridan qaytgan;
  • muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan;
  • psixologik maslahatga muhtoj;
  • nikohi qayd etilganiga 3 yildan oshmagan yosh oila;
  • dehqonchilik yoki tomorqa xo‘jaligini yuritayotgan;
  • yosh tadbirkor yoki o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida soliq xizmati organlarida ro‘yxatdan o‘tgan yoshlar kiritiladi.

  • Moddiy ahvoli qiyin yoshlarga bir marta beriladigan moddiy yordamni tayinlashning aniq miqdori yoshning hayotiy vaziyati murakkabligini inobatga olgan holda BHMning 4 baravarigacha miqdorda Vasiylik kengashi qaroriga muvofiq to‘lab beriladi.

Bir marta beriladigan moddiy yordam to‘liq davlat ta’minotida bo‘lmagan, hayotiy murakkab vaziyatga tushgan yoshga, birinchi navbatda tayinlanadi.

Quyidagilarga birinchi navbatda tayinlanadi:
  • boquvchisini yo‘qotgan va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarga;
  • o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan ishga layoqatsiz yoshlarga;
  • I va II guruh nogironi bo‘lgan yoshlarga;
  • qaramog‘ida nogiron bola bo‘lgan yosh oila (er-xotinning biri)ga;
  • ota-onalardan biri I yoki II guruh nogironi bo‘lgan, ikkinchisi esa ish faoliyatini to‘xtatgan holda bemorga qarashga majbur bo‘lgan yoki ikkala ota-ona ham I yoki II guruh nogironi bo‘lgan yoshlarga;
  • tabiiy ofatlar, halokatlar, yong‘inlar va boshqa favqulodda vaziyatlar oqibatida hayotiga, sog‘lig‘iga, mulkiga zarar etgan yoshlarga.

Shaxsga bir martalik moddiy yordam berilishi uni «Yoshlar daftari»dan chiqarishga asos bo‘lmaydi.

Moddiy yordam shaxsga bir kalendarь yil davomida bir marotaba beriladi.

  •  «Yoshlar daftari»ga kiritilgan yoshlarga urug‘lik va ko‘chatlar xarid qilish uchun subsidiya ajratish tartibi

«Yoshlar daftari»ga kiritilgan yosh tadbirkor yoki o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida soliq xizmati organlarida ro‘yxatdan o‘tgan yosh fuqaroga faoliyatini amalga oshirayotgan noturar joyning 12 oygacha ijara xarajatlarining bir yilda BHMning 25 baravarigacha qismi qoplab berilishi mumkin.

  • «Yoshlar daftari»ga kiritilgan oilalar farzandlarining mamlakatimizdagi professional va oliy ta’lim muassasalarida to‘lov-kontrakt asosida o‘qish bo‘yicha yillik xarajatlarini to‘lab berish «Yoshlar daftari» jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan Vasiylik kengashi qaroriga muvofiq to‘lov-kontrakt summasining 50 foizigacha, biroq BHMning 50 baravaridan oshmagan miqdorda amalga oshiriladi.
  • «Yoshlar daftari»ga kiritilgan yosh oilalarning sektorlar rahbarlariga va Yoshlar ishlari agentligining tuman (shahar) bo‘limlariga bergan arizasiga muvofiq, ularga 12 oygacha turar joy uchun ijara kompensatsiyasi har oyda BHMning 3 baravaridan oshmagan miqdorda to‘lab berilishi mumkin.

«Yoshlar daftari»dan quyidagi hollarda chiqariladi:
  • bandligi ta’minlangan yoki doimiy daromad manbaiga ega bo‘lganda;
  • to‘lov-kontrakt asosida o‘qish bo‘yicha yillik xarajatlar belgilangan tartibda to‘lab berilganda;
  • tadbirkorlik faoliyati hamda o‘zini o‘zi band qilish maqsadida noturar joyning ijara xarajatlari qoplanganda yoki mazkur faoliyat uchun zarur bo‘lgan asbob-uskuna va mehnat qurollarini xarid qilish uchun subsidiya ajratilganda;
  • turar joy ijara kompensatsiyasi belgilangan tartibda to‘lab berilganda;
  • malakali tibbiy xizmat ko‘rsatilganda;
  • to‘liq davlat ta’minotiga olinganda;
  • aniqlangan boshqa muammolari qonuniy hal etilganda;
  • o‘z arizasiga ko‘ra;
  • «Yoshlar daftari»ga noqonuniy kiritish holati aniqlanganda;
  • boshqa davlatlarga ishlash yoki doimiy yashash uchun chiqib ketganda;
  • sudning ozodlikdan mahrum etishni nazarda tutuvchi hukmi qonuniy kuchga kirganda;
  • arizachiga ko‘mak berish bo‘yicha ish olib borish imkonini bermaydigan boshqa holatlar yuzaga kelganda;
  • arizachi vafot etgan taqdirda.

Doimiy va vaqtincha yashash uchun respublikaning boshqa hududiga ko‘chib o‘tganda, doimiy yashash va vaqtincha turar joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan kundan boshlab o‘n besh kundan kechiktirmasdan «Yoshlar daftari»ga tegishli o‘zgartirishlar kiritiladi.

Hayotiy misol:

Cavol: Ya. ismli shaxs “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarni tadbirkorlikka jalb qilish bo‘yicha qanday moddiy qo‘llab-quvvatlashlar mavjudligi haqida tushuntirish berishni so‘ragan. 

Javob: Hozirda «Yoshlar daftari»ga kiritilgan yoshlarni tadbirkorlikka jalb qilish bo‘yicha quyidagi turdagi moddiy qo‘llab-quvvatlashlar mavjud:

tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun bino va inshootlarni ijaraga olgan yosh tadbirkorlarga bir yillik ijara xarajatlarining 30 foizi, biroq BHMning 25 baravarigacha bo‘lgan miqdori kompensatsiya qilinadi;

“Bir million dasturchi” loyihasi doirasida yoshlarga kompьyuter xaridlari uchun BHMning 25 baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda iste’mol kreditlari ajratiladi;

xususiy korxona va tashkilotlarga ishga qabul qilingan yoshlarni qayta tayyorlov kurslarida o‘qitish bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlarning BHMning 4 baravarigacha bo‘lgan qismi kompensatsiya qilinadi;

tadbirkorlik faoliyatini boshlash va o‘zini o‘zi band qilishga zarur bo‘lgan asbob-uskunalar va mehnat qurollarini xarid qilish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 40 baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda «Yoshlar daftari» jamg‘armalari hisobidan subsidiya ajratiladi; 

yoshlarni tadbirkorlikka va kasb-hunarga o‘qitish bo‘yicha nodavlat ta’lim tashkilotlariga sarflangan xarajatlarining 75 foizigacha qismi qoplanadi. Bunda yoshlarni tadbirkorlikka o‘qitish xarajatlarining har bir bitiruvchiga BHMning 4 baravaridan ortiq bo‘lmagan qismi, kasb-hunarga o‘qitish uchun sarflangan xarajatlarning bir oygacha, bir oydan ikki oygacha, ikki oydan ortiq muddatli o‘quv kurslari uchun tegishlicha BHMning 4, 8, 12 baravaridan ko‘p bo‘lmagan qismi qoplanadi;

urug‘lik va ko‘chatlar sotib olish uchun BHMning 8 baravarigacha miqdorda subsidiya ajratiladi;

«Mikrokreditbank» aktsiyadorlik tijorat banki tomonidan yoshlarga o‘z biznesini tashkil etish uchun 33 million so‘mgacha bo‘lgan miqdordagi mikrokreditlar ta’minotsiz ajratiladi;

mikrofirma va kichik korxona ta’sis etgan shaxslarga uchinchi shaxs kafilligi, sug‘urta polislari, kredit hisobiga sotib olinayotgan mol-mulklar garovi, Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasining kafilligi va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa ta’minot turlari asosida 225 million so‘mgacha miqdorda mikrokreditlar ajratiladi.

Kreditlarning foiz stavkasi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining asosiy stavkasida belgilanadi.

Chat