Huquqiy maslahat - bepul,tezkor, hammaga!

  • 31813 marta o'qildi

Tibbiy-ijtimoiy yordam

Nogironligi bo‘lgan bolalar davlat tomonidan kafolatlangan tibbiy va ijtimoiy xizmatlardan foydalanish huquqiga ega.

Yordam quyidagilarni qamrab olishi mumkin:

  • profilaktika va tibbiy ko‘rik;
  • tashxis qo‘yish va davolash;
  • tibbiy, ijtimoiy, pedagogik va psixologik reabilitatsiya;
  • abilitatsiya;
  • protez-ortopediya moslamalari;
  • eshitish, ko‘rish va harakatlanishga yordam beruvchi vositalar;
  • uyda parvarishlash va ijtimoiy xizmatlar;
  • qonunchilikda belgilangan pensiya, nafaqa va boshqa to‘lovlar.

Nogironligi bo‘lgan bolaga xizmat ko‘rsatishda kamsitishga yo‘l qo‘yilmaydi. Xizmatlar bolaning yoshi, sog‘lig‘i, individual ehtiyoji va eng ustun manfaatlarini hisobga olgan holda ko‘rsatilishi kerak.

Reabilitatsiya va abilitatsiya

Reabilitatsiya — bolaning buzilgan yoki yo‘qolgan funktsiyalarini saqlash, tiklash va uning mustaqil hayot kechirishiga ko‘maklashishga qaratilgan choralar majmui.

Abilitatsiya esa tug‘ma yoki rivojlanmagan funktsiyalarni shakllantirish, bolaning jamiyat hayotiga moslashishiga yordam berishga qaratilgan tibbiy, ijtimoiy, pedagogik va psixologik tadbirlarni qamrab oladi.

Reabilitatsiya va abilitatsiya xizmatlari bolaning yakka tartibdagi dasturi va tibbiy ko‘rsatmalar asosida tashkil etiladi.

Reabilitatsiya vositalarini olish

Protez moslamasi yoki reabilitatsiya vositasiga ehtiyoj tegishli tibbiy xulosa asosida belgilanadi. Tizimda zarur ma’lumotlar mavjud bo‘lsa, bola yoki uning qonuniy vakili uchun «Ijtimoiy himoya» axborot tizimida vaucher shakllantiriladi.

Vaucher shakllangani haqida telefon raqamiga SMS-xabar yuboriladi. Qonuniy vakil vaucherga muvofiq vositani elektron savdo platformasi yoki belgilangan elektron savdo maydonchasi orqali tanlaydi.

Agar tanlangan mahsulot narxi vaucher qiymatidan yuqori bo‘lsa, narxlar o‘rtasidagi farq qonuniy vakil tomonidan to‘lanadi.

Protez moslamasi yoki reabilitatsiya vositasi texnik pasport va o‘zbek hamda rus tillaridagi foydalanish yo‘riqnomasi bilan topshirilishi shart.

Xizmatni olishda muammo yuzaga kelsa, yashash joyidagi «Inson» ijtimoiy xizmatlar markaziga, Ijtimoiy himoya milliy agentligiga yoki sudga murojaat qilish mumkin.

Chat