Jamg‘armaning vazifasi
«Yoshlar daftari» jamg‘armalari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri hamda tuman va shaharlarda tashkil etiladi.
Jamg‘arma mablag‘lari «Yoshlar daftari»ga kiritilgan yoshlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va ularning tashabbuslarini rag‘batlantirishga yo‘naltiriladi.
Jamg‘arma hisobidan ko‘rsatiladigan yordamlar
Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan, jumladan:
- kamida uch nafar yoshning bandligi va ijtimoiy faolligini ta’minlaydigan loyihalarga grant;
- nogironligi bo‘lgan yoshlarning parasport to‘garaklariga borishi uchun yo‘lkira xarajatlari;
- 14–20 yoshdagi yoshlarga sport formasi, inventarь yoki musiqa asboblari uchun BHMning 10 baravarigacha;
- jarrohlik amaliyotisiz davolanish uchun BHMning 50 baravarigacha;
- haydovchilikning «A», «B», «D» yoki «DE» toifasi bo‘yicha o‘qish uchun BHMning 8 baravarigacha;
- kasbiy va oliy ta’limning kunduzgi shaklidagi to‘lov-kontraktning 50 foizigacha, biroq BHMning 50 baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda;
- ijtimoiy himoyaga muhtoj yosh oilalarning turar joy ijarasi uchun kompensatsiya;
- kasb, tadbirkorlik, axborot texnologiyalari va xorijiy til kurslari xarajatlari;
- ilm-fan, sport, san’at va madaniyat kurslari;
- olimpiada, tanlov va musobaqalarda qatnashish xarajatlari;
- safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatni bepul o‘tash uchun tavsiyanoma berilishi mumkin.
Ayrim yordam miqdorlari
Ijtimoiy reestrga kiritilgan yosh oilaga uy-joy ijarasi uchun 12 oygacha ijara to‘lovining 50 foizi qoplanadi. Bunda oylik kompensatsiya:
- hududlarda BHMning 2 baravaridan;
- Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyat markazlarida BHMning 3 baravaridan oshmaydi.
Tadbirkorlik, kasb, axborot texnologiyalari va xorijiy til kurslari uchun olti oygacha har oyda BHMning 4 baravarigacha mablag‘ ajratiladi.
Ilm-fan, sport, san’at va madaniyat yo‘nalishidagi kurslar uchun olti oygacha har oyda BHMning bir baravarigacha to‘lanadi.
Olimpiada, tanlov va musobaqalarda ishtirok etish uchun:
- mahalliy bosqichga — BHMning 4 baravarigacha;
- xalqaro bosqichga — BHMning 40 baravarigacha yashash va transport xarajatlari qoplanadi.
Kontrakt to‘lovini qoplash shartlari
Kontrakt yordami Ijtimoiy reestrga kiritilgan oilaning 14–30 yoshdagi a’zosiga kunduzgi ta’lim uchun beriladi.
Quyidagi ta’lim shakllariga ushbu yordam ajratilmaydi:
- ikkinchi va undan keyingi mutaxassislik;
- masofaviy, sirtqi va kechki ta’lim;
- qo‘shma ta’lim dasturlari;
- tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt.
Muhim: yordamlarning katta qismi ijtimoiy shartnoma asosida beriladi. Shartnomada belgilangan o‘qish, volontyorlik, mutolaa, xorijiy til o‘rganish yoki boshqa majburiyatlar bajarilmasa, to‘lov kamaytirilishi yoxud to‘xtatilishi mumkin.
Murojaat qilish
Ariza:
- Davlat xizmatlari markazi;
- YaIDXP;
- Yoshlar yagona elektron platformasi orqali beriladi.
Murojaat yoshlar etakchisi va «mahalla ettiligi» tomonidan belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi.